Mamlakatimizning strategik rejalashtirish tizimini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lmish “Strategik rejalashtirish tizimini joriy etishga doir dastlabki chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi (SIA) tomonidan Germaniyaning Federal Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot Vazirligi (BMZ) topshirig‘iga binoan GIZ (Germaniya Xalqaro Hamkorlik Jamiyati) tomonidan amalga oshirilayotgan “Samarali davlat boshqaruvi” dastur ko‘magida tashkil etildi. Seminarda 35 dan ortiq strategik rejalashtirish yo‘nalishi mutaxassislari, jumladan, 20 dan ortiq vazirlik va idoralar vakillari, shuningdek, xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Strategik rejalashtirish davlat miqyosidagi maqsadlarga erishishning muhim elementlaridan biri hisoblanadi. So‘nggi 10 yil davomida dunyoning ko‘plab mamlakatlarida davlat boshqaruvini strategik rejalashtirish tizimi keng joriy etilgan.
Strategik islohotlar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov tadbirdagi nutqida ushbu farmon O‘zbekistonning istiqboldagi taraqqiyoti uchun zamin yaratishini, strategik rejalashtirish tizimining samarali tizimini yaratishini qayd etdi.
GIZning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori janob Yoaxim Frits O‘zbekistonning strategik rejalashtirish amaliyotini xalqaro standartlarga moslashtiradigan ushbu farmon muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi. Shuningdek Y.Frits Germaniya hamkorligi ushbu muhim yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Tadbir davomida yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan farmonning fundamental bosqichlari har tomonlama tahlil qilindi. Seminarning asosiy qismi strategik rejalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish, muvofiqlashtirish va amalga oshirilishini monitoring qilish metodologiyasiga bag‘ishlandi. Xalqaro ekspertlar strategik tashabbuslar muvaffaqiyatli amalga oshirilishini ta’minlash uchun tizimli monitoring va baholash muhimligini ta’kidladilar.
Ushbu seminar SIA va strategik islohotlar bo’yicha xorijiy ekspert Zorka Kordich o’rtasidagi GIZ ko‘magida amalga oshirilayotgan deyarli bir yillik hamkorlikning davomi hisoblanadi. Ushbu davr davomida Z.Kordich Oʻzbekiston strategik rejalashtirish tizimidagi dolzarb muammolarni tahlil qilib, rejalashtirish bo‘yicha yagona yondashuvni oʻrnatishga qaratilgan qadamlar, strategiyalarni ishlab chiqish va davlat siyosati samaradorligini monitoring qilishning sifat mezonlariga doir tavsiyalar berdi.
“Strategik rejalashtirish tizimini joriy etishga doir dastlabki chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon loyihasi O‘zbekistonda strategik rejalashtirish tizimini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.