Strategik islohotlar agentligi xodimlari joyiga chiqqan holda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining salohiyati va qo‘shimcha iqtisodiy “o‘sish nuqtalarini” o‘rgandi va tegishli takliflar ishlab chiqdi.
Nota bene: Bo‘stonliq tumani 2-toifaga kiradi; tumanning umumiy maydoni – 4,93 ming km2; doimiy aholi soni – 176,7 ming nafardan iborat. Bo‘stonliqda 59 ta mahalla mavjud.
Tuman hokimligi bilan birgalikda amalga oshirilgan o‘rganishlar davomida Bo‘stonliqda jami 128,18 ga (yaylov, toshloq va boshqalar) yer maydonida 2024-2027-yillar davomida umumiy qiymati 1 trln 226 mlrd so‘mlik 3 169 ta loyihalar amalga oshirilishi natijasida jami 5-6 ming nafardan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratish hamda byudjetga qo‘shimcha 17,9 mlrd so‘mlik tushum ta’minlash imkoni mavjudligi aniqlandi.
Jumladan, tumandagi “Dumaloq” mahallasi hududida yo‘l bo‘yida 30 ga yer maydonida zamonaviy yirik bozor kompleksi tashkil etish imkoniyati tayyorlanmoqda. Xitoy va Germaniyalik kompaniyalar hamkorligida qiymati 60 mln dollar bo‘lgan “Yirik savdo kompleksi va ko‘ngilochar maskan tashkil qilish” loyihasini amalga oshirish taklifi ishlab chiqildi.
Ushbu loyihani 2025-2027-yillarda ishga tushirish orqali 2-7 ming nafar yangi ish o‘rinlari yaratiladi, 3 mingdan ziyod xizmat ko‘rsatish obyektlari tashkil etiladi, byudjetga qo‘shimcha 10 mlrd so‘m mablag‘ tushirilishiga imkon yaratiladi.
“Bog‘chaovul” mahallasi hududida joylashgan “Tovoqsoy sharsharalari”ga sayyohlar tashrifi vaqti may-sentyabr oylariga to‘g‘ri keladi va ushbu davr davomida turistlar oqimi ortadi (2023-yilda mazkur maskanga 12 ming kishi tashrif buyurgan). Ammo ushbu turistik maskanga olib boruvchi yo‘l yaylov yerlaridan iborat bo‘lib, hududda xizmat ko‘rsatish obyektlari mavjud emas.
Hududning turistik salohiyatini yanada oshirish maqsadida, “Bog‘chaovul” MFY hududidagi tuman zaxirasida bo‘lgan 3,85 ga yaylov yer maydoni toifasini o‘zgartirish bo‘yicha Hukumat qarorini qabul qilish, yer maydonlarini xizmat ko‘rsatish obyektlarini (umumiy ovqatlanish, savdo nuqtalari, piknik zonalar, kapsulali mehmonxonalar va b.) tashkil etish uchun auksion savdolariga chiqarish choralarini ko‘rish taklifi ishlab chiqildi.
Buning natijasida qiymati 7,5 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan 30 dan ziyod xizmat ko‘rsatish obyektlari tashkil qilinadi, 100 nafar yangi ish o‘rinlari yaratiladi va byudjetga qo‘shimcha 1,1 mlrd so‘mlik tushum ta’minlanadi.
Tumandagi “Qo‘shqo‘rg‘on” MFY hududida joylashgan 1,5 ga yer maydonidan samarali foydalanish va qo‘shimcha qiymat yaratish maqsadida suv ishlab chiqarish korxonasi tashkil qilish imkoniyati mavjud.
“Qo‘shqo‘rg‘on” MFYdagi tegishli yer maydonini auksionga chiqarib, hududda qiymati 18,7 mlrd so‘mlik turli ichimliklar ishlab chiqarishga doir loyihani amalga oshirish taklifi ilgari surilmoqda.
Sanoat yo‘nalishida yirik korxona tashkil qilinishi natijasida 150 nafardan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi va byudjetga 1,1 mlrd so‘mdan ortiq qo‘shimcha tushum manbai yaratiladi.
Strategik islohotlar agentligi va tuman hokimligi tomonidan tayyorlangan barcha tashabbuslarni amalga oshirishga doir “Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida iqtisodiy o‘sishni jadal rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqildi.