Jahon turizm bozoridagi kuchli raqobat sharoitida O‘zbekistonga xorijiy turistlarni keng jalb qilish, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish, turizm namoyishi obyektlaridan samarali foydalangan holda hududlarni o‘zaro bog‘lovchi turizm xizmatlarini yanada kengaytirish, sohada yangi ish o‘rinlarini yaratish, shuningdek, respublika turizm salohiyatini xorijiy mamlakatlarda manzilli targ‘ib qilish maqsadida “Sviftonomika” – taniqli xorijiy estrada yulduzlarining konsertlarini mamlakatimizda keng ko‘lamda tashkil etish va amalga oshirish masalasi o‘rganib chiqildi.
Nota bene: Sviftonomika – bu amerikalik musiqachi Teylor Svift konsertlarining iqtisodiyotga bo‘lgan ta’sirini anglatadi. 2023 yilda Svift o‘zining “The Eras Tour” gastrol turlarini dunyo bo‘ylab amalga oshirdi, bu esa eng ko‘p daromad keltirgan turga aylandi va shu paytgacha yalpi qiymati 1 mlrd dollardan oshdi va iqtisodiy ta’siri 5 mlrd dollarga baholandi. Misolan, “Bloomberg” axborot agentligining tadqiqotiga ko‘ra, “The Eras Tour” ishtirokchisi uchun o‘rtacha xarajatlar 1 327,74 dollarni tashkil qilgan.
Singapur Madaniyat vazirligi va Turizm Kengashi vakillari joriy yilda 2 martdan 9 martgacha AQSH estradasining yorqin yulduzi Teylor Sviftni konsert dasturi taklif qilishgan. Bu esa, o‘z navbatida, Singapur iqtisodiyotiga, ayniqsa mehmonxona va xizmat ko‘rsatish, chakana savdo, sayohat va restoranlar kabi biznes faoliyatiga 300-400 mln dollar foyda keltirgan.
Natijada, Teylor Sviftning “The Eras” konsert gastroli so‘nggi olti chorakda Singapur iqtisodiyotining eng tez o‘sish sur’atlarining omillaridan biri bo‘ldi.
Joriy yilning may oyida taniqli jahon estrada yulduzi Madonna o‘z konsert dasturini Braziliyaning Kopakabana shahrida amalga oshirdi. Maxalliy hokimiyat hisobotiga ko‘ra, konsert iqtisodiyotga 57 mln AQSH dollar olib keldi. Rio mehmonxonalar assotsiasiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Kopakabanadagi mehmonxonalar sig‘imi 98 foizga yetti.Butun Braziliya, Argentina va Fransiya davlatlaridan muxlislar hafta oxiri uchun Airbnb platformasidan foydalanishga majbur bo‘lishdi. Meriya bayonatida, Rio Halqaro aeroporti 1 maydan 6 maygacha 27 ta yo‘nalish bo‘yicha qo‘shimcha 170 ta reys tashkil etilgani takidlab o‘tildi.
Sviftonomika, ya’ni taniqli xorijiy estrada yulduzlarining konsertlarini O‘zbekistonda tashkil etish istiqbolli imkoniyatlaridan kelib chiqib, Strategik islohotlar agentligi tomonidan quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish taklifi ishlab chiqildi:
- Jahon estrada vakillarining gastrol dasturlari va safarlariga mamlakatimiz shaharlarini qo‘shish. Taniqli mediakonglgomerat kompaniyalar (The Walt Disney Company, Warner Bros., Discovery) bilan aloqa o‘rnatish.
- Sviftonomika uchun turistik maskanlarda shart-sharoitlar va konsert dasturlari uchun kerakli infratuzilmani yani yoritish chiroqlari, transport, ochiq maydon va yuqori aniqligdagi kameralar va boshqa maxsus uskunalar bilan jixozlash.
- Konsert bo‘lib o‘tadigan joylarda xafsizlik choralarini ko‘rish, yong‘in xafsizligi qoidalari va favqulaotda evakuatsiya yo‘llarini muhlislarga tushuntirish ishlarini yuqori darajada tashkil qilish
- Konsert va festivallar chiptalarini xorijiy platformalarga (Viagogo, Ticombo, Ticketmaster) doimiy ravishda joylab borish.
- Rejalashtirilgan konsert dasturlarini keng ko‘llamda xorijiy OAV va ijtimoiy tarmoqlarda yoritib borish.
- Turistlar uchun qushimcha aviaqatnovlar va charter reyslar tashkil etish. Shu bilan birga, konsert ishtirokchilari uchun transport vositalar ajratib berish.