Strategik islohotlar agentligi xodimlari Toshkent viloyatida olib borilgan tahlillar davomida Angren shahrining salohiyati va qo‘shimcha iqtisodiy “o‘sish nuqtalarini” joyiga chiqqan holda o‘rgandilar.
O‘rganishlar davomida asosan sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalariga e’tibor qaratilib, tuman hokimligi bilan birga tegishli takliflar ishlab chiqildi.
Nota bene: Angren shahri 2-toifaga kiradi; shaharning umumiy maydoni – 168,5 km2; doimiy aholi soni – 182,5 ming nafardan iborat. Angrenda 46 ta mahalla mavjud. Shahar byudjeti daromadlari miqdori – 129 mlrd so‘m, xarajatlari miqdori esa 220,3 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Bugungi kunda shahardagi “Angren” erkin iqtisodiy zonasining “Gulbog‘” mahallasi hududida jami qiymati 36 mln dollar bo‘lgan qo‘shimcha 4 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur hududda investitsiya dasturiga kiritilgan va ishga tushirilgan qo‘shimcha loyihalar hisobiga hududda joylashgan 110/10 kV “ARK” nimstansiyadagi 16 ming kValik kuch transformatorini 2 ta 25 ming kVa quvvatiga ega transformatoriga almashtirish zaruriyati mavjud.
Shu munosabat bilan, erkin iqtisodiy zonasining “Angren-1” blokida “GPP” podstansiyasining quvvatini oshirish uchun mavjud transformatorlarni 25×2 MVt quvvatli transformatorlarga almashtirish taklifi ishlab chiqildi.
Buning natijasida “Angren” erkin iqtisodiy zonasida qurilish materiallari, metallurgiya, kimyo va un mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar to‘liq quvvatga chiqishiga erishiladi, qo‘shimcha 500 nafar ish o‘rni tashkil etilishi va byudjetga yillik qo‘shimcha 4,8 mlrd so‘m tushishi ta’minlanadi.
Shahardagi turistik salohiyati yuqori bo‘lgan, “Yangiobod” mahallasi hududidagi Ohangaron davlat o‘rmon xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan jami 32 ga yer maydoni bo‘sh turganligi aniqlandi.
Ushbu mahallada turizm klasterini (zamonaviy mehmonxona, umumiy ovqatlanish punktlari, osma dor yo‘li, tog‘-chang‘i va snoubord kurorti, fristayl va tramplindan sakrash) tashkil etish uchun Ohangaron davlat o‘rmon xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan 32 ga yer maydoni toifasiga o‘zgartirish kiritish taklifi ishlab chiqildi.
Investorlar tomonidan turizm klasteriga 70 mln dollarlik to‘g‘ridan to‘g‘ri invectitsiyalarni kiritish tashabbusi bildirilgan.
Buning natijasida 50 ta yangi ishchi o‘rni tashkil etilib, 196 ming nafarlik turistlar oqimiga xizmat ko‘rsatiladigan sharoit hamda byudjetga yillik qo‘shimcha 1,2 mlrd so‘m daromad tushishi ta’minlanadi.
Bugungi kunda konservatsiya holatidagi “Shaxtyorlar” shifoxona kompleksi (3,1 gektar maydonda joylashgan), Patalogiya anatomiya bo‘limi binosi (0,7 ga), Yuqumli kasalliklar shifoxonasi (4 ga), “O‘zbekko‘mir” AJga tegishli Davolash-profilaktika muassasasi (6 ga) binolari 10-yildan buyon bo‘sh turibdi va ulardan foydalanmasdan kelinmoqda.
Ishchi guruh tomonidan “Shaxterlar” shifoxona kompleksi, Yuqumli kasalliklar shifoxonasi, Davolash-profilaktika muassasasi va Patalogiya anatomiya bo‘limi binolarini o‘z faoliyati bo‘yicha samarali foydalanish uchun davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyatni tashkillashtirish taklifi ishlab chiqildi.
Natijada aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati oshiradi, qo‘shimcha 180 dan oshiq ish o‘rinlari yaratiladi hamda byudjetga o‘rtacha qo‘shimcha 1,2 mlrd so‘mlik tushum ta’minlanadi.
Tayyorlangan barcha tashabbuslarni amalga oshirishga doir Strategik islohotlar agentligi va tuman hokimligi tomonidan “Toshkent viloyati Angren shahrida iqtisodiy o‘sishni jadal rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqildi.