Strategik islohotlar agentligi xodimlari Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida bo‘lib, tumanning salohiyatini o‘rganish bilan birga iqtisodiy “o‘sish nuqtalari”ni aniqlagan holda tuman hokimligi bilan birgalikda hududni rivojlantirishga doir takliflar ishlab chiqdi.
Yozyovon tumani 5-toifaga kiradi; tumanning umumiy maydoni – 407 km2ni; tumandagi doimiy aholi soni – 120,2 ming nafar. Yozyovonda 33 ta mahalla mavjud. Tuman byudjeti daromadlari miqdori – 54,8 mlrd so‘m, xarajatlari miqdori esa 106,8 mlrd so‘m tashkil etadi.
Yozyovon tumani “Qoratepa” mahallasi hududida hozirda foydalanilmay turgan 5,17 gektar maydonda joylashgan Quva paxta zavodiga qarashli bo‘lgan paxtani qabul qilish punkti hududida yangi kichik sanoat zonasi tashkil etish taklifi tayyorlandi.
Ushbu sanoat zonasida 40 dan ortiq kichik va o‘rta ishlab chiqarish korxonalarni joylashtirilib, qiymati 96 mlrd so‘mlik jami 35 ta loyihalar amalga oshiriladi, natijada dastlabki yilda 32 mlrd so‘mlik qo‘shimcha sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi, 1,4 mlrd so‘m byudjetga tushum bo‘ladi va 1000 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Tumandagi 72 ta paxta-g‘allachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklarining bo‘sh yer maydonlarida kamida 50-100 boshga mo‘ljallangan chorvachilik komplekslarini tashkil etib, naslli qoramol boqishni yo‘lga qo‘yish imkoniyati mavjud.
Ammo fyermer xo‘jaliklariga biriktirilgan yerlarda chorvachilik komplekslarini tashkil qilish maqsadida yengil konstruksiya qurish uchun ruxsat mavjud emas.
Tayyorlangan taklifga ko‘ra ushbu fermer xo‘jaliklari ekin yeridan tashqari maydonlardan kichik fermalar qurish uchun 20 sotix yer maydoni ajratishga ruxsat berish nazarda tutilmoqda.
Buning natijasida 200 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Tumanga yangi 2000 dan ortiq qoramollar kirib kelishi ta’minlanib yillik 200 tonna go‘sht yetishtiriladi va byudjetga qo‘shimcha 1,5 mlrd so‘m mablag‘lar yo‘naltirilishga erishiladi.
Tumandagi “Soyyoni” mahallasida yashovchi tadbirkor tomonidan “Yozyovon agro asalarichilik klasteri” MCHJ xamda asalarichilik maktabi tashkil etilgan. Bugungi kunda ushbu klaster faoliyatini kengaytirishga ehtiyoj mavjud. Ushbu tadbirkorda hozirda 100 ta quti 250 ta oila asalari mavjud bo‘lib, yiliga o‘rtacha 1200 kg atrofida asal yetishtiradi. Tadbirkor ushbu yo‘nalish bo‘yicha tumanda o‘nlab shogirtlar yetishtirib chiqargan. Ammo bo‘sh joy bo‘lmaganligi sababli ushbu faoliyat bilan faqat yashash xonadonida shug‘ullanib keladi. Shu sababli faoliyatini kengaytirish imkoniyati cheklanib qolmoqda.
Shu bilan birga tumanda asalarichilik bilan shug‘ullanuvchi fuqarolarda 2000 dan ortiq qutida 4500 dan ortiq asalari oilalari mavjud bo‘lib, yiliga jami 12000 kg asal yetishtiriladi.
Mazkur holat bo‘yicha ishlab chiqilgan taklifga ko‘ra, “Yozyovon agro asalarichilik klasteri” MCHJ faoliyatini kengaytirish maqsadida tumandagi cho‘l hududidan o‘zlashtirilmagan yoki aylanmadan chiqib ketgan yerlardan 20 gektar maydonni 30-yil muddatga ijara shartnomasi orqali ajratish nazarda tutilmoqda. Tadbirkor o‘z navbatida mazkur yer maydonini o‘zlashtirib 3000 tup pavloniya ko‘chatlari ekish hamda ushbu hududda asalari boqish tashabbusini ilgari surmoqda.
Tayyorlangan takliflar amalga oshirilgan taqdirda, tumanda xizmat ko‘rsatish sohasida qo‘shimcha 20 dan oshiq ish o‘rni yaratiladi.
Shuningdek, Yozyovon tumanidagi “Yoshlik” va “Qorasaqol” mahallalarida hududida 860 dan ortiq 7-17 yosh oralig‘idagi bolalar istiqomat qiladi. Biroq bu yerda umumiy o‘rta ta’lim maktabi mavjud emas.
Bunday holat o‘quvchilarni 4-5 kilometr uzoqlikdagi qo‘shni mahallalarda joylashgan 1, 13, 14, 15 va 39-sonli umumta’lim maktablariga qatnab ta’lim olishiga sabab bo‘lmoqda.
Mazkur masalaga yechim sifatida tayyorlangan taklifda ushbu hududda hozirgi kunda foydalanilmay turgan va auksion savdolariga chiqarilgan mineral o‘g‘itlar saqlash omborini tuman hokimligi tasarrufiga o‘tkazib, o‘rnida maktab qurilishiga ruxsat berish nazarda tutilmoqda.
Tayyorlangan barcha tashabbuslarni amalga oshirishga doir Strategik islohotlar agentligi va tuman hokimligi tomonidan “Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida iqtisodiy o‘sishni jadal rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqildi.