Strategik islohotlar agentligi butun dunyoda ommalashayotgan yangi biznes yo‘nalishlarini mamlakatimizga jalb qilish imkoniyatini o‘rganib chiqib, takliflarni shakllantirdi.
So‘nggi yillarda butun dunyoda yangi biznes yo‘nalishlarining jadal sur’atlar bilan rivojlanish tendensiyasi kuzatilmoqda. Jumladan, elektron tijorat bozori 2026 yilga borib 8,1 trln dollarga yetishi kutilmoqda, bunda o‘sish sur’ati yiliga 20 foizdan yuqori ko‘rsatkichni namoyon qiladi.
2023 yilda global shering iqtisodiyot (sharing economy) bozori 3,35 trln dollardan oshdi. Bu tendensiya carsharing va velosharing kabi sohalarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Masalan, Didi Chuxing, Xitoyning transport platformasi butun dunyo bo‘ylab 550 mlndan ortiq faol foydalanuvchilarga ega.
Talab bo‘yicha xizmatlar bozori 2027 yilga kelib 4,5 trln dollarga yetishi kutilmoqda. Xitoydagi Meituan kabi platformalar oziq-ovqat yetkazib berish kabi turli xizmatlar uchun kuniga 40 mlndan ortiq buyurtmalarni qabul qiladi;
Mamlakatimizda quyidagi biznes yo‘nalishlarini rivojlantirish imkoniyati mavjud:
a) qisqa muddatli avtomobil ijarasi (carsharing) – qisqa muddatli avtomobil ijarasi yoki avtoulovni ijaraga olish xizmatlari. Platforma foydalanuvchilarga faqat ijara muddati uchun to‘lash imkonini beradi.
Nota bene: Carsharing Moskva va Sankt–Peterburgda tez rivojlanayotgan transport xizmati hisoblanadi. Yandex Drive kabi yirik kompaniyalarda 15 000 dan ortiq avtomobillar va 1 mln kishidan ortiq foydalanuvchi bazasiga ega. YouDrive da harakat paytida daqiqasiga 8 rubldan va to‘xtab turish vaqti uchun daqiqasiga 2,5 rubldan boshlanadigan tariflar mavjud.
b) qisqa muddatli velosiped ijarasi (Veloshering)- avtotransport vositalaridan ortiqcha foydalanishni kamaytirish orqali atmosferaga karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirishga yordam beradi.
Nota bene: Santander Cycles dunyoning 60 shahrida 80 000 dan ortiq velosipedlarga ega. 2019 yilda kompaniya Londonning o‘zida 10,2 mlndan ortiq ijarachilarni jalb qilgan. Parijdagi Velib 20 000 dan ortiq velosipedlarga ega hamda yiliga 33 mlndan ortiq ijaralarga xizmat ko‘rsatadi.
d) qo‘lda tayyorlangan buyumlar platformasi– hunarmandlarni mahalliy va xalqaro mijozlar bilan bog‘laydigan, an’anaviy hunarmandchilikning namunalarini taklif qiluvchi va madaniy merosni targ‘ib qiluvchi onlayn platforma.
Nota bene: Hindistonda Etsy, qo‘lda ishlangan mahsulotlarning bozori hisoblanadi. Platforma 96 mlndan ortiq faol xaridorlarga ega. Qirg‘izistonda, Taza Bazaar qirg‘iz hunarmandchiligini namoyish qiluvchi va mahalliy hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlovchi onlayn platforma hisoblanadi.
e) talab bo‘yicha uy xizmatlari – mavjud xizmatlarni tozalash, ta’mirlash, uy hayvonlarini parvarish qilish va bolalarni parvarish qilish kabi vazifalarni o‘z ichiga olgan holda kengaytirish, bunday xizmatlar uy xo‘jaliklari uchun qulaylik va moslashuvchanlikni taklif qiladi.
Nota bene: Handy, AQSHning uy xizmatlari platformasi, 1 mlndan ortiq xizmat ko‘rsatuvchi provayderlarga ega. Urban Company, Hindistonning talab bo‘yicha uy xizmatlari platformasi, 3,5 mlndan ortiq faol foydalanuvchilarga ega.
f) Ko‘chma mobil-klinikalar olis hududlardagi aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan ko‘chma tibbiy muassasadir. Ushbu klinikalar odatda avtobuslar, furgonlar yoki treylerlar kabi maxsus jihozlangan transport vositalarida joylashgan bo‘lib, keng ko‘lamli tibbiy xizmatlarni taklif qilishi mumkin.
Nota bene: “Mobile Medic” Hindistondagi qishloq hududlarida asosiy tibbiy xizmatlarni ko‘rsatadigan ko‘chma klinika. Tibbiy reestr olib borish va bemorlarning ahvolini kuzatish uchun raqamli texnologiyalardan foydalanadi. “Africa Health Wagon” Nigeriyaning chekka hududlarida tibbiy yordam ko‘rsatadigan mobil klinika bo‘lib, u yuqumli kasalliklarni tashxislash va davolashga qaratilgan.
g) milliy media–platforma – filmlar, teleseriallar va boshqa media mahsulotlarini tomosha qilish va ijodkorlar uchun platformada o‘z ijodlarini monetizatsiya qilish imkonini beruvchi xizmat turi
Nota bene: Turkiya AQSHdan tashqari barcha davlatlarni ortda qoldirib, dunyodagi ikkinchi yirik teleserial eksportchisiga aylangan. 2022 yilda teleserial eksportidan daromad 600 mln dollardan oshgan. Mashhur seriallarda har epizod uchun xalqaro translyatsiya huquqi 400 000 dollarni tashkil etadi. Turk dramalari 150 dan ortiq mamlakatlarda, xususan Lotin Amerikasi, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoda tomoshabinlarni o‘ziga rom etmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, yangi biznes yo‘nalishlarini mamlakatimizda rivojlantirish uchun quyidagi takliflar ishlab chiqildi:
- Yangi biznes-yo‘nalishlarini mamlakatimizda amalga oshirishning qonunchilik asoslarini qayta ko‘rib chiqish.
- Yangi biznes-yo’nalishlarini pilot tariqasida turli xil shaharlarda joriy qilish.
- Mamlakatimizdagi tadbirkorlarni dunyoda yuqori sur’atlarda rivojlanayotgan biznes-yo‘nalishlar haqida xabardor qilish va yangi bizneslarni boshlash bo‘yicha konsultatsiya berish mexanizmini ishlab chiqish.
- Tashkilotlar va ijarachilar o‘rtasida mulkiy huquqlarni himoya qilishning huquqiy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha aniq ma’lumot va takliflar ishlab chiqib, soliq to‘lovchilar (mulkdor va mijoz) manfaatlaridan kelib chiqqan holda barqaror va samarali soliq tizimini yaratish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish.
- Veloshering xizmatlari uchun shaharda zamonaviy infratuzilma, ya’ni velosipedda sayohat qilish imkonini beruvchi to‘siqsiz va xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha Prezident Qarori loyihasini ishlab chiqish.
- Respublika hududida faoliyat yuritayotgan innovatsion bizneslar, jumladan shering-iqtisodiyot, kreativ iqtisodiyot, raqamli iqtisodiyot va boshqa turdagi biznes subyektlarining reestr-reytingini tuzib chiqish va doimiy ravishda iqtisodiyotdagi ulushini sarhisobini yuritib borish.
- Zamonaviy biznes-startaplar uchun moliyaviy qo‘llab-quvvatlash dasturi va innovatsion biznes g‘oyalar uchun rag‘batlantirish dasturlarini keng jalb qilgan holda tizimli chora-tadbirlar rejasini va Prezident Qarori loyihasini tayyorlash.
- Shering-iqtisodiyotni rivojlantirishning 2030 yilgacha strategiyasini ishlab chiqish.
- Innovatsion biznes ishtirokchilari, mijoz va tadbirkorlarni bog‘laydigan aloqa tizimini yo‘lga qo‘yuvchi platforma ishlab chiqish.