Yaqinda Strategik islohotlar agentligida McKinsey&Company vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda McKinsey&Company kompaniyasining katta hamkorlari Gassan Al-Kibsi, Sinan Koksoy, McKinsey kompaniyasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi rahbari Dulatbek Ikboyev, O‘zbekistondagi vakolatxonasi bosh direktori Rustam Shanazarov va har ikki tashkilotdan boshqa vakillar ishtirok etdi.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, McKinsey&Company bilan transport infratuzilmasini rivojlantirish, investitsiya muhitini yaxshilash va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilish ustuvor qadamlarni belgilashga yordam beradi.
Gassan Al-Kibsi McKinsey&Company kompaniyasi Strategik islohotlar agentligi bilan hamkorlik qilishdan va O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashdan mamnun ekanini ta’kidladi. Shuningdek, McKinsey&Company tajribasi barqaror iqtisodiy o‘sish uchun sharoit yaratishga yordam berishi ta’kidlandi. Sinan Koksoy, o‘z navbatida, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishda klasterli yondashuv e’tibor qaratilayotgan asosiy yo‘nalishlardan biri ekanligini qo‘shimcha qildi.
Bundan tashqari, uchrashuv davomida milliy transport va tranzit strategiyasi, “Aeroportlarni rivojlantirish konsepsiyasi”ni yangilash, kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish hamda eksport salohiyatini oshirishda klaster yondashuvini qo‘llash, Oʻzbekistonning turizm salohiyatini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv strategik tashabbuslarni amalga oshirish, SIA va McKinsey&Company o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqildi.