Strategik islohotlar agentligi tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi vakolatlarini kuchaytirish, mahalliy boshqaruvning samarali va sifatli faoliyat yurituvchi tizimini joriy qilish masalalari o‘rganilmoqda.
O‘rganish davomida mahalliy hokimliklar faoliyati samaradorligiga salbiy ta’sir etuvchi bir qator omillar mavjudligi aniqlandi. Ular orasida quyidagi asosiy omillarni keltirish mumkin:
1) “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonun 1993-yilda qabul qilinib, bugungi kunda talablariga javob bermaydi. Hokimning faqatgina vakolatlari umumiy ko‘rinishda Qonunning bitta moddasida belgilangan.
Shuningdek, Qonunda quyidagi asosiy masalalar belgilanmagan:
– hokimlarni lavozimidan ozod etishning aniq asoslari;
– hokim o‘rinbosarlarining aniq vazifa va funksiyalari;
– hokimlar faoliyati samaradorligi mezonlari va ularni baholash mexanizmlari;
– “E-qaror” elektron tizimi orqali qarorlar va boshqa turdagi hujjatlarni qabul qilishga oid qoidalar;
– mahalliy ijro va vakillik organlari faoliyatining ochiqligiga oid talablar.
2) mahalliy hokimliklar, vazirlik va idoralar hamda ularning hududiy bo‘linmalari javobgarlik sohalarining aniq chegarasi mavjud emas.
Misol uchun, tegishli hududda atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida davlat ekologik nazoratini amalga oshirish bir vaqtning o‘zida mahalliy hokimliklar va Ekologiya vazirligiga yuklatilgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishda hokimlik va Ekologiya vazirligi nimalarga mas’ulligi
va javobgar ekanligi aniq belgilanmgan;
3) mahalliy hokimliklarga yuklatilgan vazifa va funksiyalar “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonuni bilan bir qatorda
100 dan ziyod qonunchilik hujjatlarida o‘z aksini topgan.
Hokimliklarga 300 dan ortiq funksiyalar yuklatilgan bo‘lib, shundan muayyan qismi takrorlanuvchi funksiyalardir, ular bir vaqtning o‘zida boshqa davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Misol uchun, mahalliy hokimliklarning vakolatlaridan biri sifatida yer tuzishni, yerlarning monitoringini va davlat yer kadastri yuritilishini tashkil etish belgilangan.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida davlat yer kadastri yuritilishini tashkil etish hamda davlat kadastrlarini yuritish tartiblariga rioya qilinishini ta’minlashga qaratilgan davlat kadastr nazoratini amalga oshirish Kadastr agentligiga yuklatilgan;
– mahalliy hokimliklarda hududlarni o‘rta va uzoq muddatga mo‘ljallangan rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish, mavjud resurs
va zaxiralardan samarali foydalanish, “o‘sish drayverlari”ni aniqlash bo‘yicha zarur ko‘nikmalar yetishmaydi.
O‘z navbatida, rivojlangan davlatlarda mazkur konsepsiyalar qatoriga kirgan “New public management” (yangi davlat boshqaruvi), “Good governance” (samarali boshqaruv), “Smart government” (aqlli hukumat) va “Open government” (ochiq hukumat) konsepsiyalar asosida mahalliy boshqaruv tizimini isloh qilinishi natijasida ish samaradorligi oshgan va boshqaruv jarayonlari maqbullashtirilgan.
– hokimliklar tashkiliy tuzilmalarini hamda shtat birliklarini shakllantirishda iqtisodiy ko‘rsatkichlari, aholi soni, hududi kabi omillar inobatga olinmagan.
Masalan, 1,5 mln gektar maydonga ega Konimex tumani hokimligi shtat birligi 21 ta, 41 ming gektar maydonga ega Yangiyo‘l tumani hokimligi shtat birligi 31 ta belgilangan.
– oylik maoshlari past bo‘lganligi sababli yaxshi kadrlarni jalb qilish va tayyorlash,
Bundan tashqari, tuman (shahar) hokimliklari xodimlari o‘rtacha 3-4 mln so‘m oylik olishi sababli, salohiyatli mutaxassislar ishdan ketmoqda va kadrlar qo‘nimsizligi hamda mansab suiiste’moliga yo‘l qo‘yish holatlari kuzatilmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, hozirda Agentlik tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlari samaradorligini oshirish, mahalliy hokimliklarda ishlarni to‘g‘ri tashkil etish, ortiqcha va xos bo‘lmagan vazifa va funksiyalarni maqbullashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.