Strategik islohotlar agentligi tomonidan uchuvchisiz uchish qurilmalari bilan bog’liq jahon tajribasi o‘rganilib, ularni iqtisodiyot sektorlarida qo‘llashga doir takliflar ishlab chiqildi.
Qishloq xo‘jaligi – uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanishning eng samarali yo‘nalishlaridan biri hisoblanib (ekinlar holatini kuzatib borish, pestitsidlarni purkash, tuproq holatini, sug‘orish darajasini tahlil qilish, kasalliklarni aniqlash va h.k.) 2023 yilda jahon uchuvchisiz uchish qurilmalar bozorining 28 foizini tashkil qilgan.
Polshaning qishloq xo‘jaligida uchuvchisiz uchish qurilmalarini joriy qilishi sektor unumdorligini 5 foizgacha oshirdi, bu esa yillik qo‘shimcha 2,5 mlrd yevro foyda keltirdi.
Xitoyda 200 mingdan ortiq uchuvchisiz uchish qurilmalaridan 14,5 mln gektarga yaqin ekin maydonlarini ishlov berish uchun foydalaniladi. Mamlakatning 11 viloyatida o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, pestitsidlarni purkash uchun uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanish boshoqli ekinlarning har gektaridan sof daromadni 473 dollargacha oshirgan.
Rossiya qurilish sohasida faqat qazish bosqichida moliyaviy xarajatlar 30% ga kamaydi, loyihalarni yetkazib berishning umumiy muddati sezilarli qisqardi va buzilishlarni aniqlash xavfi ikki baravar kamaydi.
Ko‘priklar holatini tekshirishda uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanish Britaniyaning “Balfour Beatty” kompaniyasiga har bir obyekt uchun taxminan 10 ming dollarni, AQSh va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida esa shamol turbinalarini tekshirish xarajatlarini 50 foizga kamaytirish imkonini berdi.
Energetika sohasida uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanish operatsion samaradorlikni oshiradi, xavfsizlikni hamda nosozliklarning tezkor diagnostikasini ta’minlaydi, tekshirish vaqtini qisqartirish bilan birga xarajatlarini 50% ga kamaytiradi.
Fransiyada elektr uzatish liniyalarini uchuvchisiz uchish qurilmalar yordamida kuzatish yiliga qariyb 13 mln dollar tejash imkonini berdi.
Uchuvchisiz uchish qurilmalari yuk yetkazishda, geologiya-qidiruv ishlarida, atrof-muhitni nazorat va muhofaza qilish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etishda keng qo’llaniladi.
Uchuvchisiz uchish qurilmalarining 3D tasvirlarni yaratish va aerofotografiyadagi samaradorligi yuqoriligi sababli hatto bozori yopiq va yoki cheklangan mamlakatlarda ham qo’llaniladi.
Fuqarolik sektorida uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanishga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotganidan kelib chiqib, xorijiy davlatlarda tegishli qonunchilik bazasini takomillashtirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
AQSh, Xitoy, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Rossiya va Qozogʻistonda yuridik va jismoniy shaxslarga uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanishga ruxsat berilganligi mazkur sohaning faol rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Belarus, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg’iziston va boshqa mamlakatlarda uchuvchisiz uchish qurilmalarini olib kirish, ishlab chiqarish va ulardan foydalanish cheklangan va shunga mos ravishda mazkur sohani rivojlanishi sekin sur’atlar bilan davom etmoqda.
Uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanishning keng tarqalishi ularning parvozlari xavfsizligini ta’minlash zaruratini keltirib chiqardi, bu esa turli mamlakatlarda uchuvchisiz uchish qurilmalari harakatini boshqarish tizimlarini yaratilishi va joriy etilishiga olib keldi.
Jahon tajribasini hisobga olgan holda, O‘zbekiston iqtisodiyotining quyidagi tarmoqlarida uchuvchisiz uchish tizimlarini rivojlantirish va uchuvchisiz uchish apparatlarini qo‘llash zarurati mavjud:
1) qishloq xoʻjaligida ekinlar monitoringi, tuproq tahlili, yigʻim-terim muddatlarini, sugʻorish darajasini aniqlash, oʻsimliklarning holati va kasalliklarini aniqlash, oʻgʻitlar bilan ishlov berish, pestitsidlar purkash va sugʻorish samaradorligini oshirishda qo‘llash mumkin.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda ekin yerlari 4,5 mln gektar, yaylov yerlar esa 20 mln gektardan ortiq maydonni tashkil etadi. Shundan kelib chiqqan holda, mamlakatda purkagichli uchuvchisiz uchish qurilmalari bozorining hajmi taxminan 12,5 ming donaga yetish ehtimoli mavjud.
Rivojlanayotgan mamlakatlar tajribasini inobatga olgan holda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida uchuvchisiz uchish qurilmalari texnologiyalari va sun’iy intellektdan foydalanish yaqin 5 yilda YaIMning 2-5 foiz o‘sishini ta’minlashi mumkin, bu esa 1,8-4,5 mlrd dollarni tashkil etadi.
Uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanish evaziga vaqtni (3 baravar), suv resurslarini (20 foizgacha) va purkash vositalarini (pestitsidlarni 60 foizga) tejash, g’ildirakli transport vositalaridan ekinlarga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararni bartaraf etish (5 foizgacha), sug’orish va ekish ishlarini aniq bajarish hisobiga paxta va g’alla hosildorligi – 30% gacha, meva – 15% gacha, sholi – 25% gacha oshishi taxmin qilinmoqda.
2) yoqilg‘i-energetika sektorida uchuvchisiz uchish qurilmalari elektr uzatish liniyalari, quyosh elektr stansiyalari va quvurlarni, qurilish va ta’mirlash ishlarini monitoring qilishda, noqonuniy faoliyatni aniqlashda zarur bo‘ladi.
3) qurilish sohasida uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanish qurilishni rejalashtirish, monitoring va nazorat qilish jarayonlarini 10 foizgacha tezlashtiradi, topografik suratga olish, tekshirish va sifat nazorati jarayonlarini avtomatlashtirish hisobiga moliyaviy resurslarni 5 foizga tejaydi, shuningdek, qurilishda ishchilarning hayoti va sog’lig’i uchun yuzaga keladigan xavflarni 20% gacha minimallashtiradi.
4) tog’-kon sanoati va geologiyada uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanish ish joyining umumiy xaritasini tuzish, geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, topografik xaritalarni yaratish va yangilashda foydalaniladi.
Uchuvchisiz uchish qurilmalarini qo‘llash sohasini rivojlantirish, ulardan iqtisodiyot sektorlarida samarali foydalanish, shuningdek, havo hududida uchuvchisiz uchish qurilmalari xavfsizligini ta’minlash maqsadida Strategik islohotlar agentligi tomonidan tegishli idoralar bilan birgalikda ushbu sohadagi barcha masalalarni kompleks tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi tayyorlanmoqda.