Strategik islohotlar agentligi xodimlari poytaxt tumanlari hokimliklari vakillari bilan birgalikda Toshkent shahri tumanlarida iqtisodiy o‘sishning yangi imkoniyatlarini joylarga chiqqan holda o‘rganish ishlarini davom ettirmoqdalar.
Xususan, yaqinda poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumani salohiyati o‘rganilib, tumanni rivojlantirishga doir bir qancha istiqbolli yo‘nalishlar belgilab olindi.
Ma’lumki, Mirzo Ulug‘bek tumani asosan xizmat ko‘rsatish va sanoatga ixtisoslashgan bo‘lib, 2023-yilda xizmatlar hajmi – 19,4 trln so‘mni, sanoat mahsulotlari hajmi – 7,0 trln so‘mni tashkil etgan.
Olib borilgan o‘rganishlar davomida tumandagi “Navro‘z” dehqon bozoriga qarashli 5 ta shahobchadan, 976 kv metr maydonni egallagan 3 tasi samarali faoliyat ko‘rsatmayotganligi aniqlandi.
Ushbu shahobchalarda “Eko bozor” uslubida zamonaviy bozor hamda servis majmuasini tashkil etish orqali 70 ta yangi ish o‘rinlarini va aholi uchun yil davomida savdo qilish uchun qulay sharoit yaratish mumkin.
Shuningdek, “Turon” mahallasida joylashgan 1 300 kv metrlik maydonni egallab turgan avtotransport vositalarni vaqtinchalik saqlash jarima maydonchasi hamda Xumoyun va A.Yugnakiy ko‘chasida joylashgan “Doniyor” nomli 100 o‘rinli temir garajlar o‘rniga zamonaviy 5-qavatli avtoturargoh qurish taklifi ishlab chiqildi. Mazkur tashabbus hisobiga 32 ta savdo va xizmat ko‘rsatish do‘konlari, elektromobillarni quvvatlash stansiyalari, binoning tom qismida mini futbol maydonchasi tashkil qilinadi va kamida 150 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Bundan tashqari, tumanda joylashgan 2 ta kichik sanoat zonasi imkoniyatlarini to‘liq safarbar qilish masalasi o‘rganildi. Masalan, sobiq traktor zavodi maydonlarida tashkil qilingan “Mirzo Ulug‘bek” kichik sanoat zonasida 1,2 gektar bo‘sh yer maydonlari va foydalanilmay turgan 3 500 kv.m bino va inshootlarga tadbirkorlarni jalb qilish hisobiga qo‘shimcha 45 mlrd so‘m sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Strategik islohotlar agentligi va mahalliy hokimiyat vakillari tomonidan ishlab chiqilgan tashabbuslar Mirzo Ulug‘bek tumanini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, iqtisodiy o‘sish va yashash sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.