“Rossiya – imkoniyatlar mamlakati” notijorat tashkiloti tomonidan 2017 yildan buyon har yili istiqbolli rahbarlarni aniqlash, rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Rossiya liderlari” ochiq tanlovi o‘tkazib kelinadi.
2017–2023-yillardagi tanlovlarda Rossiya va 150 ga yaqin mamlakatlardan jami 1 milliondan ortiq shaxslar ishtirok etish istagini bildirgan.
Rossiya xalqlar do‘stligi universitetining o‘zbekistonlik talabasi Akobir Rajabov 2022-yilda tanlovda g‘olib deb topilgan.
2023-yildagi tanlovda Rossiyaning 32 ta hududiy birliklari va 3 ta xorijiy davlatlardan (BAA, Qozog‘iston, Estoniya) 106 nafar g‘olib aniqlangan.
Loyihani amalga oshirish uchun RF Prezidenti Administratsiyasi rahbari boshchiligidagi Davlat xizmati va boshqaruv kadrlari zaxirasi bo‘yicha komissiya – tashkilotchi hamda RF Prezidenti huzuridagi Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi (RANXiGS) – tanlov o‘tkazish bo‘yicha mas’ul ijrochi hisoblanadi.
Tanlovning adolatli, ochiq va shaffof o‘tkazilishi 19 a’zodan iborat Kuzatuv kengashi tomonidan nazorat qilinadi (tarkibga “Oliy iqtisod maktabi” rektori N.Anisimov, TASS direktori o‘rinbosari M.Gusman, Ermitaj direktori M.Piotrovskiy, professor L.Roshal, Soljenitsin nomidagi Rossiya xayriya jamg‘armasi prezidenti N.Soljenitsыna, Olimpiya chempioni V.Nemov va boshqa faollar kiritilgan).
Tanlov bilan bog‘liq sarf-xarajatlar Rossiya zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Tanlovda 55 yoshgacha bo‘lgan talabgorlar ishtirok etishi mumkin hamda ularning ko‘nikmalari 8 ta ko‘rsatkich bo‘yicha baholanadi:
a)yetakchiligi;
b) natijadorlikka yo‘nalganligi;
d) strategik fikrlashi;
e) jamoada ishlash qobiliyati;
f) aloqa o‘rnatish va ta’sir o‘tkazish qobiliyatlari;
g) o‘zgarishlarni amalga oshira olishi;
h) innovativligi;
i) jamoa oldida hisobdorligi hamda zamonaviy boshqaruvchi uchun zarur bo‘lgan boshqa kompetensiyalari.
Tanlov to‘rt bosqichda o‘tkaziladi:
1-bosqich – onlayn ro‘yxatdan o‘tish va videointervyu yuklash;
2-bosqich – onlayn test (og‘zaki va hisob ko‘nikmalari bo‘yicha);
3-bosqich – yarim final. Ushbu bosqichda ishtirokchilarning liderlik qobiliyatlari bilan bir qatorda, muzokaralar olib borish va jamoa ishini tashkil etish ko‘nikmalari baholanadigan vazifalar beriladi;
Musobaqa g‘oliblari 4-bosqich – finalda aniqlanadi.
Tanlov g‘oliblari quyidagilarga erishadi:
a)Rossiya Prezidentining Rahbar kadrlar zaxirasiga kiradi;
b)Rossiyaning Eng yaxshi menejerlari safiga qo‘shiladi;
v) 300 nafar final ishtirokchilariga bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun 1 mln rubldan sertifikat byeriladi;
d) chet el fuqarolari bo‘lgan tanlov g‘olibiga soddalashtirilgan tizim bo‘yicha Rossiya fuqaroligi beriladi.
Bugungi kunga qadar 470 dan ortiq tanlov g‘oliblari gubernator, mer, vazir o‘rinbosarlari, davlat kompaniyalari top-menejerlari, oliygohlar rektorlari va boshqa rahbar lavozimlariga tayinlandi.
Masalan, D.Artyuxov – Yamal-Nenes avtonom okrugi gubernatori, V.Orlov – Amur oblasti gubernatori, V.Xotsenko – Omsk oblasti gubernatori, P.Sorokin – energetika vazirining birinchi o‘rinbosari, I.Torosov – iqtisodiy rivojlanish vazirining o‘rinbosari, I.Frayndt – Tomsk meri o‘rinbosari, L.Kiryanova – “Sirius” ilmiy-texnologik universiteti rektori.
G‘oliblarga murabbiylar tayinlanishi loyihaning ajralmas qismi bo‘lib, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatning mas’ul lavozimlarida ishlayotgan, shuningdek, yirik kompaniyalar va ommaviy axborot vositalarining rahbarlari bo‘lgan tajribali shaxslardan murabbiy tayinlanadi va u bir yil davomida g‘olib bilan uchrashuvlar o‘tkazib, o‘z maslahatlari va ko‘rsatmalarini berib boradi.
Mazkur ijobiy tajribani o‘rgangan holda Strategik islohotlar agentligi tomonidan Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda mamlakatimizda iqtidorli menejerlar va liderlarni, yangi avlod rahbarlarini aniqlash va tanlash bo‘yicha “TOP-100” dasturini joriy qilish bo‘yicha Farmon loyihasi tayyorlandi.
Loyihada dastur doirasida 100 nafar salohiyatli boshqaruv kadrlarini saralab olish bo‘yicha Respublika tanlovi o‘tkazilishi, g‘oliblar bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantirilishi, maxsus o‘quv dasturi asosida o‘qitilishi, “ustoz-shogird” an’anasi asosida tajribali rahbarlarga shogird sifatida biriktirilishi va xorijiy stajirovkaga yuborilishi, shuningdek, Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilishi va respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarida va boshqa davlat organlarida rahbarlik lavozimlarini egallash uchun asosiy talabgorlar bo‘lib hisoblanishi nazarda tutilmoqda.
Bu kabi tanlovlarning joriy etilishi liderlik qobiliyatlari va boshqaruv ko‘nikmalari yuqori darajada bo‘lgan iqtidorli boshqaruvchilarni aniqlash, rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga hamda har qanday fuqaroga o‘z bilimi va mahoratini namoyon etish orqali davlat xizmatiga qabul qilinishiga imkon beradi.