Yod tanqisligi aholi salomatligi va farovonligiga jiddiy ta’sir qiluvchi muammolardan biri hisoblanadi. Yod qalqonsimon bezning barqaror ishlashi va miya rivojlanishi uchun zarur bo‘lib, ayniqsa yosh bolalar va homilador ayollar salomatligi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Strategik islohotlar agentligi huzuridagi Delivery Unit ofisi xodimlari bu boradagi mavjud muammolarni o‘rganib, yod tanqisligining oldini olishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqdi.
Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot endokrinologiya markazi tomonidan olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, yodning o‘rtacha sutkalik iste’moli 2-3 baravarga kamaygan.
2017-yilda UNICEF tomonidan O‘zbekistonda o‘tkazilgan ovqatlanishga doir tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, maktab o‘quvchilari va ayollar, jumladan, homilador ayollar organizmida yod yetishmasligi hamda tuz tarkibidagi yodning haqiqiy miqdori bilan o‘ramlarda yozilgan ma’lumotlar o‘rtasida nomuvofiqlik mavjudligi aniqlandi.
2023-yilda vakolatli organlar tomonidan tuzning nazorat xaridlari o‘tkazilib, 29 ta yodlangan osh tuzi mahsulotidan 22 tasida yod miqdori standartlarga mos emasligi aniqlangan.
Nota bene: organizmda yod yetishmasligi aqliy zaiflikka va qalqonsimon bez kasalliklarining rivojlanishiga, bundan tashqari bolalarda immunitetning pasayishi, aql va jismoniy rivojlanishning kechikishiga olib keladi.
Muammo nimada?
1. Yodlanmagan tuz ishlab chiqarishga qat’iy taqiqlanmagan. 2007-yilda qabul qilingan “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonunda yodlanmagan tuz ishlab chiqarish taqiqlanmagan. Natijada ishlab chiqaruvchilar yodlanmagan osh tuzini ishlab chiqarishda davom etmoqdalar.
2. Yodlangan osh tuzini ishlab chiqarishda tizimli tashqi sifat nazorati mavjud emas.
3. Zamonaviy asbob-uskunalar va lozim darajadagi ichki nazoratning yetishmasligi. “Salomatlik-3” loyihasini amalga oshirish markaziy byurosi huzuridagi Oziq-ovqat mahsulotlarini boyitish dasturi ma’lumotlariga ko’ra, 53 ta tashkilot yodlangan osh tuzi ishlab chiqaradi, yana 61 ta tashkilot faqat qadoqlash bilan shug’ullanadi. Biroq 53 ta ishlab chiqaruvchi korxonaning 37 tasida sifat nazorati bo‘yicha ichki laboratoriya, 13 tasida osh tuzini yodlash uchun zarur bo‘lgan zamonaviy dozatorlar mavjud emas. Natijada, sotilayotgan osh tuzi lozim darajada tozalanganligiga, unda yetarli miqdorda yod borligi va aholi salomatligiga zarar yetkazuvchi zararli ifloslantiruvchi moddalar yo‘qligiga kafolat yo‘q.
Nota bene: 2024-yilda 12 ta yirik osh tuzi ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, ishlab chiqaruvchilarning 70 foizida ichki laboratoriya, 25 foizida osh tuzini yodlash uchun dispenserlar yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Yodlash dispenserlari tuzni yodlash standartlariga muvofiqligini ta’minlash uchun yod qo’shimchalarini aniq dozalash imkonini beradi.4. Sotish ustidan nazorat yo’q. Osh tuzi sotiladigan savdo nuqtalarida (do‘konlar, oziq-ovqat bozorlari) mahsulotlarning davlat standartlariga muvofiqligini tekshirish mezonlari belgilanmagan. Natijada sotuvchilar qanaqa tuz sotayotganlarini o‘zlari ham bilishmaydi.
Nota bene: tuz undagi natriy xlorid miqdori kamida 97 foiz bo’lganda osh tuzi hisoblanadi. Natriy xlorid osh tuzining asosiy tarkibiy qismi hisoblanadi. O‘zbekistonda ishlab chiqaruvchilar tarkibida natriy xlorid miqdori 92-93% bo‘lgan texnik va oziq-ovqat maqsadlari uchun yaroqsiz hisoblangan tuzdan foydalanishadi.5. Aholini xabardor qilish tizimi yo‘q. Yodlangan osh tuzini iste’mol qilish muhimligini, shuningdek osh tuzini uy sharoitida to’g’ri saqlash qoidalarini yetkazadigan axborot kampaniyasi yo’q.
Shveytsariyada bundan 100 yil avval dunyoda birinchi bo’lib tuzni universal tarzda yodlash boshlangan. Bo‘qoq bo‘yicha federal komissiya tuzilib, yod tanqisligini eliminatsiya qilish mas’ullar belgilangan. 2022-yilda mamlakat bo‘qoq va kretinizm kasalliklari to’liq bartaraf etilganini e’lon qildi.
Osiyoning 22 davlatida (Singapur, Vetnam, Malayziya, Bangladesh, Hindiston, Xitoy, Tailand) yodlangan tuz qamrovini 49 foizdan 72 foizgacha oshirgan Osh tuzini majburiy tozalash va yodlash dasturining samaradorligi Global yod tarmog’i tomonidan tan olindi. Ushbu mamlakatlarning 20 tasida yodlanmagan tuz ishlab chiqarish taqiqlangan. 22 ta davlatning barchasida tuz ishlab chiqaruvchilarni ro’yxatdan o’tkazish va tuz sifatini standartlarga muvofiq ta’minlash talab qilinadi.
Ba’zi mamlakatlarda (Qozog’iston, Turkmaniston, Gruziya, Litva, Ozarbayjon, Belarus, Qirg’iziston, Armaniston) ham shunga o‘xshah tajriba mavjud: osh tuzi majburiy yodlanadi, yodlanmagan tuz ishlab chiqarishni taqiqlangan, yodlangan tuzni sertifikatlash tartibi mavjud, yodlangan tuzning xavfsizligi va sifati uchun ishlab chiqaruvchi va import qiluvchining iste’molchi oldida mas’uliyati bor.
Vaziyatni qanday o’zgartirish mumkin?
Avvalo, yakuniy mahsulotlarni sertifikatlashdan tamoman voz kechish va mas’uliyatni tuz ishlab chiqaruvchilarga yuklash lozim. Bundan tashqari, yangilangan qonunda quyidagilarni hisobga olish muhimdir:
- Osh tuzini yodlash majburiy bo’lishi kerak (uy xo’jaliklari uchun ham, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun ham);
- “Yagona ishlab chiqarish zanjiri” tamoyilini joriy etish, bunda bir korxona tuzni qazib olish, tozalash, qayta ishlash va sifati uchun javobgar bo‘lishi, shuningdek, iste’molchilar uchun qo‘llab-quvvatlash xizmatiga ega bo‘lishi kerak bo‘ladi;
- Yodlangan osh tuzini ishlab chiqarish, sotish, import qilish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar iste’molchi oldida davlat standartlariga rioya etish, xavfsizlik va sifatni ta’minlash nuqtai nazaridan javobgar bo‘ladi;
- Kaliy yodati importi bo’yicha monopoliyadan voz kechish va har qanday ishlab chiqaruvchi uchun ochiq bo‘lgan dinamik bozorni yaratish;
- 3 darajada: ishlab chiqarish, sotish va iste’mol qilishda ichki va tashqi sifat nazoratni joriy etish;
- Tuz ishlab chiqaruvchilar ro‘yxatini tashkil etish va ro‘yxatni aholi uchun ochiq e’lon qilish;
- O’zbekiston Respublikasida iste’mol uchun yodlanmagan osh tuzini ishlab chiqarish, olib kirish va sotishni taqiqlash;
- Yodlangan tuz ishlab chiqarishning “yagona zanjiri”ni hisobga olgan holda davlat standartlari, qoidalar va me’yoriy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, tegishli o‘zgartirishlar kiritish;
- Turli axborot vositalari (televidenie, radio, ijtimoiy tarmoqlar, Sog‘liqni saqlash vazirligi sayti) orqali aholini quyidagi ma’lumotlar bilan muntazam ravishda ta’minlab borish:
– yodlangan osh tuzini iste’mol qilishning ahamiyati (ayniqsa yosh bolalar va homilador ayollar uchun);
– uyda yodlangan osh tuzini to’g’ri saqlash va undan foydalanish;
– yodlangan osh tuzining sifatini baholash maqsadida vakolatli tashkilotlar tomonidan o‘tkazilgan sinov xaridlari natijalari; - Har 5 yilda bir marta epidemiologik tadqiqotlar o’tkazish orqali tuzni yodlash dasturlari samaradorligini baholash.