Strategik islohotlar agentligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan maxsus iqtisodiy zonalar faoliyati tahlil qilinib, investitsiya muhitini yaxshilash va MIZlar boshqaruviga yirik operatorlarini jalb qilish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratishga doir takliflar ishlab chiqildi.
2024-yil aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 20 ta MIZ faoliyat ko‘rsatib, ularda 771 ta korxona rezident sifatida ishlamoqda. Joriy yilning 1-choragida MIZlarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 8,8 trln so‘mga yetib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish sur’ati 25,7 foizni tashkil etgan. Shuningdek mazkur davrda 1,8 trln so‘m investitsiyalar o‘zlashtirildi, bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 28,6 foizga ko‘pdir.
Nota bene: 2017-2023 yillarda O‘zbekistonda 45 mlrd dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar, jumladan, maxsus iqtisodiy zona loyihalari doirasida 800 mln dollar jalb qilingan, bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar umumiy hajmining atigi 1,8 foizini tashkil etadi (Xitoyda – 80 foiz, Vyetnamda – 65 foiz, Birlashgan Arab Amirliklarida – 40%).O‘zbekistonda maxsus iqtisodiy zonalarning rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi quyidagi asosiy omillar mavjud:
1. Tashkil etilgan MIZlarning aksariyati tashqi infratuzilmadan (gaz, suv, elektr energiyasi, avtomobil yo‘llari, kanalizatsiya, temir yo‘l liniyasi) to‘liq foydalanish imkoniyatiga ega emas, bu esa investisiya loyihalarini amalga oshirish imkonini bermayapti.
2. Nisbatan jozibador bo‘lmagan iqtisodiy rag’batlantirish choralari va imtiyozlar
MIZ rezidentlari investitsiyalar hajmiga qarab 3 yildan 10 yilgacha bo‘lgan muddatga mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lashdan ozod etiladi. Qayd etish joizki, xalqaro amaliyotda (Birlashgan Arab Amirliklari, Vyetnam, Qozog‘iston, Xitoy) MIZ ishtirokchilari barcha turdagi soliq va yig‘imlarni to‘lashdan amalda ozod qilingan.
3. Investorlar va operatorlarning fikriga ko‘ra MIZlarning amal qilish muddatini cheklash ularning jozibadorligini pasaytiradi. Xorijiy tajriba shuni ko’rsatmoqdaki, operatorlar MIZ ishga tushirilgandan so’ng o’rtacha 20 yil o’tgach boshqaruvdan daromad olishni boshlaydilar.
4. Bir nechta qonunlar, qarorlar va me’yoriy hujjatlar (jami 14 ta) bilan tartibga solinadigan tarqoq me’yoriy-huquqiy baza investorlar uchun qiyinchilik tug’dirmoqda.
Nota bene: MIZlar faoliyatini tartibga soluvchi 14 ta normativ-huquqiy hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasining “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi Qonuni, Soliq va Bojxona kodekslari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 8 ta qarori va Vazirlar Mahkamasining 3 ta qarorini o‘z ichiga oladi.5. Amaldagi “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonunning 37-moddasida nazarda tutilgan MIZlar uchun alohida huquqiy rejim (soliq, bojxona, migratsiya, mehnat rejimlari va boshqalar) belgilanmagan.
6. MIZlarni boshqaruv uchun xususiy operatorlarga berish mexanizmlari mavjud emas.
Ayni paytda MIZni boshqaruvi davlat muassasasi hisoblangan direksiya tomonidan amalga oshiriladi.
7. MIZlar to‘g‘risidagi amaldagi qonunda MIZ rezidenti sifatida faqat ishlab chiqarish korxonalari nazarda tutilgan, bu esa rivojlanishni cheklaydi.
Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va Janubiy Koreyada ishlab chiqarish korxonalaridan tashqari ilmiy-tadqiqot institutlari, banklar, laboratoriyalar, logistika kompaniyalari va savdo korxonalari MIZ rezidentlariga aylanishlari mumkin.
8. 10 ming dollardan ortiq bo‘lgan kapital harakatini cheklash amaldagi loyihani amalga oshirishda mablag‘larni chiqarish xavfini keltirib chiqaradi.
9. Xorijiy ishchi kuchini jalb qilishga oid cheklov ham ilg‘or tajriba talablariga javob bermaydi va investitsiyalar oqimiga to‘sqinlik qiladi.
10. Nizolarni hal etishning amaldagi 4 bosqichli tizimi ((1) muzokaralar, (2) mediatsiya, (3) ishni sudda ko‘rib chiqish, (4) xalqaro arbitraj) xorijiy investorlar uchun jozibador hisoblanmaydi, chunki bu munozarali masalalarni hal qilishning kechiktirilishiga olib keladi.
Investitsion muhitni yanada yaxshilash va yirik MIZ operatorlarini jalb qilish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida Strategik islohotlar agentligi va ISSV tomonidan quyidagi takliflar ishlab chiqildi:
1. Xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda yangi tahrirdagi “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonunning ishlab chiqilishi va qabul qilinishin jadallashtirish. Ushbu Qonun MIZ faoliyatini tartibga solish bilan birga ilgari berilgan imtiyozlarni saqlab qoladi.
2. Yangi Qonun loyihasida quyidagilarni nazarda tutish:
– MIZni yuritish va undan foydalanish litsenziyasomo olgan xususiy va/yoki xorijiy kompaniyalarning MIZ operatori sifatida faoliyat yuritishiga ruxsat berish;
– xususiy korxonalarga MIZlarni boshqarish huquqini berish;
– MIZlarni faoliyatini ta’minlash va ulardan foydalanish uchun litsenziyalar muddatsiz beriladigan tartibni o‘rnatish;
– MIZni texnik-iqtisodiy asoslash va bosh rejani majburiy tayyorlagan holda tashkil etishning loyihaviy yondashuvini belgilash;
– MIZlar ro’yxatini va ularda amalga oshiriladigan faoliyat turlarini kengaytirish.