Strategik islohotlar agentligi tomonidan O‘zbekistonda hamshiralarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash tizimi o‘rganib chiqildi.
Hozirda O‘zbekistonda 72 ta tibbiyot texnikumi mavjud bo‘lib, har yili 30 ming nafar hamshiralar tayyorlanmoqda.
Davlat kasalxonalari va poliklinikalarida hamshiralarning oylik maoshi 1 mlndan 4 mln so‘mgacha bo‘lgan mablag‘ni tashkil qiladi (xususiy poliklinikalarda 10 mln so‘mgacha).
Bugungi kunda Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveysariya va Saudiya Arabistonida 42 mingdan ziyod hamshiralariga talab mavjud bo‘lib, ularda 1 000-3 500 dollarga oylik maosh taklif etilmoqda. 2024 yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistondan ushbu mamlakatlarga 59 nafar hamshira jo‘nab ketgan.
Xalqaro talablarga mos hamshiralar soni kamligining asosiy sababi ularda xorijiy tilni bilish (nemis va ingliz) darajasi pastligi va respublikadagi tibbiyot texnikumlarida dars berish jarayoni xalqaro talablarga javob bermasligi bo‘lmoqda.
Masalan, texnikumlarda chet tili (aksariyat nemis va ingliz tillari) darslari faqat 1–bosqich talabalari uchun haftasiga 4 soat (ya’ni 2 ta dars) o‘tiladi. Bundan tashqari, talabalarda ixtiyoriy ravishda qo‘shimcha 8 oy davomida yuqoridagi chet tillarini bepul o‘rganish tizimi joriy qilingan.
Filippin va Hindistonda AQSH, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Germaniya, Koreya va Yaqin Sharq davlatlariga hamshiralar tayyorlash uchun maxsus xalqaro standartlar bo‘yicha dars beruvchi o‘quv yurtlari mavjud bo‘lib, ularda tibbiyot fanlaridan tashqari, ingliz tili chuqur o‘rgatiladi. Xususan, Hindistonning ayrim kollejlarida hamshira-migrantlarni tayyorlash uchun barcha darslar ingliz tilida o‘tkaziladi.
Filippinda esa tibbiyot kollejlarida ingliz tilini o‘rgatish metodikasi IELTS va OET kabi xalqaro imtihonlarni muvaffaqiyat bilan topshirishga qaratilgan.
Shuningdek, ushbu davlatlarda NCLEX (AQSH), UKQUALS (Buyuk Britaniya) va Krankenschwester (Germaniya) kabi hamshiralar uchun belgilangan xalqaro malaka testlari tizimi asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.
O‘rganilgan xorijiy tajriba asosida Strategik islohotlar agentligi tomonidan respublikamizdagi tibbiyot texnikumlarining birida pilot loyihasi sifatida xalqaro standartlar talablariga javob beradigan dasturlarni joriy qilish taklif ishlab chiqildi. Unga ko‘ra:
a) talabalarga ingliz va nemis tillari chuqurlashtirilgan tarzda o‘rgatiladi;
Nota bene: Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining xorijiy hamkor kompaniyalari tomonidan berilgan vakansiyalarning asosiy talablaridan biri ingliz/nemis tilini B1, B2 (bazaviy) darajada bilish hisoblanadi;b) hamshiralar Germaniya va Buyuk Britaniya tizimi talablariga mos ravishda o‘qitiladi;
Nota bene: Anerkennung bu boshqa davlatdan Germaniyaga ko‘chib o‘tadigan shifokorlar, hamshiralar yoki o‘qituvchilar uchun kasbiy malakalarning tan olinishi tizimi hisoblanadi.AQSH, Avtraliya, Kanada va Singapurda hamshira va doktorlar uchun kasb til darajasini belgilashda tan olingan Buyuk Britaniyaning OET dasturlari asosida ingliz tili darslari tashkil etiladi;
v) Germaniya va Turkiyaning ilg‘or tibbiyot tashkilotlari tomonidan tayyorlangan dasturlar joriy etiladi;
g) Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga kelib tushgan takliflar (vakansiyalar) asosida maxsus malaka oshirish va chet tili kurslari tashkil etiladi;
d) zamonaviy uskunalar bilan ta’minlashda byudjet va grant mablag‘lari yo‘naltiriladi.
Shu bilan birga pilot loyihaning natijalariga ko‘ra boshqa chet tillarini (koreys, arab, xitoy va boshqa) o‘rgatish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qolgan texnikumlarda tegishli dasturlarni joriy qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.