Strategik islohotlar agentligi xodimlari poytaxt tumanlari hokimliklari vakillari bilan birgalikda Toshkent shahri tumanlarida iqtisodiy o‘sishning yangi imkoniyatlarini joylarga chiqqan holda o‘rganmoqdalar.
Xususan, yaqinda poytaxtimizning Mirobod tumani salohiyati o‘rganilib, tumanni rivojlantirishga doir bir qancha istiqbolli yo‘nalishlar belgilab olindi.
Ma’lumki, Mirobod tumani Toshkent aeroporti yoki vokzaliga kelgan odamning nazariga birinchi bo‘lib tushadigan hudulardan biri bo‘lgani bois, mazkur tumanda mehmonxonalarga bo‘lgan talab ham nisbatan yuqori hisoblanadi.
Tumanda jami 2 ming kishi joylashishi mumkin bo‘lgan 71 ta mehmonxona mavjud. Ammo ularning hech biri mashhur brendlarga tegishli emas. Hududning turistik salohiyatini inobatga olgan holda, yaqin 3 yilda qoʻshimcha 3 mingta yangi mehmon oʻrinlari talab qilinadi. Bu ehtiyojning uchdan bir qismini mavjud mehmonxonalardagi qavatlar sonini ko‘paytirish orqali qondirish mumkin.
Tadbirkorlar tomonidan 2 ming o‘ringa mo‘ljallangan 18 ta uch yulduzli mehmonxona qurish istagi bildirildi. Buning natijasida 300 mln dollar investitsiya jalb etish, 1200 ta ish o‘rni yaratish, xizmat ko‘rsatish hajmini yiliga 208 mlrd so‘mga oshirish hamda byudjetga qo‘shimcha ravishda 13 mlrd so‘m kiritish imkonini paydo bo‘ladi.
Bundan tashqari, Mirobod tumanida Istanbuldagi Taksim, Moskvadagi Arbat yoki Barselonadagi Las-Ramblas kabi aholi va turistlarga tunu kun xizmat ko‘rsatadigan ko‘cha yo‘q. Nukus va Shahrisabz ko‘chalari chorrahasi va unga tutash Said Baraka va Fidokor ko‘chalarida 62 ta savdo shoxobchasi va ovqatlanish obyektlari faoliyat yuritadi. Mazkur hududni gastronomik turizm ko‘chasiga aylantirgan holda barcha obyektlar kechayu kunduz ishlaydigan hududga aylantirish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Buning natijasida 600 ta yangi ish o‘rinlari yaratish, savdo aylanmasini 55 mlrd so‘mga, soliq tushumlarini esa 6 mlrd so‘mga oshirish mumkin bo‘ladi.
Strategik islohotlar agentligi va mahalliy hokimiyat vakillari tomonidan ishlab chiqilgan tashabbuslar Mirobod tumanini rivojlantirish, tadbirkorlar va turistlar uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan bo‘lib, bu o‘z navbatida iqtisodiy o‘sish va yashash sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.