Strategik islohotlar agentligi tomonidan jonli ijro asosida kuylash va fonogrammadan foydalanishning amaldagi holati o‘rganildi.
Ma’lumki, bu sohaga katta e’tibor qaratilib, jonli ijroni rag‘batlantirish maqsadida san’at vakillariga imtiyozlar berib kelinmoqda. Buning natijasida keng jamoatchilik, xususan yoshlar o‘rtasida estrada san’atiga qiziqish kuchayib bormoqda.
Bunga birgina misol sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 26 maydagi “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6000–sonli Farmonini keltirish mumkin.
Ushbu Farmon bilan 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda to‘liq jonli ijro asosida o‘tkazilgan konsert dasturlari uchun ijara to‘lovidan 50 foiz chegirma berish tartibi joriy qilingan.
Mazkur imtiyozdan foydalangan holda birgina “Xalqlar do‘stligi” saroyida (sig‘imi 4 ming) 2022-2023 yillarda jami 449 ta konsert o‘tkazilgan bo‘lib, ulardan 165 tasi (37%) fonogrammasiz ijro etilgan va natijada san’atkorlar tomonidan jami 5,3 mlrd so‘m iqtisod qilingan.
Shu bilan birga ta’kidlash joizki, bugungi kunda musiqa-estrada san’atining asl mohiyati va jonli ijro madaniyatini oshirishga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda.
Agentlik tomonidan mazkur yo‘nalishga doir xorijiy tajriba o‘rganilganda, turli mamlakatlar qonunchiligida fonogrammadan foydalanish taqiqlangani ma’lum bo‘ldi.
Xususan, Ozarbayjonda 2001 yildan, Turkmanistonda 2005 yildan, Tojikistonda 2007 yildan va Qirg‘izistonda 2023 yildan boshlab davlat muassasalari va ommaviy tadbirlarda fonogrammada qo‘shiq kuylash taqiqlangan.
Xitoyda 2008 yildan boshlab tijorat konsert-tomosha tadbirlarida fonogrammalardan foydalanish qat’iyan taqiqlangan. Bunda, san’atkorlardan jonli kuylash talab qilinadi va tadbir tashkilotchilari ushbu talabga rioya etilishini nazorat qilishlari shart.
Bu o‘rinda jonli ijroni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish, sohaga jamoatchilik nazoratining samarali mexanizmlarini joriy qilish, musiqa-estrada san’ati sohasida fonogrammaning salbiy taraflari yuzasidan keng targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish zarur hisoblanadi.