Strategik islohotlar agentligi tomonidan Irlandiyaning investitsiyalarni jalb qilish, innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va davlat xizmatining sifati tizimi o‘rganildi.
Nota bene → Irlandiyada aholi soni – 5 mln, YAIM – 504 mlrd doll., aholi jon boshiga YAIM – 100 ming dollarni tashkil etadi., yirik shaharlari – Dublin (poytaxt) va Kork.Irlandiya tashqi investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha Yevropaning yetakchi mamlakatlaridan biri hisoblanadi. Apple, Microsoft, PayPal, Facebook va Google kabi korporatsiyalar Yevropada o‘z faoliyatini yuritish uchun aynan Irlandiya hududida operatsion markazlarini tashkil qilgan.
Shuningdek Irlandiyada IT, ijtimoiy tarmoq, dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, moliyaviy xizmatlar, tibbiy-biologik fanlar va xalqaro xizmatlar sohalarida mingdan ortiq xorijiy kompaniyalar o‘z vakolatxonalarini ochgan.
“Ernst & Young” konsalting kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan “Yevropaning jozibadorlik so‘rovnomasi” natijalari Irlandiyadagi xorijiy investorlarning 71 foizi kelgusida investitsiyalar hajmini oshirishini, 80 foizi keyingi uch yilda to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar uchun jozibadorlik yanada yaxshilanishi yoki joriy holatda qolishini ko‘rsatmoqda.
Irlandiya xorijiy investitsiyalar uchun jozibador mamlakatga aylanishiga quyidagi islohotlar sabab bo‘lgan:
1) Irlandiyaga investitsiyalarni olib kirishning asosiy afzalliklaridan biri Irlandiyada yaratilgan huquqiy rejim, barqaror soliq siyosati va biznesni qo‘llab-quvvatlash tizimi hisoblanadi. Xususan:
a)huquqiy rejim ingliz umumiy huquqi tizimiga o‘xshash bo‘lib, AQSH va Yevropaning ko‘plab transmilliy kompaniyalari o‘z faoliyatini yuritishda ushbu huquqiy rejimni afzal ko‘radi;
b) korporativ soliq (foyda solig‘i)ning stavkasi 12,5 foiz bo‘lib, 2003 yildan buyon o‘zgarmagan. Bunda, ushbu soliq stavkasi mahalliy va xorijiy kompaniyalarga bir xilda tatbiq etiladi;
Nota bene → korporativ soliq Germaniyada – 30%, Fransiyada – 26,5%, Niderlandiyada –25,8%, Avstriya va Belgiyada – 25%, Italiyada – 24%, Finlyandiyada – 20%, Polsha, Sloveniya, Chexiya va Angliyada – 19%, O‘zbekistonda – 15%v)ikkiyoqlama soliqqa tortishni oldini olish bo‘yicha 76ta mamlakat bilan shartnomalar imzolangan;
Nota bene → O‘zbekiston 53 ta davlat bilan ikkiyoqlama soliqqa tortishni oldini olish bo‘yicha shartnomalarni imzolagand) o‘z faoliyatini boshlamoqchi yoki faoliyat yuritib kelayotgan xorijiy investorlarga grant mablag‘larini ajratish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Grantlar tadqiqot va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, boshqaruv bo‘yicha o‘qitish, ishlab chiqarishda ekologik ko‘rsatkichlarini yaxshilash va resurslarni boshqarish uchun taqdim etiladi. Grantni ajratishning asosiy shartlardan biri yangi ish o‘rinlarini yaratish belgilangan.
Nota bene → har yili 100 mln yevro miqdorida grant mablag‘lari ajratiladi. Grant mablag‘lari faqatgina grant kelishuvi shartlari buzilganda 5 yil ichida yoki xorijiy kompaniya tugatilganda qaytarilishi zarur.2) 2025 yilga qadar 800 ta to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish va 50 ming yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish bo‘yicha 2021-2024 yillarga mo‘ljallangan tiklanish va barqaror o‘sish strategiyasi (Driving Recovery and Sustainable Growth 2021–2024 strategy) qabul qilingan.
Ushbu investitsiyalarning 50 foizi Dublin va Kork shaharlaridan tashqaridagi hududlarga yo‘naltirish belgilangan.
Irlandiyada innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshiriladi. Agentlikning asosiy maqsadi sifatida biznes sohasiga yangi innovatsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish orqali mamlakatni innovatsiyalar xabiga aylantirish belgilangan.
Agentlik tadbirkorlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun biznes va ilmiy hamjamiyatning o‘zaro hamkorligini ta’minlaydi.
Tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan shaxslarning innovatsion loyihalarini moliyalashtirish uchun Agentlik tomonidan qiymati 5 000 yevro bo‘lgan yangi mahsulotlar, jarayonlar yoki biznes modellarini ishlab chiqish, trening va audit o‘tkazish uchun “innovatsiyalar vaucheri” beriladi.
Shuningdek, “fast track” vaucherlar tizimi joriy qilingan bo‘lib, unga ko‘ra 10 000 yevro miqdoridagi mablag‘ 50/50 sxemasi asosida taqdim etiladi.
Irlandiyada davlat xarajatlari har 5 yilga rejalashtirilib, ularni iqtisod qilish davlat idoralarining asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlaridan biri (KPI) etib belgilagan.
Davlat idoralarida bir tomonlama soliq siyosatiga yo‘l qo‘ymaslik hamda turli xil xavf-xatarlarni kamaytirish maqsadida 2011 yilda Fiskal siyosati bo‘yicha maslahat kengashi tashkil qilingan.
Ushbu kengash Hukumatning iqtisodiy va byudjet prognozlarini, byudjet rejalarining soliq qoidalariga muvofiqligini baholaydi.
Irlandiyada har bir davlat idorasining strategik maqsadlari va xodimlarning aniq samaradorlik ko‘rsatkichlari mavjud. Xodimning natijadorligi, unga belgilangan vazifalar maxsus onlayn platforma (Mehnat unumdorligi va rivojlanishni boshqarish tizimi (PMDS) orqali monitoring qilinadi.
Davlat xizmatchilari “kontrakt” asosida ishga qabul qilinib, har yili ularning faoliyati baholanadi va natijaga qarab xodimning xizmat bo‘yicha o‘sishi yoki mehnat shartnomasini bekor qilinishi amalga oshiriladi.
Mazkur mamlakat tajribasini o‘rganish natijasida Strategik islohotlar agentligi tomonidan quyidagi ishlarni amalga oshirish taklif qilinadi:
1) tadbirkorlar uchun ayrim soliq stavkalarini 5 yil davomida oshirmaslik masalasini ko‘rib chiqish;
Nota bene → “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida biznes uchun qo‘shilgan qiymat va foyda soliqlari stavkalarini 3 yil davomida oshirilmaslik belgilangan.2) ikkiyoqlama soliqqa tortishni oldini olish shartnomalari geografiyasini kengaytirish;
3) innovatsion g‘oyalar va loyihalarni tijoratlashtirish doirasida Innovatsion rivojlanish agentligi faoliyatini takomillashtirish;
4) davlat xizmatchilarini ma’lum bir muddatga (1 yilgacha) “kontrakt” asosida ishga qabul qilish tizimini joriy qilish, davlat organlarining samaradorlik ko‘rsatkichlarini (KPI) monitoring va baholash platformasini ishlab chiqish.