“Rebate” tizimi – bu xorijiy kinokompaniyalar tomonidan mamlakatda filmlarni (ularning epizodlarini) suratga olish bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini qaytarish va boshqa imtiyozlar berish tizimidir.
Ushbu tizim muvaffaqiyatli amalga oshirilgan davlatlardan biri Misr bo‘lib, mamlakatda kinoprodyuserlar uchun bir qator imtiyozlar mavjud. Jumladan, Misrda suratga olish joyida 30 foizlik chegirma, mamlakat ichidagi joylardagi xarajatlar uchun 20 foizlik subsidiyalar taqdim etiladi. Shu bilan birga, suratga olish jarayoni davomida kinokompaniya import bojlari va daromad solig’idan ozod qilinadi.
“The Times” jurnali (Angliya) ma’lumotlariga ko’ra, Agata Kristining romani asosida “20th Century Fox” (AQSh) kinokompaniyasi bilan hamkorlikda suratga olingan “Nildagi o’lim” filmi sababli turistlarning Nil daryosida suzish bo‘lgan qiziqishlari sezilarli darajada oshgan.
Qozog‘istonda kinokompaniyalar xarajatlarining 30 foizini kompensatsiya miqdorini cheklamagan holda byudjetdan qoplash tartibi joriy etilgan. Subsidiya Qozog’iston fuqarolari va yuridik shaxslar tomonidan muayyan xizmatlar ko’rsatilgan, xarid amalga oshirilgan va ishlar bajarilgan hollarda to‘lanadi.
“Uzuklar hukmdori” filmining suratga olinishi natijasida Yangi Zelandiyada turistlar oqimini keskin oshdi. Natijada, turistlar film suratga olingan joylarga tashrif buyurishlaridan kelib tushadigan yillik daromad har yili 30 million dollarni tashkil etmoqda. Mamlakat xorijiy kinokompaniyalar xarajatlarining 40 foizini, lekin 20 mln dollardan ko’p bo’lmagan qismini qoplaydi.
“Taxtlar oʻyini” seriali tufayli 2016-2017-yillarda Islandiyadagi turistlar soni 40-60 foizga oshgan. 2016-yilda turistlar bu mamlakatda 212 mln dollar sarflaganlar. Mamlakatda kino ishlab chiqarish xarajatlarining 25 foizidan 35 foizgacha bo‘lgan qismi qoplanib, kompensatsiya miqdori cheklanmagan.
O‘zbekistonda “rebate” tizimi 2021-yilda joriy etilgan. Bugungu kunda yurtimizda suratga olingan film uchun xarajatlarning 25 foizigacha, biroq 3 mlrd so‘mdan (241 ming dollar) ko‘p bo‘lmagan qismi qoplanadi. 2022-2023 yillarda ushbu maqsadlar uchun 5 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.
2021-yildan buyon O‘zbekistonda Hindiston, Turkiya, Polsha, Rossiya va Qozog‘iston kinokompaniyalari tomonidan 9 ta film suratga olindi. Biroq, xarajatlarni qoplash mexanizmida mavjud bo‘lgan quyidagi kamchiliklar tufayli “rebate” tizimi qo’llanilmadi:
1) aniq baholash mezonlari va kompensatsiya shartlari belgilanmagan;
2) kompensatsiya miqdori bo’yicha cheklovlar mavjud: “rebate“ning maksimal miqdori (241 ming dollar) mashhur filmlarni suratga olish uchun yetarli emas;
3) xorijiy kinokompaniyalarga nisbatan film suratga olishga ruxsat berish uchun o‘rnatilgan talablar noaniq va umumiy tusga ega: ruxsat olish uchun 7 ta asosiy talab mavjud bo’lib, ular aniqlashtirilmagan. Masalan, filmda javobgarlikka olib keladigan sahnalar bo‘lmasligi lozim.
Shu bilan birga, mamlakatimizda xorijiy filmlarni suratga olishning bir qator afzalliklari mavjud, xususan:
a) boy tabiat va qulay iqlim sharoiti (voha va tog’li hudular uyg’unligi O’zbekistonda chet elga chiqmasdan film suratga olish imkoniyatini beradi);
b) tarixiy shaharlar, bino va inshootlar (Registon, Ichan-qal’a, Ark) filmlarda Qadimgi Sharqning tabiiy tarixiy qiyofasini, uning madaniyati va turmushini qayta tiklash imkonini beradi;
v) noyob va o’ziga xos maskanlar (Orol dengizining qurigan qismi, shu jumladan u yerdagi kemalar ham hujjatli filmlar, ham zamonaviy blokbaster suratga olish uchun joy hisoblanadi);
d) ishlab chiqarish, xizmatlar va transport xarajatlarini arzon hisoblanadi;
e) kino ishlab chiqarish uchun qulay infratuzilma mavjud.
Mazkur yo‘nalishda ilg‘or xorijiy tajriba va O‘zbekistonda mavjud muammolarni inobatga olgan holda, Strategik islohotlar agentligi tomonidan “rebate” tizimining yangi tartibini joriy etishga, bunda kompensatsiya summalari va byudjet mablag‘lari bo‘yicha cheklovlarni olib tashlash va tizimni mamlakat hududlaridan birida sinovdan o‘tkazishga doir taklif ishlab chiqildi.
Shuningdek, “Universal Pictures”, “Paramount Pictures”, “Netflix” va boshqa mediaxoldinglar bilan Oʻzbekistonda filmlar yoki ularning alohida epizodlarini suratga olish boʻyicha hamkorlik qilishga doir taklif ilgari surilmoqda.