Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan SPIEF-2024 (St. Petersburg International Economic Forum) xalqaro iqtisodiy forumining ikkinchi kuni doirasida Xanti-Mansiysk avtonom okrugi gubernatorining birinchi o‘rinbosari Aleksey Zabolzayev va okrug gubernatori o‘rinbosari Sergey Afanasyev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda sanoat, tadbirkorlik va texnologiya sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Rossiya tomoni O‘zbekistonda neft ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan guar yelimini ishlab chiqarish uchun xomashyo yetishtirish rejalari haqida so‘zlab berdi.
Aleksey Zabolzayev 2023-yilda Xanti-Mansiyskda guar yelimini ishlab chiqaruvchi zavod ishga tushirilgani va hozirda xomashyo talab qilinayotganini, uni yetishtirish uchun esa O‘zbekistondagi iqlim sharoiti Rossiyanikidan ko‘ra qulayroq ekanini ta’kidladi. Xanti-Mansiysk vakillari Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda guar xomashyosini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish bilan bog‘liq ishlar muhokama qilinayotganini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun: guar yelimi – guar o‘simligidan olinadigan kukun bo’lib, u neftni qazib olish uchun ishlatiladi. Rossiyada ushbu zamonaviy texnika quduqlarning 70% dan ortig’ida qo’llaniladi.
Sergey Afanasyev Xanti-Mansiysk avtonom okrugi va O‘zbekiston viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga tayyorligini bildirdi. Bundan tashqari Rossiya tomoni 2024-yilning 18-20-iyun kunlari Xanti-Mansiysk shahrida bo‘lib o‘tadigan XV Xalqaro IT-forumga taklif qildi.