Strategik islohotlar agentligi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlandi.
Ma’lumki, Konstitutsiyada har kim bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda davlat organlariga hamda tashkilotlariga, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlariga, mansabdor shaxslarga yoki xalq vakillariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga egaligi belgilab qo‘yilgan.
Fuqarolarning ushbu konstitutsiyaviy huquqini ta’minlash maqsadida so‘nggi yillarda mamlakatimizda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, aholining muammolari bilan ishlash tizimini rivojlantirish sohasida yangi tahrirdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi, “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonunlar, shuningdek, davlat Rahbarining bir qator hujjatlari, Hukumat qarorlari qabul qilindi.
2016 yilda tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalari, shuningdek, har bir tuman va shaharda (tuman bo‘ysunuvidagi shaharlardan tashqari), O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi, davlat organlari va jamoatchilik o‘rtasida ochiq muloqot o‘rnatish, dolzarb masalalarni aniqlash va muammolar bartaraf etishning samarali mexanizmini yaratish imkonini berdi.
Natijada, o‘tgan davrda virtual va xalq qabulxonalari yordamida 2,5 milliondan ortiq fuqaro o‘z muammolarini hal qila oldi.
Shu bilan birga, tahlil jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari tizimini takomillashtirish zarurligini ko‘rsatdi.
I. Hozirgi vaqtda jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari va tashkilotlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelib tushgan murojaatlarini davlat organi yoki tashkilotning o‘zi o‘rganadi. Bu holat murojaatlarni to‘liq tahlil qilish, ularni ko‘rib chiqish va muammolarni hal qilish ustidan samarali nazoratni o‘rnatish, shuningdek aholining e’tirozlariga tezda javob berishga to‘sqinlik qiladi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalaridan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarning vazirlik va idoralarga kelib tushgan ulushi boshqa murojaatlarning qariyb 15-30 foizini tashkil etadi.
II. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari va ma’muriy tartib-taomillar sohasidagi qonunchilik normalarining aniq taqsimoti mavjud emas. “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi va “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunlarni ma’muriy nizolar, mansabdor shaxslar va davlat organlarining qarorlari ustidan shikoyatlar bilan bog‘liq murojaatlarni aniq ajratish yo‘li bilan qayta ko‘rib chiqish masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Ma’muriy ish yuritish jarayonida jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari buzilishi, shuningdek, ularning buzilgan huquqlarini sud orqali himoya qilish holatlari bo‘yicha aholi o‘rtasida keng ko‘lamli tushuntirish ishlari olib borilishi lozim.
Umuman olganda, mansabdor shaxslarning harakatlari (harakatsizligi) va qarorlari ustidan sudga shikoyat qilish quyidagi turlarga bo‘linadi:
ma’muriy organlar va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining, ularning mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish;
korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari va ularning mansabdor shaxslarining ma’muriy va boshqa davlat huquqiy munosabatlaridan kelib chiqmaydigan harakatlari (harakatsizligi) qarorlariga qarshi chiqish.
Xususan, manfaatdor shaxs ma’muriy organ, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi, ularning mansabdor shaxslarining qarorini haqiqiy emas deb topish, harakatlarini (harakatsizligini) noqonuniy deb topish to‘g‘risida sudga ariza (shikoyat) bilan murojaat qilishga haqlidir.
Ushbu shaxslar quyidagi hollarda murojaat qilishadi: ularning huquqlari va qonun bilan himoyalangan manfaatlari buzilgan; ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishda to‘siqlar yaratildi; ularga noqonuniy ravishda har qanday majburiyatlar yuklatilgan; muayyan sohada faoliyatni amalga oshirish uchun boshqa to‘siqlar yaratildi.
Davlat boshqaruvi organlari, ma’muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli boshqa tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari va ularning mansabdor shaxslarining qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan hamda fuqarolar yoki yuridik shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi)ga qarshi kurashish to‘g‘risidagi ishlar ma’muriy sud tomonidan hal etiladi.
Shunday qilib, 2023-yilda ma’muriy sudlar tomonidan fuqarolarning ommaviy-huquqiy munosabatlaridan kelib chiqadigan 15 226 ta ish ko‘rib chiqildi, shundan 4 931 tasi tadbirkorlik subyektlaridan kelib chiqqan murojaatlar hisoblanadi.
Konstitutsiya normalarini amalga oshirish, shuningdek fuqarolarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini kengaytirish va ular tomonidan noqonuniy qarorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning harakatlari (harakatsizligi), ularning mansabdor shaxslari ustidan sudga shikoyat qilish choralarini ko‘rish maqsadida joriy yilning 16-yanvar kuni “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirishlar kiritildi.
Unga ko‘ra, davlat organlari va ularning mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi to‘g‘risida ma’muriy sudlarga murojaat qilganda, davlat bojini undirish aybdor tomon tomonidan ishni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, fuqarolardan oldindan undirmasdan amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, bunday hollarda fuqarolar uchun davlat boji stavkasi bazaviy hisoblash miqdorin 70 foizgacha tushirildi (ilgari u 1 BHM miqdorida belgilangan edi).
III. Fuqarolarning davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga ishonchini oshirish.
Fuqarolarni ma’muriy organlarning noqonuniy xatti-harakatlaridan himoya qilishni ta’minlash, ularda qat’iy huquqiy nazoratni o‘rnatish va shunga muvofiq axborotlarni muntazam yangilab turish bo‘yicha ishlar bajarilmaganligi sababli javobgarlik belgilashga alohida e’tibor qaratish lozim. “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi va “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunlar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi qayta ko‘rib chiqilishi kerak. “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga binoan, Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan o‘z rasmiy veb-saytlarida joylashtiriladigan axborotning sanasi qo‘yilgan bo‘lishi hamda u vaqti-vaqti bilan yangilab borilishi kerak. Axborotni yangilab borish davriyligi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan belgilanadi, lekin u haftasiga bir martadan kam bo‘lmasligi maqsadga muvofiqdir.
Bundan tashqari, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘’risida”gi Qonunning 9, 10 va 11-moddalarida jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya faktlari bo‘yicha murojaatlarini ko‘rib chiqish va ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ochiqligi va ulardan foydalanish imkoniyatini ta’minlash to‘g‘risidagi qoidalarni qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Eng muhimi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni quyidagi 431-modda bilan to‘ldirilish taklif etiladi: mansabdor shaxs tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortish. Bu modda mansabdor shaxslarning jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish va ularning vakolatiga kiradigan boshqa masalalarni hal etishning qonunda belgilangan tartibini takroran buzganligi uchun ularning shaxsiy javobgarligini belgilashga xizmat qiladi.
IV. Murojaatni ko‘rib chiqayotgan davlat organiga yoki mansabdor shaxsga video formatdagi individual yoki jamoaviy taklif, ariza, shikoyat, so‘rov yoki javobga yuborilgan videomurojaatning aniq tushunchasini belgilash. Murojaatning ushbu shakli jismoniy va yuridik shaxslar uchun huquqiy vositaga aylanadi va “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunda “videomurojaat” tushunchalarini, video-formatning o‘ziga xos standartlari va mezonlarini mustahkamlaydi.
V. Sun’iy intellektga asoslangan virtual qabulxonani yuritish fuqarolarga “Xalq qabulxonasi” xizmatlaridan kecha-kunduz foydalanish imkoniyatini beradi.
Fuqarolarning davlat tashkilotlari bilan o‘zaro munosabatlarini sezilarli darajada yaxshilash va yuridik va jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirish uchun sun’iy intellektni joriy etish (arizalar, so‘rovlar va uchrashuvlarni qayta ishlash uchun avtomatlashtirilgan muntazam vazifalar bilan chatbot yaratish).
VI. Kollektiv murojaat-petitsiya.
“Mening fikrim” veb-portali fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirokini kengaytirish, davlat organlari faoliyatining shaffofligini, shuningdek qabul qilinayotgan qonunlarning samaradorligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Shu bilan birga, “Mening fikrim” platformasida ovozlarni hisoblash tartibi nazarda tutilmagan va qabul qilingan murojaatlar natijalari kuzatilmaydi.
Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan chora-tadbirlarning qabul qilinishi jismoniy va yuridik shaxslarning murojaat qilish usullari, shakllari va boshqa imkoniyatlarini kengaytirishga hamda kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olish maqsadida tahlil qilish imkonini beradi.