Xizmat ko‘rsatish sohasidagi zamonaviy islohotlarni jadallashtirish va iqtisodiyotni yanada diversifikatsiya qilish maqsadida Strategik islohotlar agentligi tomonidan shering-iqtisodiyot modelini keng ko‘lamda respublika miqyosida tatbiq etish masalasi o‘rganib chiqildi.
Shering-iqtisodiyot o‘zi nima? Shyering-iqtisodiyot modelida resurslar, mahsulotlar va xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoj ularni to‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olish orqali emas, balki bo‘lishish yoki muayyan muddatga ijaraga berish orqali qondiriladi. Shyering-iqtisodiyot ikki tomonlama manfaat modeli bo‘lmish “yutuq-yutuq” (win-win) nazariyasi asosida iste’molchilarga o‘z talablari zaruriyatini ta’minlash hamda mulkdorlarga qo‘shimcha daromad olishga imkoniyat yaratib beradi.
Shering-iqtisodiyot xizmatlari so‘nggi yillarda dunyoda tobora ommalashib kelmoqda. Statista.com nufuzli biznes-platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, shering-iqtisodiyotning dunyodagi umumiy qiymati 150 mlrd dollarni tashkil etadi va 2031-yilga kelib bu ko‘rsatkich 794 mlrd dollarga etishi taxmin qilinmoqda.
Ushbu modelning bugungi kundagi dolzarbligi, birinchi navbatda, davlatimizda “yashirin iqtisodiyot”ning ulushi ko‘payishi, mintaqada ekologik muammolarning haddan tashqari avj olayotgani va O‘zbekiston aholisi o‘rtasida iste’molchilar jamiyatining o‘sishi bilan chambarchas bog‘liqdir.
Shering-iqtisodiyot modeli quyidagi bir qator afzalliklarga ega:
Birinchidan, mazkur model umumiy iste’molni va iste’molchilar uchun xarajatlarni kamaytiradi. Shering-iqtisodiyotga amal qilish, mavjud tovarlar va xizmatlarning foydaliligini maksimal darajada oshirib beradi, yangi tovarlarni doimiy ishlab chiqarishni va iste’mol qilish ehtiyojini kamaytiradi, shuningdek chiqindilarni minimallashtirish va ekologik barqarorlikka katta hissa qo‘shish orqali resurslardan samarali foydalanishga yordam beradi. Shering-iqtisodiyot ishtirokchilari tovarlar yoki xizmatlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olishdan ko‘ra arzonroq narxda muayyan muddatga ijaraga olishi mumkin bo‘ladi.
Ikkinchidan, innovatsion g‘oyalarni rag‘batlantiradi va yangi ish o‘rinlari yaratadi. Shering-iqtisodiyot modellarini tadbiq etish ko‘pincha innovatsion biznes g‘oyalarni paydo bo‘lishiga va yangi texnologiyalar yoki platformalarning rivojlanishiga olib keladi. Ishtirokchilar tovarlar yoki xizmatlarga qachon va qanday shakilda foydalanmoqchi bo‘lsalar, yangi platformalar bunga imkoniyatni yaratib beradi.
Uchinchidan, odamlarga foydalanilmaydigan aktivlarni monetizatsiya qilishga imkon yaratib beradi. Jismoniy shaxslar o‘zlariga tegishli mulklarini ijaraga berish orqali qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lishadi va aktivlaridan samarali foydalanishadi.
Misol uchun, Germaniyada avtomobilni qisqa muddatga ijaraga berish (karshering) xizmatlari sezilarli darajada o‘sish kuzatildi, xususan “Flinch” va “Car2Go” kabi kompaniyalar 2022 yilda foydanaluvchilar sonini 2 mlndan oshirdi. Turar joyni qisqa muddatga ijaraga berish xizmatidan 2023 yilda Germaniyada, taxminan 10 mln sayyoh Airbnb plaformasidan foydalangan.
Fransiyada yo‘lovchilarni tashish (karpuling) BlaBlaCar platformasidan 2024–yilda 100 mln kishi foydalangan. Shu qatorda, “Frilans servis” xizmatlari (skilshering) ham kundan kunga mijozlari sonini ko‘paytirib bormoqda. “5euros.com” platformasi birinchi o‘rinda, turli xil vazifalar uchun xizmat ko‘rsatuvchi provayderlarga (frilanser)ga mustaqil ravishda mijozlarni topishga va ular bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa o‘rnatishga ko‘maklashadi.
Bugungi kunda dunyodagi eng yirik shering-iqtisodiyot bozori AQSHga tegishli bo‘lib, unda 86 mln ortiq kishi bunday iste’mol xizmatlari turidan doimiy foydalanib kelishadi va dunyodagi ulushi 45 foizni tashkil etadi.
Rossiyada shering-iqtisodiyotning hajmi 1,07 trln rublni tashkil etadi (YAIMning 1,2 foizi). Xitoyda esa shering-iqtisodiyot hajmi 230 mlrd dollarga yoki mamlakat YAIMning 1,67 foiziga to‘g‘ri keladi.
Gruziyada turizmva xizmat ko‘rsatish sohasidagi infratuzilma va shering-iqtisodiyot uchun yaratib berilgan shart-sharoitlar yuqori baholangan. “Consumer Choice Center” ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilda “Shering-iqtisodiyot indeksi” reytingida Tbilisi shahri mazkur yo‘nalishda eng rivojlangan shahar deb tan olindi.
Shering-iqtisodiyotning istiqbolli imkoniyatlaridan kelib chiqib, quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish taklif qilinadi:
- Shering-iqtisodiyotni rivojlantirishning 2030-yilgacha strategiyasini ishlab chiqish. Shu bila birga ijarachilar va mulk egalarini bog‘laydigan aloqa tizimini yo‘lga qo‘yish.
- Tashkilotlar va ijarachilar o‘rtasida mulkiy huquqlarni himoya qilishning huquqiy kafolatlarini kuchaytirish. Masalan, mulkni notarial tasdiqlamasdan va ro‘yxatdan o‘tkazmasdan qisqa muddatli ijaraga berish tizimini yaratish.
- Shering-iqtisodiyot uchun shahar va tumanlarda zamonaviy infratuzilmani Masalan, qisqa muddatli avtomobil va velosiped ijarasi (karshering va veloshering).
- Shering-iqtisodiyotni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash. Imtiyozli grantlar, investitsion venchur kapital dasturlari va subsidiyalarni startap va innavatsion biznes g‘oyalar uchun rag‘banlantirish dasturlarini keng jalb etish.
- Shering-iqtisodiyot ishtirokchilarning ma’lumotlarini himoya qilish va maxfiylik siyosatini olib borish.