Bugun Toshkentning Mirzo Ulug‘bek nomidagi Markaziy bog‘ida poytaxtdagi birinchi ichimlik suvi favvorasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu loyiha Strategik islohotlar agentligi huzuridagi Natijalarga erishish bo‘limi (Delivery Unit) tashabbusi bilan amalga oshirildi.
Ichimlik suvi favvorasi endi nafaqat shaharning aholisi uchun toza ichimlik suvi manbai bo‘lib xizmat qiladi, balki plastik mahsulotlardan ifloslanishga qarshi kurashda ham muhim rol o‘ynaydi. Loyihaning asosiy maqsadi – bir martalik plastiklardan foydalanishni kamaytirish va takror ishlatish mumkin bo‘lgan suv idishlaridan foydalanishni rag‘batlantirishdir.
Iyun oyidan oktyabr oyigacha favvora ichidagi filtrlash tizimi 16 tonna suvni tozalaydi va 0,5 litr hajmdagi 32 ming plastik idishlardan foydalanishning oldini oladi. Aholiga suv bepul taqdim etiladi, bu esa favvoradan foydalanishni qulay va ekologik xavfsiz qiladi. 2024-yil oktyabriga qadar favvoraga texnik xizmat ko‘rsatish jarayonini homiy kompaniyalar amalga oshiradi, shundan so‘ng bu vazifani bog‘ ma’muriyati o‘z zimmasiga oladi.
Shahar aholisi va mehmonlarini ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan holda, Strategik islohotlar agentligi huzuridagi Natijalarga erishish bo‘limi (Delivery Unit) Markaziy bog‘ misolida yuzlab tashkilotlar — bog‘lar, maktablar, bolalar bog‘chalari, kompaniyalar va savdo markazlarida ekologik masalalar nuqtai nazaridan to‘g‘ri qarorlar qabul qilish va shunga o‘xshash ichimlik suvi favvoralarini tashkil etishni tavsiya qiladi.