Transport sohasiga oid texnologiyalar rivojlanib, transport vositalarining turlari keskin ko‘payib borayotgan bugungi kunda, ularni boshqarishga oid masalalar mukammal tarzda tartibga solinmagan bo‘lib, amaliyotda bitta guvohnoma bilan bir qator turdagi transport vositasini boshqarish imkoniyati mavjud.
Bu esa, o‘z navbatida, tajribasi bo‘lmagan shaxslar va yoshlarga katta vazndagi yoki tezyurar transport vositalarini boshqarish imkoniyati berib, yo‘l-transport hodisalari yuz berishi xavfini oshiradi.
Masalan, kam quvvatli skuter, kvadrosikl yoki tezyurar mototsiklni (150 km/soatdan ortiq) boshqarishda sezilarli farq mavjudligiga qaramasdan, “A” toifadagi haydovchilik guvohnomasini olgan 16 yoshli fuqaro mazkur transport vositalarining barchasini boshqarish huquqiga ega bo‘layapti.
Ma’lumki, amaldagi qonunchilikka ko‘ra hozirda haydovchilik guvohnomalarining “A”, “B”, “C”, “D”, “BE”, “CE” va “DE” toifalardagi mavjud.
Strategik islohotlar agentligi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Transport vositalarini boshqarishga oid tizimni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasiga muvofiq, Yo‘l harakati to‘g‘risidagi konvensiyaga asosan (O‘zbekiston Konvensiyaga 1995 yildan boshlab a’zo hisoblanadi) transport vositasinining turi, vazni va sig‘imidan kelib chiqib haydovchilik guvohnomalarining quyidagi kichik toifalari joriy qilinmoqda:
“A1” – mototransport vositalari (ish hajmi 50 sm3dan 125 sm3gacha bo‘lgan), shu jumladan xuddi shunday tavsiflarga ega bo‘lgan moped, skuterlar. Ya’ni “A1” toifadagi guvohnoma (moped va skuterlar) 16 yoshdan, “A” toifadagi (tezyurar mototsikllar) guvohnoma 18 yoshdan beriladi.
“B1” – tritsikl va kvadritsikl (kvadrosikl);
“C1” – 3 500 kgdan ortiq va 7 500 kggacha bo‘lgan avtotransport vositalari;
“D1” – 8 dan ortiq va 16 dan ko‘p bo‘lmagan o‘rindiqqa ega yo‘lovchi tashish uchun mo‘ljallangan avtotransport vositalari.
Mazkur toifadagi haydovchilik guvohnomalarining joriy etilishi natijasida haydovchilarni tayyorlash jarayoni soddalashadi, muddatlar qisqaradi, yoshga doir talablar esa tabaqalashtiriladi. Xorijiy tajribani o‘rganish davomida kichik toifadagi haydovchilik guvohnomalari Rossiya, Qozog‘iston, Vetnam kabi davlatlarda joriy etilganligi ma’lum bo‘ldi.
Ma’lumki, aholiga mahsulot yetkazib berishda moped va skuterlar qulay transport vositasi hisoblanib, ular energiya nuqtayi nazaridan tejamkor o‘laroq tirbandliklar yuzaga kelgan sharoitlarda ham tezkor faoliyat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
Bugungi kunda yurtimizda oson va tezkor yetkazib berish tizimi mavjudligi mazkur xizmatning jadal rivojlanib borayotganligi hamda hajmi oshib borayotganligi sabablaridan biridir.
Ma’lumot uchun: 2023 yilda respublikada xizmatlar bozori hajmi 470,3 trln so‘mni tashkil qilib, 2022 yilga nisbatan 13,7 foizga oshgan. Hozirda mototransport vositalari soni taxminan 50 000 tani tashkil qiladi. Shuningdek, respublikamizda moped va skuterlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 2023 yilda 9 300 ta dona ishlab chiqarilgan.
Ammo, yengil mototransport vositalarini 2024 yil 1 yanvarga qadar haydovchilik guvohnomalarini olmasdan boshqarishga ruxsat berilgan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 maydagi PQ-153-son qarori). Hozirda yuqoridagi qarorda belgilangan muddat yakuniga yetganligi sababli barcha yengil mototransport vositalari haydovchilari haydovchilik guvohnomasini olishga majbur bo‘lmoqdalar.
Ishlab chiqilgan qaror loyihasida yengil mototransport vositalarini (tezligi 50 km/soatidan yuqori bo‘lmagan) 16 yoshga to‘lgan shaxslarga haydovchilik guvohnomalarini olmasdan boshqarishga ruxsat berish nazarda tutilmoqda.
Bu borada o‘rganilgan xorijiy tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, Vetnam qonunchiligiga (“Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi Qonun) asosan, ish hajmi 50 sm3gacha bo‘lgan ichki yonuv dvigateliga ega bo‘lgan mototransport vositalarini 16 yoshdan boshlab haydovchilik guvohnomasini olmasdan boshqarishga ruxsat berilgan.
Bundan tashqari, hozirgi vaqtda “B” toifadagi haydovchilik guvohnomasini olish bo‘yicha imtihonga kirish uchun majburiy tartibda maxsus kurslardan o‘tganlik to‘g‘risida hujjat taqdim etish zarur. Ushbu kurslardan o‘tish ma’lum vaqt va ortiqcha xarajatlarni talab qiladi.
Misol uchun: “B” toifadagi haydovchilik guvohnomasini olish uchun maxsus kurslarda o‘rtacha 3–6 oy davomida tayyorgarlikdan o‘tiladi hamda 1,5–2 mln so‘m xarajat qilinadi.
Xorijiy tajribaga ko‘ra AQSH, Kanada, Yaponiya, Janubiy Koreya va Qozog‘istonda haydovchilik guvohnomasini olish bo‘yicha imtihonlarga talabgorlar mustaqil ravishda tayyorlanib kirishlariga ruxsat berilgan.
Ishlab chiqilgan qaror loyihasida ushbu masalaga yechim taklif etilmoqda. Ya’ni, “A”, “A1”, “B” va “B1” toifalardagi haydovchilik guvohnomalarini olish uchun talabgorlar o‘zlari tayyorlanib, imtihon topshirishiga ruxsat berish nazarda tutilmoqda.
Mazkur tartibga ko‘ra talabgorning transport vositasini boshqarishga tayyorligi imtihon orqali aniqlanadi va aholida maxsus kurslarni o‘tash uchun sarflanadigan vaqt hamda xarajatlar tejaladi.