Bugungi kunda yurtimizda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, ularning faoliyatida kelib chiqayotgan muammo va to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rilib, sohani rivojlantirish va uning huquqiy himoyasini ta’minlash borasida barcha zarur tashkiliy va huquqiy mexanizmlar yaratilmoqda.
Xususan, mazkur sohani rivojlantirish borasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 14 sentyabrdagi “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–306-son qarori bilan Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi qabul qilingan.
Dasturda kichik biznes subyektlarini moliyaviy va konsultativ qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha quyidagi chora-tadbirlar belgilangan:
1) tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish yoki kengaytirish uchun 7 yil muddatga 1,5 mlrd so‘mgacha miqdorda imtiyozli kreditlar olish (asosiy stavkadan 4 foiz band yuqori);
2) qiymati 1,5 mlrd so‘mgacha bo‘lgan asosiy vositalarni 7 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olish;
3) bo‘sh turgan davlat obyektlari va yer maydonlari, asbob-uskunalar, bino va inshootlar hamda boshqa turdagi moddiy boyliklar shaklida
ulush kiritish;
4) litsenziyalar, ruxsatnomalar va sertifikatlar, bojxona va soliq ma’muriyatchiligi, eskport-import operatsiyalari va shartnomalarni rasmiylashtirish bo‘yicha ma’lumot va maslahatlar olish.
Bundan tashqari, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan kichik biznes subyektlariga “Tadbirkor” axborot tizimi orqali moliyaviy yordam, kafillik va kompensatsiya shaklida kichik tadbirkorlik subyektlariga yordam ko‘rsatilmoqda:
1) tijorat banklari kreditlari bo‘yicha kredit summasining 50 foizigacha (50 foizi ham kiradi), biroq umumiy qiymati 2,5 mlrd so‘mdan oshmagan miqdorda kafillik taqdim etadi;
2) 2025 yil 1 yanvarga qadar olis va borish qiyin bo‘lgan, shuningdek, mehnat resurslari ortiqcha hududlar hamda kooperatsiya asosida kichik biznesni va mahallalarga biriktirilgan “yetakchi” kichik tadbirkorlik subyektlariga, shuningdek, kasanachilikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarga ajratiladigan kreditlarning 75 foizigacha (75 foizi ham kiradi), biroq 2,5 mlrd so‘mdan oshmagan miqdorda kafillik beradi;
3) kichik tadbirkorlik subyektlari loyihalariga tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan, umumiy qiymati 5 mlrd so‘mdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan kredit va lizinglari bo‘yicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha («2+1» tamoyili asosida) kompensatsiya taqdim etiladi.
Agentlik tomonidan kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashdagi muammolar tahlil qilinib, yechimi ustida takliflar umumlashtirilmoqda. Jumladan, mazkur sohada bir qator muammolar bugungi kunda dolzarbligi aniqlandi. Quyida ularning ba’zilarini keltirib o‘tamiz:
1. Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish bo‘yicha institutsional yondashuvning yo‘q.
Hududlarning iqtisodiy holatini yaxshilash, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun zarur bo‘lgan tashkiliy va huquqiy mexanizmlarni tizimli ravishda joriy qilish zaruriyati mavjud.
Davlat tomonidan byerilgan imtiyoz va preferensiyalar, subsidiyalar va boshqa qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining natijadorligini baholash tizimi joriy qilinmagan.
Kichik va o‘rta biznes rivojlangan mamlakatlarning aksariyatida bu sohaga mas’ul alohida davlat organi belgilangan.
Xususiylashtirish bo‘yicha har yili qaror va dasturlar qabul qilinishiga qaramasdan iqtisodiyotda davlat ulushi hamon yuqori darajada qolmoqda. Ular xususiy sektor bilan raqobatda davlat qo‘llab-quvvatlovi mavjudligi sababli ustun mavqega ega.
Hozirda kredit resurslari yetishmasligi hamda foiz stavkalari yuqori bo‘lganligi sababli kichik va o‘rta biznes uchun kredit olish imkoniyatlari cheklangan, ularning umumiy kredit portfelidagi ulushi 20 foizga yetmaydi, kredit resurslarining 40foizi davlat korxonalariga ajratilgan.
Rivojlanayotgan mamlakatlarda ulgurji va chakana savdo iqtisodiyotning drayver sohalaridan biri hisoblanadi. Sohada norasmiy iqtisodiyot ulush yuqori darajada qolmoqda va natijada O‘zbekiston ulgurji va chakana savdo ko‘rsatkichlari bo‘yicha MDH davlatlari orasida eng quyi o‘rinlardan birida.
“Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinganiga salkam 12 yil (2012 yil 26 aprelda qabul qilingan) bo‘ldi. Lekin kichik biznesning mazkur tashkiliy-huquqiy shakli ommalashmadi.
Tadbirkorlik subyektlarining 73,7 foizi (298 338 ta) ma’suliyati cheklangan jamiyat shaklida, 14,5 foizi (58 533 ta) xususiy korxona shaklida, 10,7 foizi (43327 ta) oilaviy korxona shaklida, 1,1 foizi (4478 ta) boshqa tashkiliy-huquqiy shakllarda tashkil etilgan.
Shu bilan birga, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash borasida bir qator mamlakatlarning tajribasi o‘rganildi.
Malayziya tajribasi
Malayziyada 668 mingdan ortiq ro‘yxatdan o‘tgan kichik va o‘rta biznes subyektlari mavjud va bu mamlakatdagi barcha biznes subyektlarining 98,5 foizini tashkil qiladi.
YAIMning 42,8 foizi kichik va o‘rta biznes subyektlari tomonidan yaratiladi, ularda umumiy ishchi kuchining 79,3 foizi (8,3 mln kishi) ish bilan band.
Malayziya kichik va o‘rta biznesni ikki asosiy mezon (yillik savdo aylanmasi va xodimlar soni) asosida tasniflaydi:
a) mikro-korxonalar: yillik savdo aylanmasi 68 000 dollardan kam va 5tadan kam xodim;
b) kichik korxonalar: yillik savdo aylanmasi 68 000dollardan 3,4 mln dollargacha va 50 tadan kam xodim;
v) o‘rta korxonalar: yillik savdo aylanmasi 3,4mln dollardan 11,3 mln dollargacha va 200 tadan kam xodim.
Qozog‘iston tajribasi
Qozog‘istonda kichik va o‘rta biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlash Yagona kompleks dasturi doirasida “Dam-u” jamg‘armasi tomonidan mono, kichik shaharlar va qishloqlarda subsidiyalash va kafolatlash vositalari taqdim etiladi. Mazkur yo‘nalishga ko‘ra tadbirkorlar qaysi sohada faoliyat ko‘rsatishlaridan qat’i nazar kredit olishlari mumkin. Dasturda ishtirok etish uchun tadbirkorlar bangga moliyalashtirish bo‘yicha ariza bilan murojaat qilishlari lozim.
Maksimal summasi 1,5 mlrd tengedan (3,3 mln dollar) ko‘p bo‘lmagan miqdorda, maqsadli investitsiya kiritish sharti bilan, berilgan kreditlarga subsidiya beriladi, aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun 500 mln tengegacha (1,1 mln dollar) kreditlar beriladi.
Sanoat ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilgan taqdirda yillik kredit stavkasi 7 foizni, savdo va xizmat sohasida 10 foizni tashkil etadi.
Kafolatlash vositasi bo‘yicha maksimal kredit summasi quyidagicha:
a) ayni vaqtda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchun investitsiya maqsadida 1,5 mlrd tengedan (3,3 mln dollar) va aylanma kapitalini to‘ldirish uchun 500mln tengedan (1,1 mln dollar) ko‘p bo‘lmagan miqdorda. Kafolat hajmi kredit summasining 50 foizigacha bo‘lgan miqdorni tashkil etadi.
b) faoliyatini endi boshlayotgan tadbirkorlar uchun 360mln tenge (800 ming dollar), kafolatlar hajmi kredit summasining 85foizigacha bo‘lgan miqdorni tashkil etadi.
O‘rganishlar natijasida kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha takliflar ishlab chiqildi:
- Hududlarda kichik va o‘rta biznes sohasini izchil rivojlantirishga mas’ul bo‘lgan yagona davlat organini belgilash.
- Malayziya va Turkiyaning kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish tajribasini o‘rganish va ushbu mamlakatlar Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish agentliklari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.
- Soliq imtiyozlarini inventarizatsiyadan o‘tkazish va individual, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lmagan imtiyozlarni bekor qilish.
Kichik va o‘rta biznesga imtiyoz va preferensiyalar, subsidiyalar berishda Malayziya, Turkiya tajribasini o‘rganib chiqish va muayyan shart va mezonlar asosida berishni joriy qilish.
- Xususiylashtirish jarayonini faollashtirish, har bir davlat korxonasi faoliyatining maqsadga muvofiqligini o‘rganish va xususiy sektor mavjud bo‘lgan sohalarda ularni sotish.
- Naqdsiz iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish.
- Mamlakatimizga PayPal (yoki Stripe) to‘lov tizimini olib kirish borasidagi muammolarni o‘rganib (Markaziy bank), xalqaro to‘lov tizimlarini mamlakatimizga jalb qilish borasida muzokaralar o‘tkazish.
- Nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish maqsadida:
– mediatsiya tartibida erishilgan va notarius tomonidan tasdiqlangan mediativ kelishuvlarni notariuslarning ijro xatlariga asosan qarzni undirish so‘zsiz amalga oshiriladigan hujjatlar ro‘yxatiga kiritish;
– biznes vakillari o‘rtasida mediatsiya institutining afzalliklari va jozibadorligini keng ommalashtirish bo‘yicha Adliya vazirligi tomonidan Biznes-ombudsman va Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda hududlar kesimida targ‘ibot-tashviqot dasturini ishlab chiqish.
- AQSHning SCORE tizimi tajribasi asosida o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga masofaviy tarzda va interaktiv shaklda biznesda muvaffaqiyatga erishgan biznes vakillari tomonidan biznes maslahatlar berish imkoniyatini beruvchi “biznesni yaratish bo‘yicha onlayn gid” tamoyili asosida ishlaydigan axborot platformani yaratish. O‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga biznesni boshlash va yuritish ko‘nikmalari bo‘yicha bilimlarni masofaviy tarzda berish amaliyotini joriy qilish.
- Xalqaro moliya institutlarining moliyaviy-texnik ko‘magini jalb etgan holda bankrotlikni kamaytirish bo‘yicha amaldagi qonunchilik hujjatlarini yanada takomillashtirish, sud boshqaruvchilari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish, to‘lovga qobiliyatsiz holatidagi tadbirkorlik subyektlarini sog‘lomlashtirish bo‘yicha ta’sirchan mexanizmlarini ishlab chiqish.
- Biznes-ombudsman, Raqobat qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Raqamlashtirish vazirligi xodimlari tarkibida Adliya vazirligida ruxsat etish tartib-taomillarini qayta ko‘rib chiqish shtabini tuzish. Bunda, shtabda quyidagilar amalga oshiriladi:
tegishli vazirlik va idoralar vakillarini jalb qilgan holda amaldagi ruxsat etish tartib-taomillarini to‘liq qayta ko‘rib chiqish, shu jumladan ularni raqamlashtirish, soddalashtirish, xavf tahlili tizimini joriy etish, talab va shartlarga rioya etilishi ustidan masofaviy monitoring qilish imkoniyatlarini yaratish hamda yangi tartib-taomillarni joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
har soha bo‘yicha tadbirkorlik subyektlari uchrashuvlarini o‘tkazish, muammolarni o‘rganish hamda ularni bartaraf qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.