28-may kuni Strategik islohotlar agentligi huzuridagi Natijalarga erishishni boshqarish guruhi (Delivery Unit) ofisida Toshkent shahar hokimligi rahbariyati hamda yugurish jamoalari, fitnes-klublar, skandinav yurish bo‘yicha mutaxassislar, sog‘lom turmush tarzi sohasi mutaxassislari, shifokorlar va qiziquvchilar ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Toshkent shahrida 55 kilometrlik piyodalar va velosiped yo‘laklari mavjudligi, bundan tashqari so‘nggi 3 yilda 3 mingdan ortiq mahallarda sport maydonchalari barpo etilganiga qaramay, sport maydonchalarining sifati va aholi tomonidan ularga talabning pastligi bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolayotgani kabi masalalar muhokama qilindi.
Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Rahimova Durdona jamoat faollarini yugurish va veloyo‘laklar hamda sport maydonchalari bo‘yicha yangi loyihalarni ishlab chiqish va ularni amalga oshirishda ishtirok etishga chaqirdi.
Davra suhbati ishtirokchilari ochiq havoda sport inshootlarini qurish va rejalashtirishga sog‘lom turmush tarzi sohasidagi mutaxassislarni jalb etish masalasini qo‘llab-quvvatladilar.
Shu munosabat bilan tadbir davomida, jamoatchilik faollari, Delivery Unit va Toshkent shahar hokimligi vakillaridan iborat ishchi guruh tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ishchi guruhga bir oy muddat davomida sport maydonchalari holatini o‘rganib, yagona namunaviy model ishlab chiqish, hamda bu sohada mavjud kamchiliklar ro‘yxatini aniqlash vazifasi yuklatildi.
Shuningdek, mavjud sport maydonchalarining holatini yaxshilash bo‘yicha qator takliflar bildirildi. Ular orasida maydonlar qoplamasi sifatini yaxshilash, o‘yinmaydonchalari va mashg‘ulot zonalarini yugurish yo‘laklari orqali o‘rash, kechki payt aholi uchun maktab sport maydonchalariga bepul kirishni tashkil etish, mahallalardagi sport inshootlari uchun butalar yordamida tabiiy panjara yaratish kabilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligining Natijalarga erishishni boshqarish guruhi “Delivery Unit” 2026-yilgacha aholi salomatligi, maktab infratuzilmasi va ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha 11 ko‘rsatkichga (KPI) erishishni maqsad qilgan. Delivery Unit modeli birinchi marta Buyuk Britaniyada, 2001-yilda Bosh vazir Toni Blerning ofisida paydo bo‘lib, raqamlar bilan ishlash va ma’lumotlarni tahlil qilishga asoslanadi. Keyinchalik bu yondashuv boshqa ko‘plab mamlakatlarda, jumladan Malayziya, Indoneziya, Qozog‘iston, Chili, Tanzaniya, Janubiy Afrika, Syerra-Leone, Gana, Kosta-Rika, Avstraliya, Pokiston, Peru, Saudiya Arabistoni, Serbiya, Ugandada qo ‘llaniladi. O‘zbekistonda Delivery Unit ishini zamonaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va kartalarni ulash orqali boyitdik.
Aholi salomatligi sohasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish orqali yurak-qon tomir kasalliklari va qandli diabetdan bevaqt o‘limni kamaytirish Delivery Unitning asosiy maqsadlaridan biridir. Bu yo‘nalishda Delivery Unit tez orada keng ommaga taqdim etiladigan Sog‘lom turmush tarzi milliy strategiyasini ishlab chiqishda ishtirok etmoqda.