2024 yil 24 fevralda “Standard&Poor’s” O‘zbekistonning uzoq va qisqa muddatli xorijiy va milliy valyutadagi suveren kredit reytinglarini «BB-/B», barqaror darajada saqlab qoldi.
Bu holat 2022 yilda keskin o‘sgan pul o‘tkazmalari oqimining uzoq muddatli trendiga qaytishi, 2023 yil davomida joriy hisoblar balansi defitsitining kengayishi, shuningdek, yuqori byudjet taqchilligi bilan izohlanadi.
Hisobotda mamlakatimizning davlat qarzi YAIMga nisbatan barqaror darajada (36,8 foiz) saqlanib qolayotganligi shuningdek, energiya narxlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar o‘rta muddatli istiqbolda iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashi e’tirof etilgan.
Ma’lumot uchun: joriy hisoblar balansi defitsiti 2021 yildagi 4,9 mlrd dollardan 2022 yilda 0,6 mlrd dollargacha pasaygan. Bu holat 2022 yilda transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining (17 mlrd doll) keskin o‘sganligi bilan izohlanadi. Transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 2023 yilning birinchi yarmida 5,2 mlrd dollarni tashkil etib, 2022 yilning mos davriga nisbatan 1,3 mlrd dollarga (20 foiz) qisqargan. Joriy hisoblar balansi defitsitning asosiy komponenti tashqi savdo defitsiti hisoblanadi.
Mamlakatimiz suveren reytingi yaxshilanishi quyidagi ijobiy o‘zgarishlarni olib keladi:
a) mamlakatimizning iqtisodiy siyosati va islohotlariga ishonchni oshirib, hukumat obligatsiyalari hamda kreditlari foiz stavkalarining pasayishi hamda qarz jalb qilish shartlarining osonlashishiga olib keladi. Bu, o‘z navbatida, qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini kamaytiradi;
b)i nvestorlarning ishonchini oshirib, mamlakatga to‘g‘ridan–to‘g‘ri investitsiyalar oqimi ko‘paytiradi;
v) milliy valyuta kursining xorijiy valyutaga nisbatan barqaror saqlanishiga hissa qo‘shadi;
d) qarz olish xarajatlarining pasayishi, investorlar ishonchining oshishi va to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar oqimining ko‘payishi iqtisodiy o‘sishni tezlashtiradi;
e) O‘zbekistonning jahon bozoridagi ishtirokini yaxshilaydi, hamda savdo hamkorlari va investitsiya imkoniyatlarini qidirayotgan tadbirkorlar uchun mamlakatimizning jozibadorligini oshiradi.
Mamlakatimizning xalqaro kredit reytingini yaxshilash, to‘lov balansidagi defitsitni qisqartirish maqsadida quyidagi choralar ko‘rilmoqda:
- Byudjet defitsitini qisqartirish.
Iqtisodiyot va moliya vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda xo‘jalik yurituvchi subyektlar foydalangan soliq imtiyozlarining umumiy miqdori 41,1 trln so‘mni tashkil etgan.
Agar bir yilda soliq imtiyozlarining umumiy hajmi 15 foizga qisqartirilsa unda bu byudjet daromadlarining 6,2 foizga ortishiga olib keladi.
Byudjet daromadlarining 6,2 trln so‘mga o‘sishi byudjet defitsitini bir yilda 11 foizga qisqartiradi. Bundan tashqari, soliq imtiyozlarining bosqichma-bosqich pasaytirilishi ijtimoiy xarajatlarni (xususan, ta’lim, tibbiyot) oshirilishiga imkoniyat yaratadi.
Bundan tashqari, davlat byudjeti xarajatlari tarkibida na ijtimoiy ahamiyat kasb etadigan na iqtisodiy o‘sish yoki ishchi o‘rinlarining ortishiga ta’sir qiladigan xarajatlar mavjud. Ijtimoiy ahamiyat kasb etmaydigan xarajatlar hisobidan byudjet xarajatlari yiliga qo‘shimcha 3 foizga qisqartilsa, yoki xarajatlar kutilgan o‘sishidan 3 foiz sekinroq o‘ssa, unda 2030 yilga borib byudjet xarajatlarini 20 foiz qisqartirishga erishish mumkin (yoki kutilgan o‘sishidan ko‘ra 20 foiz sekinroq o‘sadi). Bu esa mavjud byudjet defitsitini balansli byudjetga keltirish uchun yetarli bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 24 maydagi “Tadbirkorlik subyektlariga subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalarni taqdim etish tartiblarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–193–son qarori bilan tadbirkorlik subyektlariga subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalar ularning reyting darajasidan kelib chiqqan holda taqdim qilish joriy qilindi.
Bunda qo‘llab-quvvatlash choralari “V” va undan yuqori reyting darajasiga ega tadbirkorlarga amaldagisiga nisbatan quyidagi miqdorlarda taqdim etiladi:
“AAA” toifa – amaldagi miqdorning 100 foizi;
“AA” toifa – amaldagi miqdorning 90 foizi;
“A” toifa – amaldagi miqdorning 80 foizi;
“VVV” toifa – amaldagi miqdorning 70 foizi;
“VV” toifa – amaldagi miqdorning 60 foizi;
“V” toifa – amaldagi miqdorning 50 foizi;
- Inflyatsiyani pasaytirish.
2024 yil aprel oyi holatiga yillik inflyatsiya 8,1 foizni tashkil etib, Markaziy bank kutilmalari koridorida shakllanmoqda. Ammo, energiya narxlarining erkinlashtirilishi inflyatsiyaning tezlashishiga hissa qo‘shishi kutilmoqda. Xususan, aholi uchun energiya resurslari narxi oshirilishi natijasida Markaziy bank 2024 yil uchun inflyatsiyaning target oralig‘ini 7-8 foizdan 9-11 foizgacha tezlashishini prognoz qilmoqda.
Markaziy bank monetar siyosatni yuritishda nisbatan qattiq pul–kredit shartlarni ya’ni inflyatsiya hamda asosiy foiz stavkasi orasidagi 4-5 foizlik ijobiy farqni saqlab turishi maqsadga muvofiq.
- Valyuta bozoriga intervensiya amaliyotini cheklash.
2023 yilda xalqaro zaxiralar 2,7 mlrd dollarga qisqargan. zaxiralar qisqarishining eng katta qismi 3 chorakka to‘g‘ri kelib, iyul-sentyabr oylarida xalqaro zaxiralar 2,2 mlrd dollarga kamaygan. Hozirgi vaqtda zaxiralar hajmi XVJ tomonidan tavsiya etilgan ko‘rsatkichlardan sezilarli darajada yuqori bo‘lsada, zaxiralarning yuqori suratlarda qisqarishi mamlakatimizning suveren reytingiga salbiy ta’sir qilish mumkin. Shundan kelib chiqib, zaxiralar orqali zarur.
Markaziy bank nominal valyuta kursining qisqa muddatli tebranishlarini cheklash maqsadida valyuta bozoriga intervensiyalar amalga oshirib boradi. Bu esa o‘z navbatida real valyuta kursining mustahkamlanishiga olib keladi (import qilish arzonlashadi, eksport qimmatlashadi). Xususan birgina 2023 yilda nominal kurs 9,2 foizga qadrsizlangan bo‘lishiga qaramasdan real valyuta kursi 4,6 foizga mustahkamlangan. Agar Markaziy bank nominal kursning emas, balki real kursning barqarorligiga ko‘proq e’tibor qaratsa, bu joriy hisoblar balansida defitsitning qisqarishiga sabab bo‘ladi.
- Joriy operatsiyalar hisobi defitsitini qisqartirish.
2023 yilda joriy operatsiyalar hisobi defitsiti 7,8 mlrd dollarni tashkil etib, YAIMning nisbatan 8,6 foizini tashkil etdi.
Bunda, tovar va xizmatlar defitsiti 17,6 mlrd dollar (2022 yilga nisbatan 3,9 mlrd dollarga o‘sgan), Birlamchi daromadlarning sof oqimi -761 mln dollar (2022 yilda 902 mln dollar), Ikkilamchi daromadlarning sof oqimi 10,5 mlrd dollar (2022 yilda 12,1 mlrd dollar).
Joriy operatsiyalar hisobi defitsitining yomonlashishi byudjet xarajatlari o‘sishi, shuningdek real valyuta kursining mustahkamlanishi (2023 yilda real kurs 4,6 foizga, 2019 yil sentyabridan buyon 7,5 foizga mustahkamlangan) sharoitida tashqi savdo defitsitining yomonlashib borishi hamda investitsion daromadlar chiqib ketishining ko‘payayotganligi bilan izohlanadi.
To‘lov balansining yomonlashishi mamlakatimizga investitsiya oqimining qisqarishi va qarz olish imkoniyatlarining pasayishi va qarz olish narxining (foiz stavkasining) o‘sishi va mamlakatimizning kredit reytingining yomonlashishiga olib keladi.
- Eksport o‘sishini rag‘batlantirish.
So‘nggi yillarda eksportning o‘sish tempi importga nisbatan past saqlanib qolmoqda. Xususan, 2023 yilda importning o‘sishi 24 foizni tashkil etgan bo‘lsa, oltinsiz eksport 5 foizga o‘sgan xolos. Shu sababli, tashqi savdo defitsitini qisqartirishda eksportning o‘sishini tezlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Eksport ko‘rsatkichlari jadal o‘sishi uchun Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish tezlashtirish, shuningdek asosiy savdo-iqtisodiy hamkor davlatlar (Janubiy Koreya, Turkiya) bilan erkin savdo shartnomalari imzolash kutilmoqda.