Strategik islohotlar agentligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi 2025-yilning 24-26-iyun kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan “Davlat xizmatlari bo‘yicha BMT Global forumi”ning tashkilotchilari qatorida bo‘ladi.
BMT Xalqaro Forumi 2003-yildan buyon har yili o’tkazib kelinmoqda. Forum doirasida BMTning davlat xizmati uchun nufuzli xalqaro mukofoti (UNPSA) har ikki yilda bir marta beriladi. Hozirgacha mukofot 82 mamlakatda 250 dan ortiq tashabbuslarga topshirilgan.
Avvalgi forumlar va taqdirlash marosimlari Nyu-York, Vena, Barselona, Seul, Boku, Dubay va boshqa shaharlarda bo‘lib o‘tgan. Joriy yilda Forum Koreyada bo’lib o’tadi.
Forumning maqsadi davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, iste’dodlarni davlat xizmatiga jalb etish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda raqamlashtirish imkoniyatlaridan foydalanish sohasida ilg‘or tajriba, g‘oyalar va innovatsiyalar almashinuvi uchun yuqori darajadagi global platforma yaratishdan iborat.
Samarqandda o‘tkazilishi nazarda tutilayotgan Forumga rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlardan 350 dan 450 gacha ishtirokchini jalb etish rejalashtirilgan.
Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishda innovatsiyalar muhim o‘rin tutadi. Ular davlat xizmatlarini takomillashtirib, dinamik va samarali boshqaruv tizimini yaratadi. Innovatsion yondashuvlar jarayonlarni soddalashtirish, byurokratik to’siqlarni kamaytirish, xarajatlarni tejash va resurslardan samarali foydalanishga olib kelishi bilan ham qiymatlidir.
Strategik islohotlar agentligi huzuridagi Natijalarga erishishni boshqarish guruhining (Delivery Unit) asosiy vazifasi davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish sohasidagi g‘oyalar va innovatsiyalarni ilgari surishdan iboratdir. Bu ta’lim infratuzilmasi, aholi salomatligi va ichimlik suvi sohalaridagi 12 ta ustuvor maqsad misolida amalga oshiriladi. Ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha “Dashboard”ning (choralarning amalga oshirilishining borishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar va ma’lumotlarni vizuallashtirish uchun dasturiy majmua) ishga tushirilishi muhim natijalardan biri hisoblanadi. Kelgusida ushbu majmua barcha davlat dasturlariga ham tatbiq etilishi mumkin.
Forum butun dunyodan yetakchi ekspertlar va hukumat vakillarini birlashtirgan davlat boshqaruvi va raqamli texnologiyalar sohasida muhim voqea bo‘lishini va’da qilmoqda. Bu orqali ishtirokchilar ilg‘or tajriba almashishlari, mavjud muammolarni muhokama qilishlari va davlat xizmatlarini yaxshilash bo‘yicha innovatsion yechimlarni topishlari mumkin bo‘ladi.
O‘zbekistonda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish bo‘yicha eng yangi texnologiya va yondashuvlarni faol joriy etish davom etmoqda va “Davlat xizmatlari bo‘yicha BMT global forumi”ning o‘tkazilishi bu yo‘lda muhim qadamlardan biri bo‘ladi.