Bugungi kunda vazirlik va idoralar tomonidan turli xil sohalarda (transport, oziq-ovqat, davlat korxonalarining transformatsiyasi, makroiqtisodiyot, ta’lim, madaniyat, sport, innovatsiya) 50 dan ortiq xorijiy konsultantlar jalb etilgan bo‘lib, ularning faoliyatini ta’minlash uchun qariyb 50 mlrd so‘m ajratilmoqda.
Strategik islohotlar agentligi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida bugungi kunda xorijiy konsultantlar faoliyatida quyidagi bir qator tizimli kamchiliklar mavjudligi aniqlandi:
1) xorijiy konsultantlarning aniq samaradorlik mezonlari (KPI) belgilanmagan.
Ya’ni, vazirlik va idoralarning xorijiy konsultantlar bilan tuzilgan aksariyat kelishuvlari mazmunining tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, ularning faoliyatini baholashning aniq mezonlari mavjud emas;
2) vazirlik va idoralarda xorijiy konsultantlar tomonidan taqdim etilgan hisobot va tavsiyalar tahlili bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilmagan.
Xususan, bir qator xorijiy konsultantlar jalb qilinganligiga qaramay, xulosa va hisobotlarni to‘plash, tahlil qilish va yangi takliflarni tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirmagan.
Masalan, temir yo‘l sohasini rivojlantirish uchun 5 nafar xorijiy ekspertlar jalb qilingan bo‘lsa-da, ushbu yo‘nalishdagi islohotlarda ekspertlar samarasi sezilmayapti.
3) xorijiy konsultantlar faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimi o‘rnatilmagan. Jamoatchilik nazoratini joriy etish xorijiy konsultantlar tomonidan bajarilgan vazifalarning samaradorligi va shaffofligini ta’minlaydi.
Tahlillarga ko‘ra, deyarli hech bir vazirlik yoki idora o‘zini veb-saytlarida jalb qilingan xorijiy konsultantlar hamda ular taqdim etgan xulosa va hisobotlar to‘g‘risida ma’lumotni joylashtirmagan. Shu bilan birga, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish imkoniyatini beradigan choralar yo‘lga qo‘yilmagan.
Umuman tahlillar shuni ko‘rsatdiki xorijiy konsultantlar bilan tizimli ishlash yetarli darajada tashkil etilmagan.
Yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Strategik islohotlar agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tarkibiy islohotlarni amalga oshirishda ekspertlik ko‘magi samaradorligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi tayyorlanib, Davlat Rahbari tomonidan imzolandi.
Qarorda quyidagilar nazarda tutildi:
1) xorijiy konsultantlar buyurtmachi tashkilot hamda Strategik islohotlar agentligi o‘rtasida tuziladigan 3 tomonlama shartnoma asosida jalb qilinadi. Bunda:
a)shartnoma 1 yilgacha bo‘lgan muddatga tuziladi va ushbu muddat keyinchalik uzaytirilishi mumkin;
b)shartnomada xorijiy konsultantlar tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar hamda erishiladigan individual maqsadli ko‘rsatkichlar (KPI) aks ettiriladi;
v)xorijiy konsultantlar tomonidan bajarilgan ishlar haqida buyurtmachi tashkilot har oyda ko‘rsatilgan xizmatlar to‘g‘risida dalolatnoma tuzadi;
2) xorijiy konsultantlarni jalb qilish davlat xaridlari tartib-taomillariga (shaffoflik, ochiqlik) muvofiq amalga oshiriladi;
3) xorijiy konsultantlar tomonidan bajarilgan ishlar haqida har oyda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va buyurtmachi tashkilotning rasmiy veb-saytida yoritib boriladi. Shuningdek, ular ishtirokida har oyda uchrashuvlar tashkil qilinadi hamda tegishli takliflar tayyorlanadi;
4) xorijiy konsultantlar quyidagi asosiy talablarga muvofiq bo‘lishi lozim:
iqtisodiyot, ijtimoiy soha va boshqa ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘nalishlarni isloh qilish bo‘yicha bilim, malaka va zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lishi;
nufuzli xalqaro tashkilotlar yoki xorijiy davlatlarning ilg‘or korxona va tashkilotlarida ish tajribasiga ega bo‘lishi;
xorijiy tillarni (ingliz, rus va boshqalar) zarur darajada bilishi.
Endilikda xorijiy konsultantlarning yagona elektron reestri yuritiladi va Strategik islohotlar agentligining veb-saytida (www.asr.gov.uz) joylashtiriladi. Bu reestrda konsultantlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar (hisobotlar, taklif va tavsiyalar) haqida ham ma’lumotlar ko‘rsatib boriladi.