Strategik islohotlar agentligi huzuridagi Natijalarga erishish guruhi (Delivery Unit) oldida turgan muhim vazifalardan biri ayollar o‘rtasida saraton kasalliklarini nazorat qilish dasturini ishlab chiqishda ko‘maklashishdan iborat.
So‘nggi 3-yilda O’zbekistonda ko‘krak bezi saratoni kasalliklari o‘sishi kuzatilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yila 3718 ta holat, 2022-yilda – 4164 ta yangi holatlar qayd etilgan (o‘sish 12 foiz). Ushbu kasallik oqibatidagi o‘lim holatlari ko‘rsatkichi boshqa onkologik kasalliklardan yuqori turadi (5,0/100 ming).
Ko‘krak bezi saratoni mamlakatda ayollar o‘rtasida kasallanish va o‘lim darajasi bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. Ko‘krak bezi saratonidan kasallanish holatlari boshqa onkologik kasallik turlaridan ikki barobar yuqori (12,2/100 ming) bo‘lib, barcha saraton kasalligi turlarining 20 foizini tashkil etadi (2022 y.) Bachadon bo‘yni kasalligi mamlakatda ayollar o‘rtasida kasallanish va o‘lim darajasi bo‘yicha 2 o‘rinda turadi. 2022-yilda 1851 ta yangi invaziv bachadon bo‘yni saratoni holatlari aniqlangan bo‘lib, 969 ta o‘lim holatlari qayd etilgan.
Sohadagi vaziyatni yaxshilash uchun barvaqt aniqlash va davolanishni boshlash o‘rtasida aloqa o‘rnatish, boshqa so‘z bilan aytganda, saraton bilan kasallanganlikda gumonlangan ayollarni tibbiy muassasalarda uzluksiz kuzatib borish maqsadida samarali skrining tizimini tatbiq etish zarur.
Birlamchi profilaktikadan maqsad – odam papillomasi virusi (OPV) bilan kasallanish holatlarini kamaytirishdan ibora, zero bachadoy bo‘yni saratoni kasalligining asosiy sababi OPV hisoblanadi. Emlash, skrining, barvaqt diagnostika va bachadon bo‘ynining saratonoldi holatlarini davolash orqali ushbu kasallikning 100 foiz oldini olish mumkin.
Finlyandiya, Avstraliya va Buyuk Britaniya dunyoda kasallanish va o‘lim holatlari bo‘yicha eng past ko‘rsatkichlarga ega mamlakatlar hisoblanadi. Bunday natijalarga sog‘liqni saqlash tizimining birinchi bo‘g‘inidayoq bachadon bo‘yni saratonining skriningini tashkil etish orqali erishilgan. Barcha ilg‘or mamlakatlarda skrining uslubi OPV-test hamda suyuqlik sitologiyasi triaji va kolposkopiyadan iboratdir.
1990-yilda AQSHda ko‘krak bezi va bachadon bo‘yni saratoni sababli o‘lim holatlarini oldini olish to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi, unga ko‘ra Ko‘krak bezi va bachadon bo‘yni saratonini barvaqt aniqlash milliy dasturi tashkil etgan.
Takliflar
Skrining dasturlarini monitoring qilish va baholash milliy tizimini yo‘lga qo‘yish, shuningdek bachadon bo‘yni saratoni skriningidan o‘tgan ayollarni ro‘yxatdan o‘tkazish axborot tizimi (skrining-registr) hamda saraton bilan kasallanganlar hisobini yuritish (milliy kanser-registr) muhim ahamiyat kasb etadi.
“Skrining registr” va “kanser-registr” axborot tizimlari bu skriningdan o‘tgan aholini va onkologik kasalliklar bilan kasallanganlar hisoboni yuritish bo‘yicha alohida ma’lumotlar bazasi hisoblanadi. Ushbu tizimlar skrining qamrovini baholash, kasallik, o‘lim darajasi va davolanish natijalariga doir statistikani yuritish, shuningdek ayni vaqtda mavjud bo‘lgan dori vositalari va ularning harakatini kuzatish imkonini beradi.
Bundan tashqari, kanser-registr ma’lumotlari yordamida chora-tadbirlarni rejalashtirish, imkoniyatlarni to‘g‘ri chamalash va davolanish choralarini baholash mumkin.
Axborotlashtirish, skrining qilish va bemorlarni davolanishga yo‘naltirishni nazarda tutuvchi Ko‘krak bezi va bachadon bo‘yni saratonini nazorat qilish milliy (integratsiyalashgan) dasturini ishlab chiqish va tajriba-sinov tariqasida ishga tushirish muhim.
- Ko‘krak bezi va bachadon bo‘yni saratoni bo‘yicha skrining markazini tashkil etish lozim. Ko‘krak bezi va bachadony bo‘yni saratonini sog‘liqni saqlash tizimining birinchi bo‘g‘inidayoq: oilaviy poliklinika va markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalarda barvaqt aniqlashni tashkil etish muhim
- Maqsadli guruhdagi ayollarni axborot bilan ta’minlash siyosatini ishlab chiqish, bunda alomatlar aniqlangan taqdirda keyingi qadamlar yo‘nalishini tushuntirish bilan saraton haqida xabardorlikni oshirishnga e’tibor qaratish muhimdir.
- Palliativ yordamni tashkil etish.
- Skrining va saraton kasalligi mavjudligi to‘g‘risida shubha bo‘lganda qayta ko‘rikdan o‘tish tadbirlari majburiy tibbiy sug‘urta paketiga kiritilishi kerak.
- Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining imkoniyatlari bilan kadrlarni skrining dasturini olib borish bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish, bunday kadrlarga onkoginekologiya shifokorlari, birinchi bo‘g‘in hamshiralari va oilaviy shifokorlar, ginekologlar, radiologlar va rentgen-laborantlar, patomorfologlar, mammologlar, sitologlar kiradi. Ko‘krak bezi va bachadon bo‘yni saratonini skrining qilish milliy dasturini hamshiralar, oilaviy shifokorlar, akusher-ginekologlar, onkologlar, radiologlar, sitologlar va patomorfologlarning tibbiy ta’limidan oldingi va keyingi tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish o‘quv dasturlariga kiritish.
- Saraton bilan kasallanish va u bilan bog‘liq o‘lim holatlariga doir statistik ma’lumotlar formatini va ularga bo‘lgan yonlashuvni o‘zgartirish. Skrining dasturining bahosi muayyan hududdagi o‘lim holatlarining bahosidan iborat bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, skrining qamrovi foizi, kech bosqichda aniqlangan saraton holatlari foizi, skriningdan so‘ng tashxis qo‘yish va davolashni boshlashga qadar bo‘lgan vaqt kabi yordamchi omillar o‘lchanishi lozim.
Natija o‘laroq, taklif etilayotgan dastur ayollar orasida saratonning barvaqt aniqlanishiga (I-II bosqichda) ko‘maklashadi. Bu o‘z navbatida saraton tezkor davolanishini ta’minlagan holda shifo topish imkoniyatini oshiradi.