Bugungi kunda jahonda kreativ iqtisodiyotning rivojlanishi jadal sur’atlar bilan kechmoqda va bu jarayon ko’plab mamlakatlarning iqtisodiy o’sishida muhim rol o’ynamoqda.
Ma’lumot o’rnida shuni ta’kidlash joizki, kreativ iqtisodiyot musiqa, nashriyot, arxitektura, televideniya, san’at, madaniyat, dizayn, ommaviy axborot vositalari, reklama, moda, kino va hattoki ba’zi yuqori texnologiyali tarmoqlar kabi turli sohalarni o’z ichiga oladi.
Bugungi kunda kreativ industriya yiliga 2,3 trln dollarga yaqin daromad qabul qiladi. Jahon bo’ylab eksport 250 mlrd dollarga teng bo‘lib, joriy o‘sish sur’atlarini va ushbu sektorning jahon iqtisodiyotidagi ahamiyatini hisobga olsak, bu soha yaqin 10-15 yil ichida jahon yalpi ichki mahsulotining 10 foizini tashkil etishi taxmin qilinmoqda.
Ayniqsa, yoshlar uchun bu iqtisodiyotning eng istiqbolli tarmog‘i ekanligini inobatga olasak, aholisining 60 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan bolalar va yoshlar tashkil etuvchi O‘zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega natijalardandir.
Ammo O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotida kreativ industriyaning ulushiga doir aniq ma’lumotlar yo‘q. Ayni kunga qadar kreativ industriya sohasiga oid 9 563 ta korxona roʻyxatga olinib, bu tarmoqqa yakka tartibdagi tadbirkorlarni hisobga olmaganda 84 068 nafar xodim jalb etilgan.
Bundan tashqari, sohadagi barcha korxonalarning 83 foizi yoki 7 931 tasi 9 tagacha ishchisi boʻlgan mikrokorxonalardir, xodimlari soni 49 tagacha boʻlgan kichik korxonalar soni esa 1 264 tani, 50 dan ortiq ishchilar mehnat qilayotgan korxonalar soni esa 368 tani tashkil etadi.
Respublikada 205 ta IT-markazlari, 100 dan ortiq dizayn markazlari, 60 ta animatsion suratlar markazlari, 30 ta oʻyinlar ishlab chiqish markazlari va 20 dan ortiq sanʼat galereyalari mavjud.
Davlat universitetlarining kommunikatsiya, urbanizatsiya (shaharsozlik), jurnalistika va marketing yo‘nalishlari bo‘yicha talabalarni qabul qilish bo‘yicha yillik kvotasi 9,3 ming nafarni tashkil qiladi.
Shu bilan bir qatorda respubilkada yoshlar uchun qulay shart-sharoit yaratib beradigan rag‘batlantiruvchi omillar va huquqiy jihatdan asoslanuvchi muhit mavjud emasligi, shuningdek, O‘zbekistonda kreativ industriya vakillari uchun amaldagi soliq rejimi asosidagi soliq stavkalarining yuqoriligi, soliq to‘lashning murakkab tartiblari, daromadlarni cheklash va soliq imtiyozlarining yo‘qligi kabi omillar tufayli noqulayliklar ham mavjuddir.
Kreativ iqtisodiyot butun dunyo bo‘ylab 16-29 yoshlilar uchun millionlab ish o‘rinlarini yaratadi. Rivojlangan mamlakatlarda ushbu sektorda bandlikning ulushi qisqa muddatlarda sezilarli ko’rsatkichlarga erishishi mumkin.
Rossiya Strategik tashabbuslar agentligining maʼlumotlariga koʻra, Rossiya Davlat Dumasi kreativ industriyani rivojlantirish toʻgʻrisidagi federal qonunni birinchilardan bo’lib qabul qildi. Bu haqida Agentlik bosh direktori S.Chupsheva joriy yilning 22-may kuni Strategik tashabbuslar agentligi kuzatuv kengashi yig‘ilishida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.Putinga ma’lum qildi.
Bundan tashqari, Rossiyada kreativ iqtisodiyotning 20 ta yo’nalishi bo’yicha talabalarni tayyorlaydigan “Universal universitet” faoliyati yo’lga qo’yilgan.
Shu bilan birga, ushbu tarmoqlarni rivojlantirishning hududiy standarti ishlab chiqilgan. Bundan ko’zlangan maqsad – 2030-yilga borib Rossiya yalpi ichki mahsulotidagi ulushini 3 foizdan 6,5 foizga oshirish.
AQShda kreativ iqtisodiyot tarmog’i iqtisodiy o’sishda asosiy rol o’ynaydi. Gollivud, Kremniy vodiysi, Nyu-York va Los-Anjeles dunyodagi kreativ industriya markazlari hisoblanadi.
Buyuk Britaniya kreativ industriyasida 2 mlndan ortiq kishi ishlaydi, demak, bu mamlakatdagi mehnat qilishga qodir odamlarning har 20-si kreativ iqtisodiyotga tegishli. Misol o’rnida aytish mumkinki, bu ko‘rsatkich ta’lim sohasida mehnat qilayotgan 2,5 mlndan biroz kamroq ko’rsatkichni tashkil etadi.
Janubiy Koreya esa madaniyat va K-pop, kino va teleko’rsatuvlar kabi kreativ sohalarni rivojlantirishga katta miqdorda sarmoya kiritadi. Hukumat koreys madaniyatini xorijga eksport qilishni faol qo‘llab-quvvatlamoqda.
Shuningdek, Qozog‘istonda 2021-yil noyabr oyida 2021–2025-yillarda kreativ tarmoqlarni rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi, ushbu hujjat doirasida “Madaniyat to‘g‘risida”gi qonun va Tadbirkorlik kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Mazkur chora-tadbirlar san’at, dizayn va IT kabi sohalarda ishlayotgan odamlar va kompaniyalarni qo’llab-quvvatlash uchun sharoit yaratdi.
2022-yil aprel oyida Qirg‘izistonda bu masala bo‘yicha Prezident huzurida maxsus kengash tuzildi, o‘sha yilning avgust oyida esa soliq va imtiyozlarning alohida rejimi bilan “Kreativ industriya parki to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Kengashning tashkil etilishi kreativ sohalarni qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlar duch kelayotgan muammolarni hal etish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirishga yordam beradi.
O‘z navbatida, Kreativ industriyalar parki maxsus soliq imtiyozlari va boshqa imtiyozlarni taqdim etadi, bu esa uni yangi kompaniyalar va startaplar uchun qulay tarmoqqa aylantiradi.
Kreativ iqtisodiyotning o‘sish sur’ati va jahon iqtisodiyotidagi ahamiyati ta’sirida O‘zbekistonda ilg‘or xorijiy tajribaga asoslangan holda “Kreativ tarmoqlarni rivojlantirish” milliy dasturini ishlab chiqishga undamoqda, dasturda quyidagilar nazarda tutiladi:
1) kreativ industriya sohasi vakillari uchun maxsus tashkiliy hududlar, ko‘rgazma maydonchalari va studiyalar tashkil etilish. Bu orqali soha vakillari o‘z asarlarini namoyish etishlari mumkin bo’ladi;
2) ijodiy soha mutaxassislari ishini sezilarli darajada osonlashtiradigan zarur jihozlar, kompyuterlar va dasturiy ta’minotdan foydalanishni ta’minlash orqali ularni qo’llab-quvvatlash;
3) intellektual mulk va g‘oyalarni nusxa ko‘chirishdan himoya qilishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish. Bunga qonunchilik, patentlash mexanizmlari va maxfiylik qoidalarini takomillashtirish kabilar kiradi;
4) ijodiy soha vakillarining malakasini oshirish uchun jahonning yetakchi mutaxassislaridan o‘quv dasturlari va mahorat saboqlari o’quv seminarlarini tashkil etish;
5) kreativ industriyada startap va loyihalarni rivojlantirish uchun Grantlar va kreditlar taqdim etish jamg‘armasini tashkil etish;
6) mamlakat ichidagi va xorijdagi ijodiy soha vakillari o‘rtasida bilim va tajriba almashish uchun tarmoq platformalarini yaratishga ko‘maklashish.