Strategik islohotlar agentligi tomonidan Bekobod tumanidagi joriy holat joyga chiqqan holda o‘rganilib, tumanning o‘ziga xos salohiyati inobatga olingan holda qo‘shimcha iqtisodiy “o‘sish nuqtalari” aniqlandi va tegishli takliflar ishlab chiqildi.
Qisqa ma’lumot: Bekobod tumani 3-toifaga kiradi, tumanning umumiy maydoni 756 km2 tashkil etib, 51 ta mahallada 165,7 ming nafar aholi istiqomat qiladi. O‘tgan yilda tuman byudjeti daromadlari 100,7 mlrd so‘mni, xarajatlari esa 202,7 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Tumandagi “Do‘stlik”, “Navbahor” va “Bekobod” hududlarida 700 gektar suv ta’minoti og‘ir yer maydonlari mavjud.
Ushbu hududlarda suv yetishmasligi sababli paxta hosildorligi 5 sentnerni, g‘alla hosildorligi 10 sentnerni ham tashkil etmaydi. Bunday holat ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘lari qaytarilmasdan, muammoli kreditlar salmog‘i oshib borishiga sabab bo‘lmoqda.
Mazkur holatga yechim sifatida ushbu hududdagi tuproqni meliorativ holatidan kelib chiqqan holda, paxta-g‘alla yetishtirishni to‘xtatib, boshqa turdagi qishloq xo‘jaliklari yetishtirishga ixtisoslashtirish va tuman zaxirasiga qaytarish taklifi ishlab chiqildi.
Misol uchun, mavjud 700 gektar yerlarni 50 sotixdan lotlarga bo‘lgan holda, artezian qudug‘i kovlatish va suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish sharti bilan auksion savdolari orqali hudud aholisiga sotish mumkin.
Mazkur taklif amalga oshirilgan taqdirda, tumandagi 2 100 nafar ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlanadi, 5 ming tonna sabzavot, 38,5 ming tonna poliz mahsulotlari yetishtiriladi, byudjetga 5,5 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘lar tushirilishi ta’minlanadi.
Bekobod tumanida 286 ta sanoat korxonalari davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lib, shundan 1 tasi yirik korxona, 285 tasi kichik tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan 5 tasi xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalardir.
2023-yilda tumanda ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari miqdori 382,2 mlrd so‘mni tashkil etib, viloyatda eng oxirgi o‘rinni (viloyat bo‘yicha 0,4%) egallagan.
“Oqtepa” mahallasi hududida qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer toifasida turgan 4,0 gektar bo‘sh yer maydonida “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi” tashkil etilgan.
Mazkur yerning 2,6 gektar maydoni yaroqli holda bo‘lib, 1,4 gektar maydonda sobiq “Sirdaryo IES”AJning suv ko‘tarish inshooti mavjud. Ushbu inshoot qayta ta’mirlash va bo‘shagan maydonni kadastr xatlovidan o‘tkazgan holda mazkur maydonlarni auksion savdolari orqali sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish istagida bo‘lgan yosh tashabbuskor tadbirkorlarga sotish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Shu nuqtayi nazardan ushbu sanoat zonasidagi barcha mavjud yerlarni kadastr ro‘yxatidan o‘tkazish, tegishli lotlarga bo‘lish va 1,4 gektar maydondagi sobiq “Sirdaryo IES”AJning suv ko‘tarish inshootini qayta ta’mirlash sharti bilan auksion savdolari orqali yosh tadbirkorlarga sotish taklifi ishlab chiqildi.
Buning natijasida ushbu yoshlar sanoat zonasiga tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari natijasida 8 mln AQSH dollari miqdoridagi investitsiyalar jalb etilishi, 650 mln so‘m byudjetga qo‘shimcha mablag‘ tushishi, 250 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.
Turizm va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan ishlar davomida quyidagilar aniqlandi.
Bekobod tumanida 1 ta mehmonxona va 2 ta dam olish maskanlari, 4 ta oilaviy mehmon uylari, 2 ta xostel, 3 ta ziyoratgoh hamda 50 taga yaqin umumiy ovqatlanish shahobchalari mavjud.
2023-yilda tumanga 82,5 ming nafar mahalliy hamda 28 ming nafar xorijiy turistlar tashrif buyurgan. Shunday bo‘lsada, hozirgi kunda tumanning turizmni rivojlantirish bo‘yicha salohiyatidan to‘liq foydalanilmaydi.
Misol uchun, Bekobod tumanida “Buzruk bobo”, “Temiratki ota” va “Qizil mozor” ziyoratgohlari mavjud bo‘lib, ushbu madaniy meros obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan maskanlarga har yili 80 mingga yaqin mahalliy turistlar tashrif buyuradi.
Ishlab chiqilgan taklifga ko‘ra, “Buzruk bobo” ziyoratgohiga tashrif buyuruvchi turistlar uchun qulaylik yaratish maqsadida 296-297-konturlaridagi avtomobil yo‘llari yoqasida jami 3 gektar yer maydonlarining toifasini o‘zgartirish va lotlarga bo‘lgan holda mazkur maydonlarda xizmat ko‘rsatish va servis obyektlarini tashkil qilish istagida bo‘lgan tadbirkorlarga auksion savdolari orqali sotish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Natijada ushbu ziyoratgohlarga qo‘shimcha ravishda 30 ming nafar mahalliy va xorijiy turistlar jalb qilinadi, 50 ga yaqin savdo, umumiy ovqatlanish va servis xizmat ko‘rsatish obyektlari tashkil etiladi, 200 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi va byudjetga 1,5 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘lar tushirilishi ta’minlanadi.
Agentlik tomonidan yuqoridagi takliflarni amalga oshirish bo‘yicha hujjat loyihalari ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar davom etmoqda.