Mamlakatimizda yetishtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlari bugungi kunda nafaqat ichki bozorni balki jahon bozorini ham to‘ldirib kelmoqda.
O‘tgan yili 23 mln tonna poliz mahsulotlari va meva-sabzavot yetishtirildi, qayta ishlash orqali 86 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, oziq-ovqat mahsulotlari eksporti 1,7 mlrd dollardan oshdi.
Oxirgi 5 yilda oziq–ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish yillik o‘sishi o‘rtacha 18 foizni tashkil etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari bilan 2024 yil yakunigacha asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari uchun import bojxona boji nol stavka belgilangan.
2024 yilning yanvar–aprel oylarida asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlar importi 670,6 mln dollarni tashkil qilib, 2023 yilning mos davriga nisbatan 20 foizga yoki 169,1 mln dollarga kamaydi.
Bunda, aralash o‘simliklar yog‘i importi 4,2 mln dollarga, bug‘doy 74 140,5 mln dollarga, kungaboqar urug‘i 8 mln dollarga, shakar xomashyosi 53,9 mln dollarga, guruch 1,9 mln dollarga, margarin 8,6 mln dollarga, makaron 2,5 mln dollarga, kungaboqar yog‘i 20,8 mln dollarga qisqargan.
Ayrim mahsulotlar importi oshgan, jumladan go‘sht mahsulotlari importi 122,5 mln dollarga yoki 35 foizga oshgan.
Sohada yechimini kutayotgan muhim masala, sanoat va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish dasturlarini uyg‘unlashtirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlashni davlat tomonidan rag‘batlantirish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning kompleks tizimini yaratish hisoblanadi.
Bu choralar ayrim oziq–ovqat mahsulotlari narxining birdaniga keskin oshib ketishini oldini olish orqali bozorda “ajiotaj” va aholining kambag‘al qatlami orasida ijtimoiy noroziliklar paydo bo‘lishiga oldini olish imkoniyatini beradi.
Sohadagi yana bir muhim masala ishlab chiqarish samaradorligi hisoblanadi. Masalan, 2016–2022 yillarda sut yetishtirish deyarli 20 foizga oshgan, bu davrda sigirlar soni 17,7 foizga oshgan bo‘lsada, ishlab chiqarish samaradorligining o‘sishi esa 1 foiz atrofida bo‘lgan.
Shunday qilib, bitta sigirdan sog‘ib olinadigan yillik o‘rtacha sut miqdori 2 310 kgni tashkil etadi. Holbuki, Rossiyada bu ko‘rsatkich 5 017 kgni (2,2 barobar ko‘p), Belarusda 5 367 kgni (2,3 barobar ko‘p), Avstriyada 7 275 kgni (3,1 barobar ko‘p), Niderlandiyada 9 149 kgni (deyarli 4 barobar ko‘p), Isroilda 12 736 kgni (5,5 barobar ko‘p)ni tashkil etadi.
O‘zbekistonda har ming kishiga 140 bosh sigir to‘g‘ri kelgan bir paytda, AQSHda bor-yo‘g‘i 40 bosh, Buyuk Britaniyada 44 bosh, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida 45-48 bosh sigir to‘g‘ri keladi.
Soha mutaxassislari va olimlarning fikriga ko‘ra yaylov yerlari holati yomonlashib borayotganligi, yaylov va pichanzorlarda o‘simlik turlari soni qariyb 20 foizga qisqarganligi kelgusida hosildorlikni 2 barobar kamayishiga olib kelishi mumkin.
Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati korxonalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash deyarli barcha mamlakatlarda mavjud.
Masalan, Fransiyada oziq-ovqat chiqindilariga qarshi qonun supermarketlardan sotilmay qolgan oziq-ovqat mahsulotlarini xayriya yoki qayta ishlash uchun berishni, shuningdek, subsidiyalar va soliq imtiyozlari orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantirishni talab qiladi. Natijada fransuz iste’molchilarining qariyb 95 foizi mahalliy mahsulotlarni afzal ko‘radi.
Braziliya hukumati davlat idoralarini mahalliy fermerlardan mahsulotning ma’lum foizini sotib olishga majbur qiladigan “Oilaviy fermerlardan xarid qilish” dasturini joriy qilganligi natijasida qishloq xo‘jaligining YAIMga qo‘shgan hissasi 2%ga oshgan.
Dastur doirasida fermerlarga imtiyozli kreditlar ajratilib, texnik ko‘mak ko‘rsatilgan. 2020 yilda dasturda ishtirok etayotgan fermerlarning daromadi 22%ga oshgan. Davlat muassasalarida oziq-ovqatning 50%dan ortig‘i mahalliy fermerlardan olinadi.
Belarusning “Qishloq hududlarini rivojlantirish va agrosanoat kompleksi samaradorligini oshirish” Davlat dasturida davlat organlarining mahalliy ishlab chiqaruvchilardan mahsulot sotib olish majburiyati, qishloq xo‘jaligi obyektlarini qurish va modernizatsiya qilish, imtiyozli kreditlar va subsidiyalar berish, eksportchilar uchun moliyaviy yordam va soliq imtiyozlarini taqdim qilish ko‘zda tutilgan.
Natijada 2015 yildan qishloq xo‘jaligida mehnat unumdorligi 15%ga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti 20%ga oshgan, sut mahsulotlari importi 25%ga, go‘sht mahsulotlari importi 30%ga qisqargan.
“Ozarbayjon qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash” Davlat dasturi doirasida qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchilar barcha soliqlardan ozod qilindi, davlat organlarini mahalliy fermerlardan mahsulot sotib olishga majbur qildi, shuningdek, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va kengaytirishni moliyalashtirdi.
Natijada 2016 yildan buyon Ozarbayjonda oziq-ovqat mahsulotlari importi 20%ga qisqargan, mahalliy don yetishtirish 15%ga, sut mahsulotlarini ishlab chiqarish 10%ga o‘sgan.
Oldimizda turgan dolzarb vazifalar biri qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini (paxta va g‘alladan tashqari) ekishdan boshlab, mahsulotni saqlash, qadoqlash, qayta ishlash va sotish zanjirini to‘liq qamrab oladigan davlat tomonidan rag‘batlantirish va moliyaviy qo‘llab–quvvatlashning kompleks Dasturini qabul qilish orqali sanoat va qishloq xo‘jaligini mutanosib rivojlantirish hisoblanadi. Bunda:
birinchidan, yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi va eksport qiluvchi tadbirkorlik subyektlari uchun moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish;
ikkinchidan, davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, jumladan imtiyozli kreditlar va subsidiyalar ajratishni sohadagi natijadorlik va legallashuvga bog‘lagan holda kompleks yondoshuv;
uchinchidan, ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari eksporti uchun joriy etilgan vaqtinchalik cheklovlarni bekor qilish;
to‘rtinchidan, qayta ishlash sanoatining xomashyo bazasini kengaytirish;
beshinchidan, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar uchun notarif sun’iy to‘siqlarni “paritet” usulda bekor qilish bo‘yicha hamkor davlatlar vakolatli organlari bilan muzokaralar o‘tkazish, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni eksport qilish imkoniyatlarini oshirish;
oltinchidan, davlat ehtiyojlari uchun sotib olinadigan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati mahsulotlarida mahalliy mahsulot ulushini oshirish.