Avval xabar beganimizdek, Strategik islohotlar agentligi xodimlari tomonidan Toshkent viloyatining tuman va shaharlaridagi joriy holat o‘rganilib, hududlarning o‘ziga xos salohiyatidan kelib chiqqan holda qo‘shimcha iqtisodiy “o‘sish nuqtalari” aniqlanmoqda.
E’tibor bering: Chirchiq shahri 1-toifaga kiradi, shaharning umumiy maydoni – 44,6 km2ni tashkil etib, 44 ta mahallada 173 ming nafar aholi istiqomat qiladi. 2023-yilda shahar byudjeti daromadlari 99 mlrd so‘mni, xarajatlari esa 154 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Chirchiq shahrida O‘zbekistonda yagona bo‘lgan Jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda mashhur sportchilar yetishib chiqqan Respublika olimpiya zaxiralari kolleji joylashgan. Shu bilan birga, shaharda ko‘plab xalqaro musobaqalar g‘oliblari, mashhur murabbiylar va sport ustalari istiqomat qiladi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, bugungi kunda shaharda ko‘plab sport turlari bo‘yicha musobaqalarni o‘tkazish orqali Chirchiq shahrida sport turizmini rivojlantirish va tashkil etiladigan tadbirlarning joziborligini oshirish masalasi o‘rganilmoqda.
Buning uchun Chirchiq shahridagi “Chinor” mahallasidagi 5 gektar yer maydonida xalqaro sport musobaqalari, shuningdek, madaniy va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga ixtisoslashgan zamonaviy sport arenasini barpo etish taklifi ishlab chiqildi.
Bu orqali Chirchiqda uyushtiriladigan musobaqalarga mahalliy va xorijiy sportchilar hamda muxlislarini joylashtirish, ularga xizmat ko‘rsatish, savdo va transport xizmati hajmini qo‘shimcha 50-100 mlrd so‘mga oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Hozirda G‘azalkent shahridan Chirchiq shahri markazi o‘rtasidagi masofa taxminan 30 kmni tashkil etib, ishga, o‘qishga yoki savdo-sotiq va boshqa maishiy maqsadlar bilan har kuni 10 ming nafar fuqarolar kelib-ketadi. Natijada Chirchiq shahri ichidagi yo‘llarda avtomobillar soni ko‘payib, katta tirbandliklar yuzaga kelmoqda.
Shahar salohiyatini o‘rganish orqali aholi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida Chirchiq daryosi ustidan o‘tuvchi “4R6-Toshkent-Chirchiq-Chimyon” avtomobil yo‘lining 36 kmda “4R12-Bektemir-Yangibozor-Bo‘stonliq” avtomobil yo‘li bilan bog‘lovchi ko‘prik qurish hamda Chirchiq shahri hududida 1 gektar bo‘sh turgan yer maydonida dehqon bozorini tashkil qilish taklifi ishlab chiqildi.
Buning natijasida tirbandliklarni kamaytirish, dehqon bozorini tashkil etish orqali “Sharq”, “Baxt”, “A.Yassaviy”, “G‘alaba”, “Hayot Guli” mahallalarda 1 000 dan ziyod yangi ish o‘rinlarini yaratish, savdo va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 100 tadan ortiq shahobchalarni ochish mumkin.
Chirchiq shahrida foydalanilmasdan kelinayotgan 60 gektar yer maydonida Chirchiq industrial texnoparkini tashkil etish taklifi shakllantirildi.
Agar shaharda bunday texnopark ochilsa, hududga 300 mln AQSH dollar miqdorida qo‘shimcha investitsiya jalb qilinadi, 2 000 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratiladi va har yili qo‘shimcha 2-3 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi, byudjet uchun kamida 200 mlrd so‘mlik tushum manbasi paydo bo‘ladi.
Ishlab chiqilgan barcha takliflar bo‘yicha Chirchiq shahrini iqtisodiy rivojlantirish dasturini ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
Agentlik tomonidan Toshkent viloyati boshqa tuman va shaharlarining o‘ziga xos salohiyatidan kelib chiqib “o‘sish nuqtalari”ni aniqlash ishlari davom ettirilmoqda.