Strategik islohotlar agentligida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti vakillari bilan “O‘zbekistonda davlat boshqaruvi tizimi tahlili” loyihasining muhokamasiga bag‘ishlangan oraliq uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda SIA direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov, IHTTning Davlat boshqaruvi masalalari bo‘yicha bo‘limi ekspertlari Adam Ostri, Kapusin Kerboas, Simon Kalvert, Ivan Stola, shuningdek Adliya vazirligi va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi vakillari ishtirok etishdi.
Uchrashuvda IHTT vakillari bilan O‘zbekistonda strategik rejalashtirishga doir dastlabki tahliliy materiallar muhokama qilindi. Shu bilan birga, xorijiy ekspertlar O‘zbekistonda idoralararo hamkorlik tizimi, shuningdek Strategik islohotlar agentligining asosiy funksiya va vazifalar bilan tanishdilar.
IHTT ekspertlari ushbu missiya davomida tegishli vazirlik va idoralar bilan suhbatlar o‘tkazishi, shuningdek davlat xizmati, strategik rejalashtirishda gender tamoyillari, tartibga solish jarayonlari muhokama qilish kutilayotganini ma’lum qildilar.
Mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik doirasida SIA Adliya vazirligi bilan birgalikda loyihaning yakuniy tahririni ko‘rib chiqishi va joriy yilning sentyabr oyida IHTT davlat boshqaruvi tizimini takomillashtrishga qaratilgan jahon tajribasiga asoslangan tavsiyalarni tahlilnoma ko‘rinishida taqdim etishi belgilab olindi.