Ilgari xabar berilganidek, Strategik islohotlar agentligi xodimlari tomonidan Navoiy viloyatining bir qator tumanlari o‘rganilib, har bir o‘rganilgan hududni rivojlantirishga doir takliflar ishlab chiqildi. Jumladan, Xatirchi tumanida bo‘lgan SIA xodimlari tumanning salohiyatini o‘rgangan holda, tumanni rivojlantirishga doir tegishli takliflar tayyorladi.
Xatirchi tumani 4-toifaga kiradi; tumanning umumiy maydoni – 1,42 ming km2ni; tumandagi doimiy aholi soni – 213,8 ming nafardan iborat. Xatirchida 70 ta mahalla, 169 ta aholi punktlari mavjud. Tuman byudjeti daromadlari miqdori – 98,5 mlrd so‘mni, xarajatlari miqdori esa 374,3 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Safar davomida Xatirchi tumanida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan o‘rganilgan va hozirda foydalanilmayotgan zaxira konlar mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Jumladan, dala shpati xom ashyosi va vollastonit, kremniy, tabiiy qoplamali pardozbob toshlar, qurilish toshlari, g‘isht va plitka xom ashyosi zaxiralari aniqlangan.
Bugungi kunda tumandagi 16 ta tadbirkorlarga 20 dan ortiq noruda foydali qazilmalar ajratilgan. Shuningdek, tumandagi korxonalar tomonidan yillik qazib olish quvvatlari 100 ming kub.m tabiiy pardozbob toshlar, 100 ming tonna dala shpati va 140 ming tonna kvarsni tashkil etmoqda. Mazkur korxonalarning 20 ta konlarga (shundan 16 tasiga qazib olish hamda 4 tasiga geologik jihatdan o‘rganish uchun) litsenziyalar berilgan va tuman hokimligidan yer maydonlari ajratib berilgan.
Ammo yer maydoni ajratib berilgan korxonalar tomonidan qazib olingan mahsulotlar boshqa hududlarga tashib ketilib qayta ishlanayotgani sababli ularning tumanda ishlab chiqarish quvvatlari mavjud emas. Ushbu korxonalar tomonidan granit bloklari yuk avtomobillarida tashib ketilishi natijasida tuman hududidan o‘tgan 33 kmlik davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan hamda 5 kmlik ichki yo‘llar yaroqsiz holatga kelib qolgan.
Yo‘llar 2-3-yilda ta’mirtalab bo‘lib, har 1 km yo‘lni kapital ta’mirlash uchun o‘rtacha 2 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ sarflanadi.
Yuzaga kelgan muammoning yechimi sifatida tumandagi mavjud tabiiy va mineral xomashyolarni, shuningdek, to‘qimachilik, qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va qurilish materiallarini tashib ketish xarajatlarini qisqartirish va logistikani tashkil etish uchun 36 km temir yo‘l tarmoqlarini tortish taklifi ishlab chiqildi.
Mazkur taklif amalga oshirilgan taqdirda tumandagi mavjud qimmatbaho metallar, granit, dala shpati, kvars va boshqa mineral xom ashyolarni qayta ishlab, to‘g‘ridan to‘g‘ri eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Shu bilan birga, mahsulotlarning tannarxi pasayishiga erishilib, mavjud xomashyo zaxiralaridan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilib, qo‘shimcha qayta ishlash quvvatlari yaratiladi.
Bundan tashqari, o‘rganishlar davomida ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan noruda foydali konlar hech bir tashkilot jumladan, mahalliy hokimliklar bilan kelishilmasdan auksion savdolariga chiqarilmoqda yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratilmoqda.
Bu esa investorlarning ortiqcha vaqti va mablag‘lari sarflanishiga sabab bo‘lish bilan birga, boshqa tashkilotlarning mazkur yerda faoliyat olib borishlari qonun bilan taqiqlanishiga hamda mahalliy hokimliklarda investorlar bilan ishlashda qiyinchiliklar paydo bo‘lishiga olib kelmoqda.
Ushbu masalani ijobiy hal etish maqsadida tayyorlangan taklifga ko‘ra, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi mazkur yer maydonlarini auksionga chiqarishda yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri berishda tegishli tashkilotlar hamda mahalliy hokimliklar bilan kelishishi nazarda tutilgan platforma yaratilishi, hududdan ajratilgan noruda foydali konlardan qazib olingan rudani shu tumanning o‘zida qayta ishlash majburiyati tadbirkorga yuklanishi nazarda tutilmoqda.
Natijada tuman hududidan ajratilgan noruda foydali konlardan qazib olingan rudani shu tumanning o‘zida qayta ishlash va eksport qilish majburiyati yuklash imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu orqali mahalliy byudjetga qo‘shimcha tushum hamda yangi ish o‘rinlari yaratilishi ta’minlanadi. Ya’ni, misol uchun bugungi kunda tumanda noruda foydali konlardan foydalanuvchi 20 ta korxonalar dastlabki xomashyoni tumanda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan taqdirda qo‘shimcha 2000 dan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi.
Bundan tashqari, Xatirchi tumanida ekoturizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha katta imkoniyatlari mavjud. Jumladan, “Langar”, “Oltinsoy”, “Sangijuman”, “Maydon”, “Oqtepa”, “Qo‘rg‘ontepa”, “Baxshijar” mahallalariga joriy yilning yanvar-aprel oylarida 150 ming nafar mahalliy sayyohlar tashrif buyurgan. Yil yakuniga qadar sayyohlar soni 750 ming nafarni tashkil etishi kutilmoqda.
O‘rganishlar davomida aniqlanishicha, tumanning “Langar” mahallasi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi tashkil etish uchun qulay hudud hisoblanadi. Ushbu mahalla tog‘li hududda joylashganligi, tabiatining o‘ziga xosligi va eng muhimi – yo‘l infratuzilmasining talab darajasida ekanligi mazkur imkoniyatlardan unumli foydalanishga imkon beradi.
Bundan tashqari, ushbu mahallaga “turizm qishlog‘i” maqomini berish maqsadida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasiga tegishli ariza kiritilgan.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlarga qo‘shimcha tariqasida bolalarni yozgi ta’til davomida sog‘lomlashtirish va bo‘sh vaqtlari mazmunli o‘tkazilishini tashkillashtirish maqsadida, tabiati va iqlim sharoiti o‘ziga xos va toza bo‘lgan “Langar” qo‘rg‘onida 300 o‘rinli bolalar sog‘lomlashtirish oromgohini qurish taklifi ishlab chiqildi.
Ushbu loyiha amalga oshirilgan taqdirda, ko‘p sonli aholiga ega bo‘lgan Xatirchi tumani va qo‘shni tumanlardagi bolalari ta’til vaqtida dam olib, hordiq chiqarishlari uchun qo‘shimcha sharoit yaratiladi. Bundan tashqari, 200 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi, oromgohga yaqin hududlarda turli xizmat ko‘rsatish shaxobchalari tashkil etilishi ortidan mahalla va tuman aholisining daromadlarining o‘sishiga erishiladi.
Bayon etilgan masalalar yuzasidan ishlab chiqilgan hamda boshqa barcha taklif va tashabbuslarni amalga oshirish yuzasidan tegishli normativ-huquqiy hujjat tayyorlanishi kutilmoqda.