Ilgari xabar berilganidek Strategik islohotlar agentligi xodimlari Navoiy viloyati Konimex tumanida boʻlib, tumanning salohiyatini oʻrganish bilan birga iqtisodiy “oʻsish nuqtalari”ni aniqlangan holda hududni rivojlantirishga doir takliflar ishlab chiqdi. Olib borilgan ishlar va ilgari surilayotgan takliflar haqida quyida muxtasar bayon etildi.
Konimex tumani 4-toifaga kiradi; tumanning umumiy maydoni – 9,25 ming km2ni; tumandagi doimiy aholi soni – 37,4 ming nafardan iborat. Konimexda 15 ta mahalla, 42 ta aholi punktlari mavjud. Tuman byudjeti daromadlari miqdori – 26,2 mlrd soʻmni, xarajatlari miqdori esa 127,1 mlrd soʻmni tashkil etadi.
Konimex tumani asosan chorvachilikka ixtisoslashgan boʻlib, bugungi kunda tumanning 1 mln gektardan oshiq yaylov yerlarida 600 ming mayda shoxli va 25 ming yirik shoxli qoramol yetishtirilmoqda. Oʻtgan yili tumanda 16,8 ming tonna goʻsht, 18 ming tonna sut, 1,2 ming tonna jun yetishtirilgan. Shunga qaramasdan tumanning choʻl hududlarida suv taʼminoti yetarli emasligi sababli 200 ming gektar yaylov yerlardan foydalanilmasdan kelinmoqda.
Mazkur holatga yechim ishlab chiqishdan oldin tuman hududidagi yer osti suvlari zaxirasini toʻliq aniqlash uchun 2 oy muddatda gidrogeologiya ishlarini amalga oshirib, suv debitini aniqlash zarurligi qayd etildi. Shu bilan birga, mutaxassislarning fikriga koʻra, tumanning choʻl hududlaridagi 200 ming gektar yaylov yerlarida 100 dona tik quduq barpo etish orqali qoʻshimcha 200 ta chorvachilik yoʻnalishidagi yangi tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish, har bir xoʻjalikda oʻrtacha 500 bosh mayda shoxli mollar parvarish qilish, mayda shoxli mol bosh sonini 100 mingtaga koʻpaytirish va yiliga qoʻshimcha 1 800 tonna tirik vazn hisobida goʻsht ishlab chiqarish mumkin boʻladi. Bundan tashqari, yuqoridagi ishlar amalga oshirilgan taqdirda hududda yana 1 ming nafar fuqaroning bandligi taʼminlanadi.
Mazkur ishlarni amalga oshirish uchun zarur mablagʻ manbasiga doir taklif ishlab chiqildi.
Tumandagi ishlab chiqaruvchi hamda xizmat koʻrsatuvchi korxonalar tomonidan elektron kooperatsiya portaliga yaʼni cooperation.uz ga kirib mahsulotlarni xarid qilish hamda sotishda muammolar yuzaga kelayotgani aniqlandi. Jumladan, “Navoiy Dizayn Plyus” MCHJga tegishli boʻlgan geologik laboratoriyada namunalarni tahlildan oʻtkazish uchun buyurtmalarni olishda litsenziyasi yoʻq va bu sohaga aloqador boʻlmagan korxonalar tomonidan kam narx koʻrsatgan holda buyurtmalar olinib, xizmat koʻrsatilmasdan rad etish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa ushbu soha egasi boʻlgan haqiqatdan ham xizmat koʻrsatuvchi korxonaning vaqtdan yutqazishiga olib kelmoqda. Xususan, oʻzaro kelishuvga asosan buyurtmani rad etgan taqdirda, ushbu buyurtma bir xafta muddatda cooperation.uzga qaytib yuklashni talab etadi. Agarda oʻzaro kelishilmagan taqdirda oylab ham yuklanmasdan turish holatlari uchramoqda.
Mazkur holatga yechim sifatida ishchi guruh vakillari tomonidan sooperation.uz elektron kooperatsiya portaliga roʻyxatdan oʻtish jarayoniga ushbu sohaning egasi boʻlgan, yaʼni tegishli litsenziya va ruxsatnomaga ega boʻlgan korxonalarning qatnashishini taʼminlashga doir taklif ishlab chiqildi. Bunda litsenziya va ruxsatnomasi boʻlmagan korxonalarga savdoda qatnashishda taqiq qoʻyish choralarini koʻrish nazarda tutilmoqda.
Bugungi kunda Konimex tumanida faoliyat yurituvchi “Navoi Agrofos” MCHJ tomonidan qiymati 15 mln dollarlik donador fosforitni qazib olish va qayta ishlash loyihasi amalga oshirilmoqda. Korxona vakillari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, mazkur loyiha yiliga 180 ming tonna donador fosforitni qazib olish va qayta ishlash quvvatiga ega. “Navoi Agrofos” MCHJ tomonidan Konimex tumanining “Qaraq-ata” OFY hududidan 10 gektar yer maydoni auksion orqali xarid qilingan boʻlib, bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlar tez orada yakunlanishi va loyiha joriy yilning IV-choragida ishga tushirilishi belgilangan.
Korxona vakillari ishlab chiqariladigan mahsulotni eksportga yoʻnaltirish maqsadida temir yoʻl vetkasini qurish zaruriyati sababli korxona hisobidan 1,7 kmlik temir yoʻli vetkasini qurish uchun ruxsat soʻrab “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJga murojaat qilgan. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan berilgan texnik shart asosida ishlab chiqilgan qurilish loyihasi 15-aprelda taqdim etilgan.
Ushbu loyiha ishga tushirilgach qoʻshimcha 50 ta ish oʻrni yaratilishi, yiliga 10 mln dollarlik mahsulot eksport qilinishi va 20 mln dollar miqdorida xorijiy investitsiya oʻzlashtirilishini inobatga olgan holda, temir yoʻl vetkasini qurish loyihasini tasdiqlash va ruxsat berish bilan bogʻliq jarayonni jadallashtirish maqsadida SIA xodimlari xizmat safari davomida Transport vazirligi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ masʼullari bilan bogʻlangan holda olib borgan muzokaralari natijasida tegishli ruxsatnomalar olinib, masala joyida hal qilindi.
Yuqoridagi takliflar qatori ishlab chiqilgan boshqa tashabbuslarni amalga oshirishga doir tegishli normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqish koʻzda tutilmoqda. Strategik islohotlar agentligi xodimlari tomonidan mamlakatimizning turli hududlarida tuman va shaharlarning oʻziga xosligidan kelib chiqqan holda rivojlantirishga doir tahlillar oʻtkazish va takliflar ishlab chiqish ishlari davom etadi.