Strategik islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatov Toni Bler Global oʻzgarishlar institutining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi boʻlimi ijrochi direktori Jalil Rashid boshchiligidagi vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuvda shuningdek, SIA direktorining o‘rinbosari Rustamxon Azizov va SIA huzuridagi Delivery Unit ofisi rahbari Aziza Umarova ishtirok etdi.
Uchrashuvda Global o‘zgarishlar instituti vakillari SIAning asosiy funksiya va vazifalari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-martdagi PQ-109-son qarorida belgilangan yo‘nalishlar doirasida vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish, O‘zbekiston hududlarini, ayniqsa Toshkent viloyati tuman va shaharlarini iqtisodiy rivojlantirish, shuningdek, xorijiy konsalting kompaniyalari va XMI bilan xalqaro hamkorlik kabi masalalar haqida so’z yuritildi.
Uchrashuv davomida Jalil Rashid o’z nutqida Institutning Indoneziya, Filippin, Hindiston, Vetnam kabi mamlakatlarda amalga oshirilayotgan loyihalari haqida so‘zlab berdi. Bundan tashqari, yig’ilishda ta’kidlanganidek, institut hamkorligining asosiy yoʻnalishi davlat rahbarlari uchun ustuvor sohalarda konsalting yordamini koʻrsatish hisoblanadi. Misol uchun, Filippinda Institut Prezidentning Delivery Unit bo’limiga konsultatsiya xizmatlarini ko’rsatadi. Indoneziya va Hindistonda esa sog’liqni saqlash tizimi, iqtisodiy masalalar va raqamlashtirish jarayonini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik qilmoqda.
Shuningdek, Global o‘zgarishlar instituti Indoneziyada “Bepul maktab ovqatlari“, Hindistonda raqamli tibbiy kartani shakllantirish uchun “Salomatlik holatining bepul skriningi” kabi dasturlarni amalga oshirgan. Bundan tashqari, Institut xodimlari BAA Prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayonga BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha COP28 konferensiyasini o‘tkazishda konsultatsiya xizmatlarini ko‘rsatgan.
Britaniya tomoni hamkorlikni yoʻlga qoʻygandan soʻng Institut Oʻzbekistonda mintaqaviy filialini ochishga tayyorligini, mazkur filial nafaqat Oʻzbekiston, balki qoʻshni davlatlar bilan ham hamkorlik qilishini maʼlum qildi.
Muhokamalar yakunida tomonlar iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishda muhim o‘rin tutadigan transport tizimini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishib oldilar.