Strategik islohotlar agentligida “Oliver Wyman” kompaniyasi (AQSh) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Transport vazirligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyati, “Oliver Wyman” kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Djeffri Uitni, “Qozog‘iston temir yo‘li” AJ 2016-2018-yillarda prezident-raisi bo’lib faoliyat yuritgan Kanat Alpisboyev, shuningdek, “Oliver Wyman” ekspertlari Adrien Beyli va Joris Dinka, temir yo’l transporti bo’yicha faxriy hamkorlari Rod Keys va Xyu Rendall ishtirok etdi.
“Oliver Wyman” kompaniyasi SNCF (Fransiya), Swiss Federal Railways (Shveytsariya), Canadian National Railway Company (Kanada) kabi yetakchi temir yo’l kompaniyalarining transformatsiya jarayonida qatnashgan.
Qayd etilishicha, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi PQ-329-son qarorida temir yo‘l transportini kompleks transformatsiya qilish nazarda tutilgan bo’lib, unda aktivlarni tarkibiy o‘zgartirish, raqobatni shakllantirish va xususiy sektorni jalb etish, sohani raqamlashtirish, shuningdek, sanoat korxonalarining moliyaviy holatini mustahkamlash kabi masalalar belgilangan.
Uchrashuvda Davlatimiz rahbarining ushbu qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, kompaniya vakillari respublika temir yo‘l tarmog‘ini takomillashtirish chora-tadbirlari haqida atroflicha so’z yuritishdi.
Yig’ilishda operatsion modelni qayta ko‘rib chiqish, aktivlarni qayta qurish, uzoq muddatli biznes-rejani tayyorlash va loyiha boshqaruvi idorasini yaratish kabi vazifalar belgilab olindi. Ushbu tashabbuslarni amalga oshirish uchun kompaniya 3-4 yilga mo’ljallangan “yo’l xaritasi”ni qabul qilishni taklif qildi.
Tomonlar kelgusida hamkorlik qilish va e’lon qilingan tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqishga kelishib oldilar va bu esa kelgusida mamlakat temir yo‘l tarmog‘ini isloh qilish jarayoniga yetakchi va nufuzli kompaniyalarni jalb etishda muhim qadamlardan biri bo’lib xizmat qiladi.