Bugun poytaxtning InterContinental mehmonxonasida Strategik islohotlar agentligi huzuridagi Delivery Unit guruhi tomonidan “Davlat siyosatini shakklantirishda imkoniyatlarni kengaytirgan holda: ma’lumotlar asosida qaror qabul qilish” mavzusida seminar tashkil etildi. Raqamli texnologiyalar vazirligi, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, Jahon banki hamda Buyuk Britaniya Tashqi ishlar hamdo‘stlik masalalari va taraqqiyot vazirligi ko‘magida tashkil etilgan tadbirda tegishli vazirlik va idoralar xodimlari, davlat boshqaruvi va katta ma’lumotlar tahlili bo‘yicha mutaxassislar, xalqaro tashkilotlar vakillari shuningdek, 100 dan ortiq soha doirasidagi mutaxassislar ishtirok etdi.
Seminar davomida Delivery Unit rahbari Aziza Umarova boshlovchi sifatida so‘zga Strategik islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatovni, raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovni, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantonavellini, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasining Markaziy Osiyodagi rivojlanish loyihalari direktori Sara Kuperni taklif qildi.
Seminarda mutaxassislar tomonidan, ma’lumotlar asosida qaror qabul qilish jarayoni asosan, ma‘lum bir dalilga hamda aniqlikka ega ma’lumot va axborotlar tahliliga asoslangan bo‘lishi kerakligi va bu orqali qaror qabul qiluvchilarga dolzarb masalalar bo‘yicha asosli qarorlar qabul qilish imkonini berishi haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Bunday yondashuv taxminlar yoki subyektiv tajribaga asoslangan holda qarorlar qabul qilinishining oldini olishi haqida kerakli ko’rsatmalar berildi.
Seminar davomida, bu jarayon muayyan xulosalar va ma’lumotlarni shakllantirish uchun turli manbalardan ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va sharhlashni o‘z ichiga olishi va bu orqali erishilgan natijalar turli soha rahbarlariga qaror qabul qilish jarayonlarini optimallashtirishga yordam berishi shuningdek, turli soha tarmoqlarida davlat siyosatini amalga oshirish va biznesni boshqarish yoki ijtimoiy sohalarda bu jarayon samarali natijalar keltirishi haqida so’z bordi.
Ekspertlarga ko‘ra ma’lumotlar asosida qaror qabul qilish jarayoni bir necha bosqichlarni o‘z ichiga oladi: ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va sharhlash, qarorlar qabul qilish, natijalarni kuzatish va turli sohalarda erishilgan progressni baholash. Shuningdek, manfaatdor tomonlardan olingan yangi ma’lumotlar va fikr-mulohazalar asosida tegishli rejalar va harakatlarni tuzatish kabi jarayonlarni ham o‘z ichiga olishi haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Davlat organlari rahbarlari tegishli ma’lumotlardan foydalangan holda yanada aniqroq va samarali qarorlar qabul qilishlari mumkin bo‘ladi, bu esa salbiy oqibatlar ehtimolini kamaytiradi. Ma’lumotlarga asoslanish ularga mavjud resurslarni oqilona boshqarishga va turli yo‘nalishlarda innovatsion yechimlarni tadbiq etishga yordam beradi. Pirovardida, bunday yondashuv ularga jamiyat manfaatlariga xizmat qiladigan asosli qarorlar qabul qilish va fuqarolar, iqtisodiyot va butun mamlakat uchun yaxshiroq natijalarga erishish imkonini beradi.
Strategik islohotlar agentligi tomonidan tashkil etilgan seminar doirasida ishtirokchilar turli sohalarda davlat siyosatini ishlab chiqishda katta maʼlumotlardan foydalanish boʻyicha dolzarb tendensiyalar va xalqaro tajribani oʻrganishdi. Davlat xizmatchilarining bu boradagi malakasini oshirish hamda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga sifatli xizmatlar ko‘rsatishni ta’minlashda elektron hukumatning rolini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Seminar davomida, manfaatdor vazirlik va idoralar rahbarlari, shuningdek, katta maʼlumotlar bilan ishlash bo‘yicha xalqaro ekspertlar maʼlumotlar asosida qaror qabul qilishning turli jihatlarini oʻz ichiga olgan taqdimotlar bilan chiqish qilishdi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga yangi hukumat navigatsiya portali va “O‘zbekiston – 2030” milliy strategiyasi doirasidagi vazifalar ijrosini kuzatish imkonini beruvchi ma’lumotlarni vizuallashtirish bo‘yicha dasturiy majmua andozasi taqdim etildi.
“Raqamli O‘zbekiston 2030” strategiyasi doirasida ishlab chiqilgan hukumat navigatsiya portali turli davlat xizmatlari va fuqarolarga davlat idoralari tomonidan taqdim etiladigan ma’lumotlarni birlashtirgan universal onlayn platforma hisoblanadi. Navigatsiya portali interfeysi turli aholi guruhlari, jumladan, yoshlar, pensionerlar, davlat xizmatchilari, xususiy sektor vakillari va ekspertlar hamjamiyati bilan maslahatlashilgan holda yaratilgan.
Bundan tashqari, tadbir ishtirokchilariga hukumat navigatsiya portaliga integratsiyalangan ma’lumotlarni vizuallashtirish bo‘yicha dasturiy ta’minot majmuasining (Dashbord) andozasi taqdim etildi. Dashbord Strategik islohotlar agentligining Natijalarga erishish ofisi (Delivery Unit) tomonidan ishlab chiqilgan. Jahon banki ushbu onlayn mahsulotni ishlab chiqishda texnik yordam ko‘rsatdi. Ushbu tashabbus Buyuk Britaniya hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan “Markaziy Osiyoda iqtisodiy taraqqiyot uchun samarali boshqaruv” (EGED) dasturining moliyaviy ko‘magi asosida amalga oshirildi.
Dashbord fuqarolar va davlat xizmatchilariga “O‘zbekiston – 2030” milliy strategiyasi doirasidagi vazifalarning amalga oshirilish holati to‘g‘risidagi muntazam yangilanib turuvchi ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini berish orqali ma’lumotlar asosida qaror qabul qilishni osonlashtiradi. Shuningdek, bu yangilanishlar sog‘liqni saqlash, ta’lim, ichimlik suvi ta’minoti va sanitariya sohalarida ustuvor davlat loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ma’lumotlarni ham o‘z ichiga oladi.
Seminar yakunida, Dashbord kabi vositalar milliy taraqqiyot bo‘yicha aniq maqsadlarga erishish uchun strategik rejalashtirishni takomillashtirishga yordam beradigan kompas bo‘lib xizmat qilishi, bu kabi dinamik vositalar yordamida davlat organlari rahbarlari va manfaatdor tomonlar real vaqt rejimida belgilangan maqsadlarga erishish jarayonini kuzatishi mumkinligi, shu jumladan, yuzaga kelgan turli jarayonlarda, tahlil va aniqlik asosida o‘z vaqtida qaror qabul qilish va maqsadlarga erishish uchun zarur bo‘lgan resurslarni samarali taqsimlash imkonini berishi kabi tegishli ko’rsatmalar va yo’nalishlar berildi, maqsad va vazifalar belgilab olindi.