Agentlik xodimlari tomonidan Jizzax viloyatida olib borilgan tahlillar davomida Sharof Rashidov tumanining salohiyati va qo‘shimcha “o‘sish nuqtalarini” o‘rgandilar. O‘rganishlar davomida SIA xodimlari asosan sanoat, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalariga e’tibor qaratib, rivojlantirish mumkin bo‘lgan bir qator yo‘nalishlarni belgilash bilan birga, tegishli takliflar ishlab chiqdilar.
Ma’lumot uchun: joriy yilning 1-yanvar holatiga Sharof Rashidov tumanining doimiy aholisi soni 243,1 ming nafarni tashkil etadi; tumandagi 48 ta mahallada 44 176 ta xonadonlar mavjud; tuman 3 toifaga kiritilgan; tuman byudjeti daromadlari miqdori 277,7 mlrd so‘mni, xarajatlari miqdori esa 337,5 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Tuman sanoatini rivojlantirish masalalarini o‘rganish maqsadida SIA xodimlari mahalliy hokimlik vakillari bilan birgalikda bir qator imkoniyatlarni ko‘rib chiqdilar. Jumladan, tumanning “Yoyilma” mahallasi hududida qishloq xo‘jaligi toifasidagi 197 gektar o‘rmon fondidagi yer maydonining meliorativ holati yomon bo‘lib, ushbu yerdan 30-yildan beri foydalanilmayotgani ma’lum bo‘ldi. Mazkur yer maydoni yaxlit holda tekis yerda va M-39 xalqaro avtomobil yo‘li yonida joylashganligi tufayli bu yerda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyati mavjud.
Mahalliy hokimlik va Agentlik ishchi guruhi vakillari tomonidan ushbu 197 gektar yer maydonini sanoat yer maydoni toifasiga o‘zgartirish va bu yerda Xitoyning “Mingyans Ilu Industry” kompaniyasi taklifiga asosan to‘g‘ridan to‘g‘ri 1 mlrd dollar miqdorida investitsiya jalb qilish sharti asosida zamonaviy Tyexnopark tashkil etish taklifi tayyorlandi.
Tayyorlangan taklifga ko‘ra Texnoparkda 50 dan ortiq chet el sanoat korxonalarning 1,7 mlrd dollar miqdordagi ishlab chiqarish quvvatlari joylashtiriladi, 1 000 dan ortiq mahalliy aholi ish bilan ta’minlanadi. Shu bilan birga, byudjet uchun qo‘shimcha 75 mlrd so‘m tushum, jumladan 2,4 mlrd so‘m jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, 2,4 mlrd so‘m ijtimoiy soliq manbasi paydo bo‘ladi.
Bundan tashqari, turizm va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish yo‘nalishida olib borilgan o‘rganishlar davomida tumanning “Ko‘rpasoy” MFY hududida joylashgan “Paymart ota” ziyoratgohiga yiliga 10 mingdan ortiq mahalliy turistlar va ziyoratchilar tashrif buyurayotgani ma’lum bo‘ldi.
Ushbu mahalla tog‘li hududda bo‘lganligi tufayli bu yerda qo‘shimcha ekoturizmni rivojlantirish imkoni mavjud, lekin hozirda infratuzilma ahvoli yomonligi, jumladan 20 kmlik avtomobil yo‘li yaroqsiz ahvoldaligi, turistlar va ziyoratchilar uchun xizmat ko‘rsatish va umumiy ovqatlanish obyektlari yo‘qligi kabi omillar mazkur hududda turizm rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Mazkur vaziyatda yechim sifatida “Ko‘rpasoy” mahallasida joylashgan “Paymart ota” ziyoratgohiga olib boruvchi (4K 234) Ravot, Papalak va Paymart ota qishloqlarining 20 km avtomobil yo‘lini mukammal ta’mirlash taklifi ilgari surildi.
Shu bilan birga ishlab chiqilgan taklifga ko‘ra hududda mehmonxona, umumiy ovqatlanish, servis va turistik obyektlarni qurish istagini bildirgan tashabbuskorlarga yengil konstruksiyali savdo va umumiy ovqatlanish shaxobchalarini tashkil etish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Mazkur taklif ro‘yobga chiqariladigan taqdirda dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra “Paymart ota” ziyoratgohiga va “Ko‘rpasoy” hududiga keluvchi turistlar oqimi 200 mingga yetkaziladi, hududda 100 dan ortiq mehmon uylari va dam olish maskanlari tashkil etiladi, 500 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi hamda byudjetga qo‘shimcha 1,5 mlrd so‘m mablag‘lar tushirilishi ta’minlanadi.
Bundan tashqari, Agentlik xodimlari tomonidan tuman aholisi uchun tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish bo‘yicha tegishli takliflar tayyorlanganda alohida mahallalarning o‘ziga xosligi inobatga olindi. Masalan Sharof Rashidov tumani “Tuyoqli” mahallasidagi 620 ta xonadonlardan 420 tasi issiqxona bilan shug‘ullanadi. Qolgan 200 ta xonadonda ushbu yo‘nalishda zarur ko‘nikma va tajribaga ega fuqarolar bo‘lib, ular ham issiqxona bilan shug‘ullanish istagini bildirmoqda.
Ushbu mahalladagi qo‘shimcha 200 ta xonadonlarda issiqxona tashkil etish va shu orqali 400 dan ortiq fuqarolarni daromadli qilish hamda byudjetga qo‘shimcha 2,5 mlrd so‘m mablag‘lar tushirish maqsadida “Tuyoqli” mahallasi hududidagi “Jamshid-1” fyermer xo‘jaligiga qarashli 35 gektardan 10 gektarini tuman hokimligi zaxirasiga qaytarish, issiqxona tashkil etish maqsadida auksion savdolari orqali 5 sotixdan lotlarga bo‘lib, mahalla aholisiga uzoq muddatli ijaraga berish taklifi ishlab chiqildi.
Shu va boshqa ishlab chiqilgan ko‘plab takliflar asosida tumanning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga doir alohida hujjat loyihasi ishlab chiqilishi ko‘zda tutilmoqda.