Strategik islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatov BAA Bosh vaziri devoni xodimasi Manal bin Salem bilan uchrashib, O‘zbekiston va BAA o‘rtasida so‘nggi 5 yildagi ikki tomonlama hamkorlik yakunlari, xususan, qo‘shma loyihalarning bugungi holati, kelgusidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi.
B.Raxmatov BAA vakilini Agentlikning asosiy funksiya va vazifalari, jumlada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-martdagi PQ-109-son qarorida belgilangan yo‘nalishlar doirasida vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish, O‘zbekiston hududlarini, xususan, Toshkent viloyati tuman va shaharlarining iqtisodiy rivojlantirish kabi vazifalari bilan atroflicha tanishtirdi.
M.Salem, o‘z navbatida, Prezident Administratsiyasining 2022-yil 2-noyabrdagi PA-62-sonli farmoyishi asosida hamkorlikning e’tibor qaratish lozim bo‘lgan yo‘nalishlarini sanab o‘tdi. Xususan shaharsozlik, “Dashboard Uzbekistan 2030”, “Young Leaders” dasturining uchinchi bosqichi va “Uzbekistan Government Quality Award” dasturining ikkinchi bosqichi haqida so‘z bordi.
Shu bilan birga, BAA vakili Agentlikning hududlarni rivojlantirish bilan bog‘liq faoliyatiga qiziqish bildirib, O‘zbekiston uchun “Yetakchilik” eksklyuziv dasturini yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. Dasturda O‘zbekiston hududlaridan 20-25 kishini DP World kabi yirik kompaniyalar vakillari yordamida onlayn o‘qitish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, PQ-109-son qarorda belgilangan vazifalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish uchun BAAning “Hukumat Akseleratori” dasturidan foydalanish masalasi muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, strategik sheriklikni mustahkamlash va rivojlanishning istiqboldagi asosiy yo‘nalishlarini kelishib oldilar.