Shu yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligining bir guruh xodimlari Agentlikning direktori boshchiligida Jizzax viloyatining iqtisodiy-ijtimoiy potensiali va o‘sish nuqtalari imkoniyatlarini o‘rganib chiqdilar. O‘rganish natijasida 105 ta tashabbus tariqasida takliflar ishlab chiqilib, ular qishloq xo‘jaligi, biznesni qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani rivojlantirish va aholi bilan muloqotni rivojlantirish yo‘nalishlarini o‘zida jamladilar. Tabiiy-ki, o‘rganish davomida viloyat mutassaddi tashkilotlari rahbarlari, tuman hokimlari va ularning o‘rinbosarlari hamda tegishli masʼullarning joylardagi ahvoldan kelib chiqib bergan takliflariga alohida eʼtibor berildi.
Ilgari ko‘p marta aytilganidek, viloyatlarning iqtisodiy-ijtimoiy salohiyatini o‘rganish doim ularning o‘ziga xos rivojlanish omillarini aniqlash va ulardan amalda pozitiv foydalanish jihatidan har bir rahbar uchun maʼlum maʼnoda taqlid va amal qilish namunasi bo‘lib xizmat qiladi. Sababi, har bir viloyatda o‘rganilgan va ko‘tarilgan masala nafaqat bir viloyat, balki butun iqtisodimizning ko‘p qirralarini qamrab oladi. Muammolarni bir necha katta yo‘nalishlar bo‘yicha umumlashtirish mumkin. Eng salmoqli muammolar fiskal stimullashtirish, ichki va tashqi savdo qoidalari, hamda transport-logistika sohalarida jamlangan.
Mazkur muammoni yechish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 1 apreldagi PQ-146-son qarori qabul qilinda va unda 2024 yil 1 apreldan boshlab meva-sabzavot mahsulotlari bo‘yicha bir eksport shartnomasi doirasida kelib tushmagan valyuta summasi eksportga yuklangan jami mahsulot narxining 10 foizidan oshmagan taqdirda muddati o‘tgan debitor qarzdorlik hisoblanmaydi va tadbirkorlik subyektiga nisbatan jarima qo‘llanmaslik bo‘yicha tizim yaratildi.
Masalan, Bojxona kodeksining 297-moddasining 11-xatboshisida O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga umumiy summasi 50 mln.doll ekvivalentidan ortiq bo‘lgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyani amalga oshirgan chet ellik yuridik shaxslar tomonidan bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlarga bojxona bojidan ozod etish tarzidagi tarif imtiyozlari qo‘llanilishi belgilangan. Muammo shunda-ki, Toshkent shahri yoki Toshkent viloyati uchun bunday katta investitsiyalar miqdori nisbatan tabiiy. Lekin boshqa vilotyaldar va xududlar uchun bu ko‘rsatkich juda baland. Shu jihatdan tegishli gradatsiya qillib, bojxona imtiyozlarini boshqa xududlar (Qoraqalpog‘iston Respubikasi va boshqa viloyatlar) uchun ikki barobar kam, yaʼni tegishli bojxona to‘lovlari yuzasidan imtiyoz olish uchun investitsiya miqdorini 25 mln AQSH dollari deb belgilash maqsadga muvofiq.
Jizzax viloyati Yangiobod tumani Tojikiston Respublikasi So‘g‘d viloyati bilan chegaradosh hisoblanadi. Ana shu xududda joylashgan bojxona postiga Halqaro bojxona posti maqomini berish va xalqaro “Erkin savdo hududi”ni tashkil qilish viloyatning eksport salohiyatini 30-40 %gacha oshirishga sharoit yaratadi.
Yangiobod, Baxmal, Zomin, Zarbdor tumanlaridagi hali ishlab chiqarishga jalb qilinmagan aholi tomorqalarida yetishtiriladigan minglab tonna sabzavotlar va poliz ekinlari Tojikiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi orqali tranzit yo‘nalishida Eron, Afg‘oniston va boshqa davlatlarga eksportga yetkazib berish imkoniyati yana-da oshadi.
Injenerlik va transport infratuzilma obyektlarini rivojlantirish istiqbollari
Juda keskin turgan masalalardan biri Qozog‘iston Respublikasi Hukumati bilan kelishilgan holda Jizzax-Toshkent temir yo‘lining Qozog‘iston Respublikasi Turkiston viloyatidan o‘tuvchi qatnov qismini qayta tiklash, temir yo‘lning taʼmir talab bo‘lgan qismini taʼmirlashni tashkil etish. Aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun qulayliklar yaratish, shuningdek avtomobil yo‘llaridagi tirbandlikni kamaytirish asosiy masala.
Respublikamiz va Qozog‘iston Respublikasi chegara oldi hududlaridagi temir yo‘lining bir qismi demontaj qilingaligi sababli temir yo‘li qatnovi to‘xtagan. 2005 yilgacha Xovos-Jizzax-Toshkent-Xovos yo‘nalishida temir yo‘li qatnovi bo‘lgan. Ushbu temir yo‘li orqali Jizzax shahridan Paxtakor, Do‘stlik, Mirzacho‘l tumanlaridan o‘tib, Qozog‘iston Respublikasi orqali Toshkent shahriga yuk va yo‘lovchi qatnovi amalga oshirilgan. Mirzacho‘l, Do‘stlik va Paxtakor tumanlaridan o‘tuvchi temir yo‘li orqali Toshkent shahrigacha bo‘lgan masofa 184 kmga uzoqlashganligi oqibatida, sanoat korxonalari uchun yuk tashish muammolarini hal qilish muhim. Ana shu Qozoqiston yerlaridan o‘tgan temir yo‘l liniyasini qayta taʼmirlash avtomobil yo‘llarida yuk mashinalari qatnovi intensivligi va tirbandliklar bo‘yicha muammolarini yechishga sharoit yaratadi.
Aholiga qulaylik yaratish uchun xususiy sektorni jalb qilgan holda Jizzax shahrida aylanma avtomobil yo‘lini qurish orqali transport vositalarining tirbandligini oldini olish zarur. Bunda:
- Qurilishi rejalashtirilgan yo‘l o‘tadigan 110,0 gektar yer maydonining toifasini o‘zgartirish;
- Uzunligi 17 km 4 tasmali sement-beton qoplamali yo‘l qurilishini davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorga berish hamda sarf qilingan (taxminan 92 mlrd so‘m) mablag‘ evaziga yo‘l bo‘yida servis va infratuzilma yaratish sharti bilan doimiy foydalanish uchun yer ajratib berish.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 10 oktyabrdagi PQ-330–son qaroriga asosan yirik shaharlarni aylanib o‘tuvchi avtomobil yo‘llarini davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida qurish bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish belgilangan.
Jizzax shahridagi I. Karimov va A. Navoiy ko‘chalari 1–toifali umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘li bo‘lib, o‘tkazuvchanligi SHNQ 02.05.02-07ning 1.2–bandiga ko‘ra 14 000 dona/sutka harakatlanishiga mo‘ljallangan. Hozirgi kunda yuqoridagi avtomobil yo‘lida 1 kunda (24 soat) 35 450 dona avtomobil harakati kuzatilib tirbandliklar yuzaga kelmoqda.
Hududda istiqomat qiluvchi 185 mingdan ziyod aholi uchun muqobil yo‘ldan harakatlanishiga qulaylik yaratiladi. M-39 “Toshkent-Termiz” avtomobil yo‘lidan “Uchtepa-Forish-Nurota-Navoiy” yo‘nalishida xususiy sektorni jalb qilgan holda yuqori tezlikda harakatlanuvchi “pullik” avtomobil yo‘lini qurish imkoniyati bor. Taklif qilinayotgan yo‘nalish orqali harakat tashkil qilinsa, M-39 avtomobil yo‘lining kunlik o‘rtacha qatnovi (harakat jadalligi) 38 470 tadan 26 900 taga (11 570 taga kamayadi) erishiladi.
“Uchtepa-Forish-Nurota-Navoiy” yo‘nalishi orqali Navoiy viloyatiga borilsa, 278 km yo‘lning 10 % aholi punkti, 90 % qismi aholi yashamaydigan hududligini inobatga olgan holda, 28 km qismida 70 km/s tezlikda va 250 km qismida 100 km/s tezlikda yurish mukin bo‘ladi, yaʼni, 1 soat vaqt tejaladi. Navoiy, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida istiqomat qiluvchi aholi uchun muqobil yo‘ldan harakatlanishiga qulaylik yaratiladi.
Shuningdek, viloyatning chekka hudududi hisoblangan Forish tumanida yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish orqali aholi bandligini taʼminlash imkoniyati yaratiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 10 oktyabrdagi PQ-330–son qarori bilan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini yuqori tezlikda harakatlanishga oid xalqaro talablarga muvofiq loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish hamda kelgusida ushbu yo‘llarga muqobil yo‘llar mavjud bo‘lganda, «pullik yo‘llar» toifasiga o‘tkazish belgilangan. Viloyat hududidan o‘tgan umumiy foydalanishdagi M-39 avtomobil yo‘li, shuningdek Samarqand shahridan M-37 avtomobil yo‘li orqali transport vositalari Navoiy, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasiga harakatlanishi natijasida tirbandliklar yuzaga kelmoqda.
Qishloq va suv xo‘jaligini rivojlantirish
Qishloq xo‘jaligi sohasida eksport ulushini ko‘paytirish, xufiyona iqtisodiyotni kamaytirish hamda tadbirkorlar eksportini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mahalliy tadbirkorlar bilan suhbat o‘tkazilganda ular tomonidan tez buzuluvchan mahsulotlarni eksport qilinganda tovarlarni transportda tashish va saqlash jarayonida tomonlarga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra yaroqsiz bo‘lgan qismiga chegirma qilish tizimi yo‘qligi aytib o‘tishdi.
Misol uchun: “Agro green house” MCHJ rahbari tez buziladigan mahsulotlarni (salat barglari, ko‘kat, ukrop, selderey, sparja, rukkola, aysberg, mongold va shpinad va boshqalar) yetishtirish va eksporti qilish bilan shug‘illanib keladi. Biroq, mahsulotning yaroqsiz xolga kelib qolgan qismiga chegirma yo‘qligi sababli mahsulotlarni boshqa yo‘llar bilan olib chiqib ketishga majbur bo‘layotganini aytib o‘tdi.
Jizzax viloyatida eksport korxonalarini debitorlik qarzdorliklari oshib ketmoqda. Jizzax viloyatida 156 ta eksport qiluvchi korxonalar ish faoliyat olib bormoqda, shundan 48 tasi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksporti bilan shug‘ullanadi. 2023 yil davomida Jizzax viloyati bo‘yicha 201,3 mln dollarlik eksport qilingan bo‘lib, shundan 31,3 mln dollar qishloq xo‘jaligi sohasiga to‘g‘ri keladi va eksportyor korxonalarining tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorligi 5,3 mln dollarni tashkil etmoqda.
Sog‘liqni saqlash tizimi yuzasidan qilinadigan ishlar
Davlat tomonidan gepatit A kasalligiga qarshi emlashni yo‘lga qo‘yish zaruriyati soha mutahassislari tomonidan allaqachon tan olingan va yechilishi lozim bo‘lgan prioritet masallardan biri.
Maʼlumot uchun 1 ta bolani emlash uchun 120-170 ming so‘m mablag‘ talab etiladi va har oy viloyat bo‘yicha 3 500 bolalarni emlashga talab mavjud. Har bir bola 2 marotaba emlanadi (birinchi doza, ikkinchi doza – buster). Xususiy emlash klinikalarida bitta vaksinaning narxi 270-430 ming so‘mgacha.
Aholining virusli gepatit A kasalligiga qarshi emlash uchun vaksinalar davlat tomonidan ajratilmaganligi sababli aholi o‘rtasida mazkur kasallikka chalinish holatlari oshib bormoqda. Viloy atda yiliga 700-800 nafar 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar virusli gepatit A kasalligi bilan kasallanmoqda va oxirgi 5 yilda 4 100 nafar bolalar kasallangan. Kasallik 2023 yilda 1,8 barobarga oshgan. Jizzax shahrida (4,0), G‘allaorolda (2,8), Zominda (2,3) va Yangiobodda (2,0) barobarga oshgan. Davlat byudjetidan 1 nafar bemorni davolash uchun 3,3 mln so‘m, jumladan, dori-darmonga 158,7 mln so‘m mablag‘ sarflanmoqda. Virusli gepatit A kasalligiga qarshi emlash uchun vaksinalar davlat tomonidan ajratilishi ko‘zda tutilmagan.Respublika bo‘yicha virusli gepatit A kasalligiga qarshi emlash pullik (xususiy klinikalarda) asosida amalga oshirilmoqda. Natijada kam taʼminlangan oilalarning farzandlari emlanmasdan qolmoqda.
Viloyatda har yili mazkur kasallikka chalingan bolalarni davolash uchun davlat byudjetidan o‘rtacha 2 mlrd 485 mln so‘m mablag‘ sarflanmoqda. Vaholan-ki, majburiy emlatish davlat dasturi ko‘pgina kasalliklarni oldini olib, aholi salomatligi darajasini ko‘tarishi, davlat harajatlarini keskin kamaytirishi mumkin.
O‘zbekiston Prezidenti xuzuridagi Strategik islohotlar Agentligi boshqa xudularning iqtisodiy ko‘rsatkichlari va o‘sish nuqtalarini tahlil qilish yuzasidan ishlarni davom ettirmoqda va natijalar yuzasidan qo‘shimcha maʼlumotlar berib boriladi.
Rustam Xolmirzayev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik islohotlar agentligi Bosh inspektori