Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan III Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Strategik islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatov va Rossiya Strategik tashabbuslar agentligi bosh direktori Svetlana Chupsheva o‘rtasida ushrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikka doir imzolangan amaliy chora-tadbirlar dasturi 12 ta yo‘nalish va ular bo‘yicha 38 ta tadbirlarni o‘z ichiga oladi. Agentliklar rahbariyati o‘rtasida 2024 yil davomida iqtisodiyot, ijtimoiy, hududiy va texnologik rivojlanish, kreativ industriya, ekologiya va iqlim sohalaridagi yangi amaliyot va yechimlarga oid tajriba almashish masalalari kelishib olindi.
Bundan tashqari, Rossiyaning #KuchliG‘oyalar (#СильныеИдеи) forumining analogini yurtimizda o‘tkazish imkoniyatlari atroflicha ko‘rib chiqildi. Tomonlar mazkur forumga bo‘lgan talab O‘zbekistonda yetarli darajada ekanligi va bu kabi tadbirni muvaffaqiyat bilan tatbiq etish mumkinligi haqida fikr bildirdilar.
Strategik islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatov mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shadigan loyihalarni ilgari surish va amalga oshirishda SIA bor imkoniyatni to‘liq ishga solishga tayyorligini ta’kidladi.