Yaqinda Agentlik xodimlari Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida bo‘lib, tumanning salohiyati va qo‘shimcha “o‘sish nuqtalari”ni aniqlash ishlarini olib bordilar.
Tuman sanoati rivojlanmaganligi sababli 5-toifaga kiritilgan. To‘qimachilik va paxtani qayta ishlashga ixtisoslashgan ikki yirik korxona mavjud xolos.
Tumanda yangi sanoat loyihalarini amalga oshirish uchun bo‘sh turgan yer maydonlari va bino-inshootlar negizida kichik sanoat zonalari tashkil etish taklif etilmoqda.
Xususan, “Baxtli” mahallasidagi 10 yildan buyon bo‘sh yotgan eski transport garaji binosi va 1 gektar yer maydoni, uning yonida 1 gektardan ortiqroq bo‘sh yotgan yer maydoni, “Bo‘ston” va “Zarafshon” mahallalarida ko‘p yillardan beri foydalanilmayotgan 2 ta o‘g‘it omborining 2,2 ga yer maydoni, bino va inshootlari negizida sanoat loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Ushbu yer maydonlari lotlarga bo‘lgan holda tadbirkorlarga sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish sharti bilan auksion orqali sotuvga chiqariladi.
Natijada tashkil etiladigan kichik sanoat zonasida loyiha qiymati
120 mlrd so‘mlik 10 ta investitsiya loyihasini joylashtirish, 200 ta yangi ish o‘rinlari yaratish, byudjetga 300 mln so‘m jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va 300 mln so‘m ijtimoiy soliq tushirish imkoniyati yaratiladi.
Bundan tashqari, turizm sohasini rivojlantirish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar doirasida hududda respublikamizdagi eng yirik turistik-rekreatsion zona yaratish imkoniyati mavjudligi aniqlandi. Maʼlumki, viloyatning 3 ta tumani – Zafarobod, Arnasoy va Forish tumanlari hududida joylashgan Aydar-Arnasoy ko‘llari tizimining qirg‘oqlari hamda tutash tog‘li hududlar o‘ziga xos iqlim va jozibador ekofaunaga ega. Hozirda bu yerga yiliga 10-15 mingdan ortiq mahalliy dam oluvchilar tashrif buyurmoqda.
Ko‘lning Arnasoy tumanidagi qismi tekislikda joylashgan bo‘lib, plyaj tekis va qumloq plyaj 5 km masofaga cho‘zilgan. Bu hududda may-sentyabr oylari cho‘milish sezoni hisoblanadi va Turkiyaning Antaliyasi kabi yuqori sifatli plyaj kurorti tashkil qilish uchun yetarli salohiyat mavjud.
Biroq ko‘l atrofidagi hududlarda turizm infratuzilmasi obyektlari mavjud emas, ko‘lga boradigan avtomobil yo‘llari yaroqsiz ahvolda, turistlar va dam oluvchilar uchun servis va xizmat ko‘rsatish obyektlari yo‘q, ushbu hududda har xil turizm turlarini rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Shu bilan birga, “Baxtli” mahallasi hududiga tutashgan Aydar-Arnasoy ko‘li hududiga olib boruvchi 16 km uzunlikdagi avtomobil yo‘lini mukammal taʼmirlash, hamda tashabbuskorlarni aniqlagan holda DXSH asosida ushbu hududda yengil konstruksiyali dam olish maskanlari, umumiy ovqatlanish, servis, tog‘ va suv turistik obyektlarini tashkil etish masalasi ko‘tarildi.
Natijada turistlar oqimini yiliga 1 million nafarga yetkazish,
500 dan ortiq yengil konstruksiyali dam olish maskanlarini tashkil etish, 2 000 dan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratish, o‘rtacha 200 mlrd so‘mlik xizmatlar ko‘rsatish zaxirasi, 14 mlrd so‘m soliq tushumlari manbasi paydo bo‘ladi.
Tumanning turizm salohiyatini to‘liq ishga solish maqsadida Aydar-Arnasoy ko‘llari atrofidagi hududlarni o‘z ichiga olgan hududda maxsus turistik zona tashkil etish taklifi ishlab chiqildi va ushbu masala Prezident huzurida alohida muhokama qilinishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, Agentlik xodimlari tomonidan Arnasoy tumanida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va chorvachilikni rivojlantirishga doir takliflar ham ishlab chiqildi.
Tuman aholisi iqlim sharoiti va mavjud yaylovlar imkoniyatlaridan kelib chiqib, chorva yetishtirishga ixtisoslashgan. Hozirda 50 ming bosh yirik shoxli qoramol va 30 ming bosh qo‘y va echkilar boqilmoqda. Masalan, “Do‘stlik” MFYda 495 ta xonadondan qariyb 50 foizi (235 tasi) chorva yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Ushbu xonadonlarda 20 tadan 400 boshga qadar chorva hayvonlari boqiladi.
Chorvachilik rivojlanishiga yana-da keng sharoit yaratib berish maqsadida Arnasoy ko‘li yonbag‘ridagi 22 ming gektarga yaqin yaylov yerlarini Arnasoy tumani aholisiga doimiy foydalanishga biriktirib berish taklif etildi.
Tumanning ayrim hududlarida suv yetishmasligi oqibatida paxta va g‘alla hosildorligi 5–10 sentnerga ham yetmaydi.
Ushbu yerlarni kam suv talab qiladigan qishloq xo‘jaligi ekinlariga ixtisoslashtirish va mosh, loviya, yer yong‘oq, dukkakli va yog‘li ekinlar yetishtirishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.
Natijada ushbu maydonlardan yilda 2 marotaba gektaridan 120 sentnerdan dukkakli va 300 sentnerdan yog‘li ekinlardan hosil olinadi, 1300 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Agentlik xodimlari tomonidan tayyorlangan tashabbuslar asosida tumanni iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha alohida Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqiladi. Hujjat tumanning daromadlarini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va boshqa imkoniyatlardan to‘liq foydalanish imkonini beradi.