Strategik islohotlar agentligida Rossiya STA Ekspertlar kengashi hamda Skolkovo fan va texnologiya instituti vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda SIA direktori Baxodir Raxmatov, STA yangi loyihalarni ilgari surish bo‘yicha ekspert kengashi raisining o‘rinbosari Aleksey Sitnikov va Skolkovo instituti Fan va texnologiyalar jamg‘armasi direktori Andrey Shket, shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Rossiyaning yuqori malakaga ega muhandis kadrlarni tayyorlash uchun xorijda ilg‘or bilim va malakalarni rivojlantirish markazlarini tashkil etishni nazarda tutuvchi tashabbusi muhokama qilindi.
Mazkur dasturlarda nazariy ta’lim hamda zamonaviy texnologiya laboratoriyalari va uskunalari asosida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilishi kutilmoqda hamda platforma orqali ilg‘or texnologiyalarni namoyish etish va joriy etish, tadqiqotchi va mutaxassislarni tayyorlash taklif etilmoqda.
Ushbu muhokamalar yig‘ilish ishtirokchilariga loyiha imkoniyatlarini chuqurroq o‘rganish va uni amalga oshirish bo‘yicha aniq qadamlarni ishlab chiqish imkonini beradi, shu munosabat bilan qo‘shma ishchi guruh tuzildi.
Mazkur loyihaning amalga oshirilishi fan, ta’lim va texnologiya sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashning muhim vositasiga aylanishi kutilmoqda.