Strategik islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatov va Rossiya Strategik tashabbuslar agentligining xalqaro aloqalar bo‘limi direktori Mixail Makarov o‘rtasida joriy yilda imzolanishi kutilayotgan o‘zaro hamkorlik chora-tadbirlari rejasi doirasida ikki idora o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
M.Makarov ijtimoiy va mintaqaviy rivojlanish tashabbuslari, ekologik tashabbuslar, integratsiya loyihalari – “Yashil Yevroosiyo”, “BRIKSolution” tanlovlari haqida ma’lumot berib, O‘zbekistonni ularda ishtirok etishga taklif qildi.
Shuningdek, Rossiya vakili “Yangi davrning kuchli gʻoyalari” forumiga oʻxshash respublika miqyosidagi tadbirni oʻtkazishda ekspertlik yordamini koʻrsatishga tayyorligini bildirdi.
Bundan tashqari Rossiya Strategik tashabbuslar agentligi jamoasi mintaqaviy rivojlanish amaliyotlarini almashish va replikatsiya uchun yirik loyihalarni amalga oshirish platformasi – Smarteka’ni o‘zbek tiliga tarjima qilish ustida ish olib borayotgani ma’lum qilindi.
Tomonlar joriy yil uchun idoralar o‘rtasidagi hamkorlik yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan kreativ iqtisodiyot va sanoat turizmini rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.