23 aprel kuni Toshkent shahrida “Yirik sanoat haftaligi. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasida Strategik islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatov va Xanti-Mansiysk avtonom okrugi gubernatori oʻrinbosari Sergey Afanasyev boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasi hamda tadbirkor Natalya Kikor oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv davomida S. Afanasyev SIA rahbariga Xanti-Mansiyskning iqtisodiy va sanoat salohiyati haqida ma’lumot berib, neft-gaz sanoati, yog‘ochsozlik va ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Delegatsiya rahbarining ta’kidlashicha, Xanti-Mansiysk Rossiyaning eng yirik neft qazib oluvchi hududi hisoblanadi. O‘tgan yili mazkur hududda 216 million tonna neft qazib olingan, bu esa butun federatsiya bo’yicha jami qazib olingan neftning 42 foizini tashkil etadi.
Avtonom okrug vakillari o‘rmon mahsulotlarini boshqa davlatlar bozoriga yetkazib berish, jumladan, O‘zbekistondan reeksport qilishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Yetakchi tadbirkorlardan biri N.Kikor o‘z navbatida Xanti-Mansiyskda yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan samarali ishlash tizimi yo’lga qo’yilganini ta’kidladi. Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yilda ijtimoiy tadbirkorlikdan mahalliy byudjetga tushumlar 5,3 million dollarni tashkil etgan.
N.Nikor O‘zbekiston mayizidan qo‘shimcha qiymatga ega oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish va kelgusida Xanti-Mansiyskda ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shish niyatida ekanlini qo‘shimcha qildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha SIA direktori Agentlik xorijiy investitsiyalarni jalb etishga doir tashabbuslarni faol qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Shuningdek, Xanti-Mansiyskning ijtimoiy tadbirkorlikni tashkil etish tajribasini tatbiq etish bo‘yicha O‘zbekiston viloyatlaridan birida tajriba-sinov loyihasini boshlash taklif etildi.