Strategik islohotlar agentligi xodimlari Toshkent viloyatining tuman va shaharlarida hududlar rivojiga xizmat qiluvchi “o‘sish nuqtalari”ni aniqlashga doir faoliyatlarini davom ettirmoqdalar. Ohangaron shahri istiqbollari tahlil qilingach, SIA vakillari mahalliy hokimlik xodimlari bilan birgalikda Toshkent viloyatining Ohangaron tumanini rivojlantirish imkoniyatlariga e’tibor qaratdilar.
Tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shadigan loyihalardan biri sifatida “Toshtepa” suv ombori loyihasi ko‘rib chiqildi. Safar jarayonida mutaxassislar ushbu loyiha bilan bog’liq yuzaga kelgan masalani o‘rgandilar. Ma’lum bo‘lishicha, sig‘imi 11,2 million kub metr (smeta qiymati 176 milliard so‘m, umumiy suv hajmi 11,2 million kub metr) bo‘lgan “Toshtepa” suv omborini qurish loyihasining texnik-iqtisodiy asosi ishlab chiqilganiga qaramasdan, qurilish hanuz boshlanmagan.
Qayd etish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-dekabrdagi PQ-435-son qarori bilan Toshtepa suv ombori qurilishi loyihasini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish yo‘li bilan tajriba tariqasida amalga oshirishga ruxsat berilgan.
Yuzaga kelgan vaziyatga yechim sifatida Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy va Turkiyalik investorlar bilan muzokaralar o‘tkazish va loyihaga investitsiya kiritilgan taqdirda mazkur 15 ming gektar maydonni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun ajratish taklif etildi.
Mazkur tashabbusning amalga oshirilishi natijasida viloyatda 15 ming gektar suv ta’minoti yerlari obodonlashtirilib, foydalanishga topshirilishi kutilmoqda. Shu bilan birga “Toshtepa” suv omboriga tutash hududlarda suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish, 20 ta nasos o‘rnatish va 78 ta quduq qurish, shuningdek, sug‘orish tizimlarini tiklash nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, yaylov o‘simliklari urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish, suv kam talab qiladigan g‘alla, moyli, dukkakli va ozuqa ekinlari yetishtirish hamda dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini tashkil etish hisobiga 30 ming gektar maydonda chorvachilik va dorivor o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirilish bilan bog‘liq taklif ishlab chiqildi.
Shuningdek bugungi kunda tumandagi “Qoraxtoy” va “Ungut” MFY hududidan o‘tuvchi “Angren” daryosi o‘zani hududida joylashgan, tashlandiq holatdagi (yovvoyi daraxt va o‘simliklar o‘sgan) jami 206,6 ga davlat zaxirasidagi yerlarda baliqchilik va agroturizm loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha tadbirkorlik subyektlari tomonidan ko‘plab takliflar kelib tushayotgani ma’lum bo‘ldi.
“Angren” daryosi boʻyida “Qoraxtoy” va “Ungut” MFYlariga tutash hududlarda baliqchilik va rekreatsiya zonasini tashkil etish taklifi ilgari surildi. Taklifga ko‘ra salohiyatli tadbirkorlarga sohilbo‘yi muhofazasi zonasida joylashgan hududlarni tadbirkorlarga auksion orqali uzoq muddatli ijaraga berish ko‘zda tutilgan.
Mazkur tashabbus 50 ta yangi tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish va 300 dan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi. Natijada mahalliy byudjet uchun qo‘shimcha 100 mln so‘m yer solig‘i, 72 mln so‘m jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, 72 mln so‘m ijtimoiy soliq tushumi manbasi yaratiladi. Shu bilan birga, tashabbus amalga oshirilgan taqdirda “Angren” daryosi bo‘ylarida agroturizm rivojlantiriladi, zamonaviy dam olish maskanlari paydo bo‘ladi va yiliga 20-25 ming nafar aholining dam olishi uchun sharoitlar yaratiladi.
Hududdagi ekologik vaziyatni yengillashtirish doirasida olib borilgan tahlillar davomida ma’lum bo‘lishicha, 1979-yilda qurilgan “Yangi Angren IES” AJning ayrim energetika bloklarida o‘rnatilgan chang yig‘ish moslamalari ko‘mirning uzoq vaqt yonishi natijasida o‘z samarasini yo‘qotgan. Bu esa atmosferaga tutun va boshqa ifloslantiruvchi moddalarning ortiqcha tarqalishiga olib kelib, atrof-muhitga va mahalliy aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko’rsatadi.
Mazkur vaziyatdan kelib chiqib, “Yangi Angren IES” AJ quvvatlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish taklif etildi. Taklif doirasida ko‘mir energetika bloklarini ta’mirlash, suv sovutish tizimini modernizatsiya qilish, shuningdek, ko‘mir quvvatlarini kengaytirish kabi ishlar uchun 12 milliard so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.
Kelgusida “Yangi Angren IES” AJni modernizatsiya qilish dasturini ishlab chiqish va moliyalashtirish manbalarini aniqlash rejalashtirilgan. Modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari yakunlangach, energetika bloklarining ishlash muddati kamida 15 yilga oshadi, yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish esa 6,3 milliard kVt/soatga yetkaziladi. Shu bilan birga, energetika bloklarining samaradorligi 32% gacha oshishi bilan birga, atmosferaga ifloslantiruvchi moddalarning chiqarilishi sezilarli ravishda kamayadi.
Bu kabi hamkorlikdagi sa’y-harakatlar va ishlab chiqilgan takliflar Ohangaron tumanini har tomonlama rivojlantirish, tumandagi infratuzilmani yaxshilash, qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash, turizmni rivojlantirish va ekologik xavfsizlikni ta’minlashga yordam beradi.