Strategik islohotlar agentligi xodimlari hududlarning salohiyati va “o‘sish nuqtalari”ni aniqlash maqsadida Toshkent viloyatining tuman va shaharlariga chiqqan holda qo‘shimcha imkoniyatlarni o‘rganmoqdalar. Chinoz, Yangiyo‘l, Oqqo‘rg‘on va Parkent tumanlari o‘rganilgach, Ohangaron shahrini rivojlantirishga doir bir qancha takliflar ishlab chiqildi.
Savdo va xizmat ko’rsatish sohasi
Ma’lumki, xizmat ko’rsatish va savdo obyektlari uchun biznes maydonini (tijorat mulkini) ko’paytirish o‘rta shaharlarni rivojlantirishning muhim omillaridan biri hisoblanadi.
Ayni paytda Ohangaron shahrida 41 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi, shaharda 998 ta savdo, xizmat ko‘rsatish va umumiy ovqatlanish korxonalari mavjud. So‘nggi uch yilda ushbu raqam yana 210 taga oshdi. Ularning o‘rtacha yillik aylanmasi 195 mlrd so‘mni, to‘langan soliqlar miqdori 7,8 mlrd so‘mni, aholi jon boshiga pullik xizmatlar hajmi esa 15,6 mln so‘mni tashkil etadi.
SIA xodimlari shahar hokimligi mutaxassislari bilan birgalikda hozirda Ohangaron tumaniga qarashli A-373 avtomagistrali bo‘yidagi 302,7 gektar yer uchastkasini shahar hududiga o‘tkazish orqali shaharni kengaytirish bo‘yicha taklif ishlab chiqdilar.
Ushbu hududda turar joy kvartalini qurish, u yerda 1300 xonadonli 36 ta to‘qqiz qavatli va 2300 xonadonli 64 ta toʻrt va yetti qavatli uy barpo etish rejalashtirildi.
Shuningdek, bitta maktab va bitta bolalar bog‘chasi, mahalliy hokimiyat idorasi, savdo majmuasi, yo‘l infratuzilmasi va kemping qurish, shu bilan birga 240 oʻrinli ikkita xususiy bogʻcha va 240 oʻrinli xususiy maktab qurish hisobiga taʼlim tizimi yukini kamaytirish rejalashtirilmoqda.
Renovatsiya dasturi
O‘rganishlar natijasida ma’lum bo‘lishicha, “Yangilik” MFY hududida joylashgan, 1959-1962 yillarda yog‘och konstruksiyalardan qurilgan 4 ta ko‘p qavatli uy yaroqsiz holga kelgan.
Shuni inobatga olib, renovatsiya dasturi doirasida zamonaviy, energiya sarflash nuqtai nazaridan tejamkor ko‘p qavatli uylarni qurish bo‘yicha taklif ishlab chiqildi.
Natijada avariyaviy holatga kelib qolgan binolarni buzish hisobiga bo‘shaydigan 0,60 gektar maydonda 170-200 ta xonadonga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar qurish, renovatsiya qilish orqali bo‘shaydigan yer maydonlarini DXSh shartnomalari asosida investorlarga ijtimoiy majburiyatlar yuklagan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratib berishni Hukumat darajasida hal etishi nazarda tutilmoqda.
Yoshlar texnoparkini qo‘llab-quvvatlash
Ohangaron shahrida joylashgan Yoshlar texnoparkida mahalliy mutaxassislar tomonidan “Kimyo fani laboratoriyasini virtual reallik asosida o‘rgatuvchi dastur” yoki VR-kimyo dasturi ishlab chiqildi.
Ushbu dastur Ohangaron tumani “Qoraxitoy” QFYdagi 12-son umumta’lim maktabining kimyo laboratoriyasida joriy etildi. Ushbu loyiha tufayli o‘quvchilar nafaqat kimyoviy reaksiyalarni, balki kimyoviy elementlardan kelib chiqadigan holatlarni ham xavfsiz kuzatish va o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Bugungi kunda Toshkent viloyatida 887 ta maktab bo‘lib, ularning barchasida o‘quv xonalari va kimyoviy laboratoriyalar uchun reagentlar yetishmasligi bilan bog‘liq muammo mavjud. Kimyo laboratoriyasi xonalarida kimyoviy elementlar yo‘qligi tufayli laboratoriya darslari bajarilmayotganligi o‘quvchi yoshlarda fanga bo‘lgan qiziqishni keskin tushib ketishiga sabab bo‘lmoqda.
Ishchi guruh tomonidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga mazkur loyihani oʻrganib, uni Toshkent viloyatidagi taʼlim muassasalarining kimyo laboratoriyalarida tajriba tariqasida amalga oshirish taklifi ishlab chiqildi.
Mazkur loyihani amalga oshirish orqali har yili kimyo laboratoriyalariga sarflanadigan 11 mlrd so‘m tejash, maktab o‘quvchilarining fanga bo‘lgan qiziqishini oshirish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, loyiha mualliflarining fikriga ko‘ra ushbu dastur orqali haqiqiy laboratoriya jarayonlari bilan bog‘liq muammoli vaziyatlarni, shu jumladan moddalarning o‘zaro ta‘siridan kelib chiqadigan xavfli vaziyatlarni oldini olish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Iqtisodiy rivojlanishni rag’batlantirish, zamonaviy ta’lim va texnologik resurslardan foydalanishni ta’minlashga qaratilgan shu va boshqa takliflarning amalga oshirilishi shahar hayotini ijobiy tomonga o’zgarishtirishi kutilmoqda.