Bir necha kun davomida Sayxunobod tumani ahli hayotini, turmush ko‘nikmalarini o‘rgangan mutaxassis, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Mamasoatovich Abduqodirov bilan suhbat.
— Abdulla Mamasoatovich, yaqinda internet saytida chop etilgan maqolangizda hududiy xususiyatlarni makroiqtisodiy va strategik rejalashtirishda hisobga olish zaruriyatini asoslab bergansiz. Lekin, tumanlar kesimiga kelsak, u yerda qanday tashkiliy va moliyaviy imkoniyatlar bor-ki, ulardan foydalanish mumkin?
— Bugungi kunda tumanlar hokimligi “hokim yordamchilari” degan institut bilan mustahqamlangan bo‘lib, ular har bir mahallaga alohida biriktirilgan. Bu institut o‘tgan vaqt davomida o‘zining kerakligini va o‘z vaqtida tuzilganini to‘la isbotladi. Aynan shu yordamchilar tufayli boshlovchi tadbirkorlar davlat bilan o‘z munosabatlarini to‘la ishonch asosida olib borishlari mumkinligiga ishondilar. Bugungi kunda hokim yordamchilari tadbirkorlarga ishni qanday tashkil qilish, bozorlarni qanday topish, aylanma mablag‘lari uchun qanday kredit resurslarini jalb qilish kabi o‘ta muhim va ahamiyatli masalalarda yordam beruvchi eng muhim bo‘g‘in bo‘lib qolmoqda.
Ilgari bu ishlar davlat banklari va ularning xodimlariga topshirilar edi, lekin bu banklarga xos faoliyat emas va manfaatlar ziddiyati yuzaga kelayotgan edi.
Hokim yordamchilari mahalla yettiligining tarkibiy qismi. Yaʼni tashkiliy va inson resurslari jihatidan mahalliy boshqaruv organlarida yetarli imkoniyatlar bor-ki, ular tufayli har bir hududdagi mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari, har bir yordamga muhtoj oilaning, xonadonning iqtisodiy ahvoli haqida to‘la obyektiv maʼlumotlar mavjud.
Keyingi muhim masala iqtisodiy imkoniyatlar va mahalliy aholining o‘zining pozitiv o‘zgarishlarga nisbatan shiddatini uyg‘otish.
Bu borada ham keyingi yillarda ko‘p ishlar qilindi va moddiy quvvatlash 2 yo‘nalishda bo‘ldi – banklar va davlat byudjeti tomonidan. Davlat mahalliy tadbirkorlik harakatini uyg‘otib, uni rivojlantirishga ko‘p stimullar, liftlar yaratdi. “Har bir oila tadbirkor”, “Yosh tadbirkor”, “Tadbirkor ayol” dasturlari asosida yuz minglab oila va yosh tadbirkorlarga dastlabki tijorat faoliyati uchun 2022 yilgacha 10 dan ortiq banklar, undan keyin esa “Xalq banki”, “Agrobank” va “Mikrokreditbank” tomonidan juda ko‘plab kredit mablag‘lari ajratildi. To‘g‘ri, baʼzi hollarda berilgan mablag‘lar maqsadga muvofiq ishlatilmay, ularning qaytishi murakkablashgan. Lekin umumiy tadbirkorlik harakatining qishloq hududlarida ko‘tarilishi va xalqning umumiy daromadlari oshishiga bu dasturlar sezilarli hissa qo‘shayotgani shubhasiz. Asosiy maqsad esa aynan shu edi.
Open Budget tizimi doirasida va boshqa manbalardan mahalliy hokimiyatlar ixtiyorida qoldiriladigan mablag‘lar hajmi ortib bormoqda. Bu ham mahalliy hokimiyatning iqtisodiy imkoniyatlari darajasini ko‘tarmoqda.
— Keyingi vaqtlarda Sayxunobod tajribasi haqida ko‘p gapirilmoqda. Bu tajribaning asli mohiyati nimada?
Sayxunobod cho‘l zonasi bo‘lib, asosiy logistika yo‘llaridan chetda qolgan. U yerlar Sovet davrida cho‘lni o‘zlashtirish dasturlari asosida o‘zlashtirilgan va qishloq xo‘jaligi yerlari aylanmasi, yaʼni balansiga kiritilgan. Tabiiy-ki, ko‘pgina cho‘l zonasidagi aholi kabi, u yerdagi aholi ham ko‘proq chorvachilik bilan shug‘ullanib, tirikchilik qilgan, lekin bu aynan “tirikchilik” bo‘lgan, yaʼni buni orqasidan har bir oila o‘z ehtiyojlari arang yetadigan ozuqa topgan va minimal darajada daromad ko‘rgan. Yillar davomida aholi sonining o‘sishi tufayli bu yerlarda kishi boshiga daromad miqdori qisqarib, aholining turmush darajasi tushib boravergan. Sir emas-ki, har bir xududning iqtisodiy-ijtimoiy o‘sishi u yerdagi ishlab chiqarish kuchlarining soni va sifatiga, hamda turli savdo yo‘nalishlariga yaqin-uzoqligiga bog‘liq.
Shuning uchun Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Sirdaryoda iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha hozirgi sharoiti o‘rtachadan past, lekin ichki imkoniyatlari katta bo‘lgan bir xudud tanlab olinib, u yerda naʼmunaviy tajriba sifatida mahalliy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha maʼlum maʼnoda eksperiment – tashabbus taklif qilindi. Bu tashabbusning mohiyati quyidagilarda jamlangan.
Jumladan, tomorqa va yordamchi xo‘jalikdagi yer resurslarini tadbirkorlikning eng birinchi tayanchi va daromadning manbai deb qaralishi. Yaʼni dehqon va fermerchilik harakatining davomiy mantig‘i sifatida, iqtisodiyotga tomorqa va yordamchi xo‘jalikning yer resurslarini jalb qilish tashabbusi kerak.
Tomorqa va yordamchi xo‘jalikdagi faoliyat turlarini diversifikatsiya qilish, yaʼni chorvachilikni dehqonchilik, bog‘dorchilik, asalarichilik, baliqchilik imkoniyatlarini rivojlantirish bilan to‘ldirish, o‘zini yaxshi ko‘rsatgan issiqxonalar va plenka ortida parvarishlar uslublari asosida turli sohalarda o‘z kasbi ustasi bo‘lgan kishilarning ilg‘or tajribasini yosh boshlovchi tadbirkorlar orasida tarqatish, ustoz-shogird harakatini rag‘batlantirish lozim.
Tadbirkorlikka qo‘l uraman degan har qanday mahalliy tashabbusni davlat banklari kreditlari va mahsulotni qisqa muddatda saqlash imkoniyatlari (qoqi qilish va muzlatkich uskunalari) va sotib berishga ko‘maklashuvchi institutlar orqali rag‘batlantirish muhim.
Turli sabablar tadbirkorlikni keng ko‘lamda olib bora olmaydigan oilalarga mahalliy hokimiyat rezervlari yordamida minimal daromad manbaisini yaratish (mol, qo‘y, tovuq yoki hovlisila kichiqk bir issiqxona qurilishida yordam berish) shuningdek, markazlashtirilgan va viloyatning rezervlai yordamida mahallalarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, ayniqsa, yo‘llar va mahallalar xududini energiya bilan taʼminlash, yerlarning umumiy meliorativ holatini quvvatlash tizimini yaxshilash kerak.
Aynan shu ishlar Prezidentimiz tashabbusi bilan Sayxunobod tumanida amalga oshirilib kelminmoqda va bu tajriba bora-bora boshqa hududlarga ham keng tarqatiladi.
— Nega aynan Sayxunobod?
— Bu savolga yuqorida qisman javob berdim. Qo‘shimcha qilib shuni aytish mumkin-ki, davlat rahbari hududni tanlashda bir nechta mezonni o‘rtaga tashlagan edilar: bugungi kunda iqtisodiy jihatdan nisbatan ortda, lekin ichki potensiali yuqori hudud; aholisi nisbatan zich va kompakt yashaydigan hudud (yaʼni ishlab chiqarish kuchlari yetarli); qaysidir sabablar tufayli aholi orasida tadbirkorlik ruhi keng tarqalmagan. Eng muhim mezonlardan biri – ozgina davlat tomonidan turtki berilgan taqdirda ichki imkoniyatlarni keng rivojlantirish potensiali mavjudligi edi.
Umuman Sirdaryo viloyati aholisiga kelsak, jumladan, Sayxunobodga, u yerlardagi aholining aksariyati Farg‘ona vodiysi va Surxondaryo, Qashqadaryo vohalaridan ko‘chirib kelingan. Yaʼni aholi bir-birini bir necha avlodlar davomida uzoq yillardan beri yaxshi tanimaydi, davlat tomonidan beriladigan turli ko‘rsatmalarga amal qilib o‘rganib qolgan, asosiy boyligi shu davlat tomonidan ajratib berilgan xususiy tomorqa (cho‘l bo‘lgani uchun bu yerda davlat yer ajratish jarayonida juda “Xotamtoy”lik qilgan. Ko‘p hollarda 3 ta xonadonning yeri 1 ga maydonni tashkil qiladi). Oqibatda Farg‘ona yoki Surxondaryo vohalariga o‘xshab mustaqil dehqonchilik amaliyotlari, ko‘nikmalari keng rivojlanmagan. Ko‘p joylarda yer zahligi yuqori va yer osti suvlari satxi yaqinligi tufayli (Sirdaryoning qadimgi o‘zanlari taʼsiri) ko‘pchilik beda ekib, faqat o‘troq chorva bilan shug‘ullangan. Yillar o‘tib baʼzi oilalar uchun bu yagona daromad manbai bo‘lib qolgan.
Bir vaqtlar Sayxunobod xududida bir nechta suv yig‘uvchi kollektorlar mavjud bo‘lib, ular ko‘p yillar davomida qarovsiz qolib, o‘z funksiyasini bajarmay qo‘ygan. Natijada yerlarning zahligi kuchayib, yer osti suvlari yana-da ko‘tarila boshlagan, baʼzi yerlarda tuz konsentratsiyasi oshgan.
Aynan ana shu tajriba davomida viloyat hokimligi tashabbusi bilan turli kollektorlar tozalanayapti va ularning faoliyati (jumladan, “Ittifoq” mahallasi xududida) qayta tiklanayapti.
Aminman-ki, Sayxunobod ahli bugungi kunda bo‘layotgan o‘zgarishlarni kuzatib, shu jarayonlarda bevosita qatnashib, davlatchiligimiz rivojiga bo‘lgan umidi va ishonchi tobora ortib bormoqda.
— Aynan shu masalani so‘ramoqchi edim. Siz bir necha kunlar u yerlarda bo‘ldingiz, aholi va hokimiyat vakillari bilan uchrashdingiz. Nimalarni kuzatdingiz? Qanday o‘zgarishlarni o‘zingiz uchun qayd etdingiz?
— Eng katta muammo davlat tomonidan mobilizatsiya qilinayotgan tashkiliy va pul mablag‘larida ham emas ekan.
Asosiy muammo – bu xalqni o‘z kuchiga va imkoniyatlariga ishontirib, sal bo‘lsada tadbirkorlik tavakkali ko‘nikmalariga o‘rgatish ekan. Azali-obod xususiy mulk taʼqiqida va butunlay davlat himoyasi va yo‘rig‘ida yashagan xalqda o‘z taqdirini o‘zi qo‘liga olishi mumkinligi, oilasi uchun daromadlarni o‘zi yaratishi mumkinligini singdirish eng og‘ir masala. 30 yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa ham, bu fursat ko‘p hollarda insoniyatdagi ruhiy ko‘nikmalarni o‘zgartirish uchun yetarli emas ekan. Shaharlarda bu muammo deyarli yo‘q. Qishloqda esa odamlar yerga butunlay bog‘lanib qolgan va uni o‘zining eng katta tayanchi deb biladi. Lekin qizig‘i shunda-ki, yerdagi insonlar ana shu yerdan foydalanish masalasida o‘ta konservativ bo‘ladi. Ota-bobosi bu yerdan qanday foydalangan bo‘lsa, u ham aynan shu izdan boradi va yangi imkoniyatlarni izlashga urinmaydi. Masalan, agar maʼlum bir xududda aksariyat aholi maʼlum obyektiv sabablarga ko‘ra (yer zax, yoki yaylovlar yaqin) chorva bilan shug‘ullanib o‘rganib qolgan bo‘lsa, ularni dehqonchilikka o‘rgatish, muhimi shu tavakkalni qabul qilishga ko‘ndirish juda qiyin masala!
Yana bir bor amin bo‘ldim-ki, mamlakat rivoji uchun tabiiy yoki moddiy boyliklar mavjudligi eng katta faktor emas ekan. Odamlarning ruhiyati va ularning o‘z taqdirini o‘zi hal qila olishiga ishonchi – eng katta omil ekan.
Men Sayxunobodda “Ittifoq”, “Nurobod”, “Mustaqillik”, “Gulbuloq” mahallalariga shaxsan bordim, xonadonlarga kirib, ularning egalari bilan Prezident tashrifi arafasida va undan keyin ham suhbat qildim.
Sezgan narsam – odamlarda ko‘tarinki ruh, ko‘zlarida bir qatʼiylik va lablarida tabassum. Qishloq aholisi hukumatning eʼtiborini ko‘rib “taltay”magan. Ular bunchalik eʼtiborni ko‘rib, juda mag‘rurlanayapti va muhimi, shu eʼtiborga loyiq harakat va natija ko‘rsatishga bel bog‘lagan. Natija-ki, xo‘jako‘rsinga yoki katta gaplar shaklida emas, oddiygina, o‘zlarining turmush sharoitini yaxshilash va tomorqalaridan keladigan daromadlarini oshirish maqsadida. Yoshu qari bilan gaplashsang, ko‘zida tabassum va qatʼiylik bilan gapirgan gaplarining umumiy maʼnosi shu-ki, “Eʼtibor va yordam uchun rahmat. Biz biroz qimtanib turgan masalalarga turtki va amaliy yordam berildi. Endi gap o‘zimizda!”
Albatta, hokimiyat va bank vakillari uchun ham tashvish ancha ko‘paydi. Mahallalar ichiga kirib, har bir xonadon bilan gaplashib, ularning ehtiyoji va imkoniyatini o‘rganish uchun oz vaqt va diqqat talab qilinmaydi. Lekin har biri o‘sha xalqning farzandi va qilayotgan ishi qo‘shnisi, do‘sti va qolaversa, uzoq qarindoshining manfaati uchun bo‘layotganini yaxshi tushunadi, bundan hatto faxrlanadi ham.
Menimcha, aynan ana shu o‘zgarish, yaʼni xalqning ko‘zidagi ishonch va dadillik Prezident tashrifidan keyingi eng katta o‘zgarish.
— Shu tashriflar davomida nimalar Sizni tashvishga soldi?
— Meni tashvishga solgan narsa bu masʼuliyatlar taqsimotida yo‘lga qo‘yilayotgan kamchiliklar. Eng katta muammolardan birini tadbirkor va banklar o‘rtasidagi munosabatlarda ko‘raman. Ko‘p hollarda biz yana o‘sha eski amaliyotga, bank xodimlariga xos bo‘lmagan funksiyalarni bajarishga majburlayapmiz. Biznes g‘oyasini ishlab chiqish, biznesni boshlashga kerak bo‘lgan vositalar, jumladan, moddiy resurslar hajmini hisoblab chiqish bank va uning xodimlarining ishi emas. Buni o‘sha ishini boshlayotgan tadbirkor hokim yordamchisi amaliy ko‘magi bilan birga ishlab chiqishi va bankka murojaat qilishi kerak.
Ikkinchi tomondan, banklarda ham katta tavakkallar (risklar) mavjud. Ular ilgari kredit olib, uni qaytarmay, “qora ro‘yxatga” tushgan tadbirkorlar bilan ilgarigidek ishonchli hamkorlikni yurita olmaydi, kredit resurslarini ham avtomatlashgan tizim talablari tufayli ajrata olmaydi.
Uchinchi masala shunda-ki, Sayxunobodda bugungi kunda faqatgina “Xalq banki” va “Agrobank” mahalliy tadbirkorlarga “Har bir oila tadbirkor” dasturi asosida mikrokreditlar ajrata oladi. Lekin, birgina kichik hajmliissiqxonalar va bog‘dorchilik uchun ekinlar sotib olishga 33 mln so‘mdan 2000 tadbirkorga kredit ajratiladigan bo‘lsa ham, kamida 66 mlrd so‘mlik, 7 yil muddatga beriladigan naqd mablag‘ kerak. Bu har qanday tumandagi kichik bir bank filiali uchun juda katta mablag‘.
Agar har bir mijozga kamida 4 soat vaqt ajratilgan taqdirda ham, 2000 ta kreditni rasmiylashtirish uchun 20 ta bank xodimining 50 kunlik mehnati kerak bo‘ladi. Yaʼni bugungi kunda Sayxunobodda zudlik bilan Mikrokreditbank filiali ochilmasa, birgina “Xalq banki” va “Agrobank” imkoniyatlari bilan shunday keng qamrovli masalalarni yechib bo‘lmaydi.
Ikkinchi bir katta masala: bugungi kundagi tashabbuskor va ko‘tarinki ruh mavjudligi sharoitida mavjud ehtiyoj va imkoniyatlarga to‘g‘ri baho berish ham oson emas. Bugungi sharoitda bajarilishi oson tuyilgan, lekin amaliyotda keragi bo‘lmagan ishlarni rejalashtirish xavfi bor. Masalan, kichik hajmli issiqxonalar, tovuqxonalar va bog‘larni sonini rejalashtirishda umumiy xonadonlar soni emas, xaqiqiy qiziqish bildirgan va amalda ehtiyoji bo‘lgan xonadonlar sonidan kelib chiqish maʼqul.
Uchunchi bir katta bloklik masala: yo‘l, energetika va qishloq xo‘jaligi infrastrukturasini yaratishda markaz va viloyat imkoniyatlarini uyg‘unlashtirish. Masalan, melioratsiya talablari bo‘yicha katta-katta zovurlarni tozalash va ularning faoliyatini tiklash, mahallalar ichidagi yo‘llarni tiklash muntazam va ko‘p yillik eʼtiborni talab qiladi. Demak-ki, viloyat va markazdan byudjet mablag‘larini, ishlab chiqarish resurslarini taqsimlashda alohida aniqlik kerak.
Aminman-ki, viloyat rahbariyati bu muammolarni juda yaxshi his qiladi va tegishli ishlarni sobitqadamlik bilan amalga oshiradi.
Suhbat uchun tashakkur.
O‘zA muxbiri suhbatlashdi.